SportUz.Net

Debyutdan chempionlik jangigacha: Xamzat CHimaevning UFC’dagi besh yili qanday o'tdi?

14.08.2025 20:00    


Rasmni yuklab olish

2020 yilning yozi: bo'sh arenalar, shovqinsiz janglar, dunyoda kovid avj olgan... Va shu payt ekranda soqoli qop-qora, atrofdagilarga qandaydir adovati bordek yigit paydo bo'ldi.

O'n kun o'tib u yana chiqadi — va navbatdagi raqibini yo'q qiladi.

UFC yangi jangchini emas, balki yangi kuchni qo'lga kiritdi. Bu portlash vazn toifalari va scenariylarga sig'masdi. Undan qo'rqishardi, uning uchun duo qilishardi, tushunishga harakat qilishardi — lekin u chegara va vaznlarni tan olmasdan faqat oldinga intiladi.

Yaqinda Xamzat CHimaevning UFC’dagi debyutiga besh yil to'ldi. Endi esa u birinchi chempionlik jangida ishtirok etish arafasida — raqibi o'rta vazn chempioni Drikus dyu Plessi.

Bu besh yilda nimalar bo'ldi? Va nima uchun, jang natijasidan qati nazar, CHimaev barchaning yodida qoladi? 


Ilk chiqish: odamlar orasidagi bo'ri

2020 yil 15 iyul. Abu-Dabidagi “Jangchilar oroli”. Bo'sh arena, har bir nafas eshitiladi. Ekranda — kelib chiqishi chechen bo'lgan shved yarim o'rta vazn jangchisi. Ismi? Hech kim eslab qolmadi. Aytilishi? Qiyin. Taxminlar? Yo'q.

Uch daqiqadan so'ng esa uelslik Jon Fillipsga kislorod etishmay qoladi. Sakkiz daqiqadan so'ng esa taslim bo'ladi.

O'n kundan so'ng irlandiyalik Ris Makki ham taslim bo'ladi. UFC tarixida hech kim o'n kunda ikki marta g'alaba qozonmagan edi. Ilgari rekord CHeyz Skelliga tegishli bo'lib, u 13 kunda ikkita g'alabaga erishgan.

CHimaev UFC’ga tabiiy ofatdek kirib keldi. Ortiqcha so'zsiz, "razvedka"siz. Oktagonga go'yo boshqa ishlari bor, shoshilinch kelgandek kirib, ishlarini tugatib, ketadi. Raqibni erga uradi, bosadi, bo'g'adi. Deyarli zarba o'tkazmaydi. Ikki jangda 192 zarba bergan bo'lsa, ikki marotaba o'tkazib yuborgan.

U buzilgan ingliz tilida hammaga tushunarli bo'lgan so'zlarni aytardi: “I come to smash everybody” (“Men hammani maydalash uchun keldim”). Bu ibora uning shioriga aylandi. Lekin bu faqat maqtanchoqlik emasdi — bu reja, uslub va tamoyil edi. U jangni bir tomonlama zo'ravonlikka aylantirardi.

Navbatdagi "qurbon” — Jerald Mirshert ham atigi 17 soniyada engildi. 66 kunda uch g'alaba — UFC tarixida bundan oldin hech kim bunday qilmagan. Uch jangda uchta rekord.

CHimaev tezda qiziqarli figuraga aylandi: kimdir uchun u yangi Xabib, kimdir uchun tajovuzkor hukmdor, kimdir uchun sportning oxiri va butunlay boshqa narsaning boshlanishi. Lekin u ularning hech biri emasdi. U shunchaki odamlar orasidagi bo'ri edi — niqobsiz, ikkilanishsiz, mag'lubiyatsiz.


Jangchi va sirli shaxs

Xamzat CHechenistonda tug'ilgan, SHveciyada o'sgan, kurashchiday gapiradi, jinnidek uradi va taqvodordek ibodat qiladi. U hech qanday madaniy qolipga sig'maydigan obrazga aylandi. SHuning uchun ham u yangi to'lqinning ramzi bo'ldi.

Xabib ketgach, "manaviy etakchilik taxti" bo'sh qoldi. UFC’ga musulmon dunyosidagi yangi qahramon kerak edi — kuchli shaxsiyat, lekin boshqacha uslubda. CHimaev nasihat qilmasdi, “Alloh” so'zini har ikkinchi jumlada aytmasdi. U faqat chiqardi va "yirtib tashlardi".

Uning nutqi oddiy, talaffuzi qiyinroq, qarashi sovuq. Faqat niyat bor edi. Hech qanday “yaqinda qaytaman”, “UFC’ga rahmat” yo'q. Faqat: “Men hammani o'ldiraman. Menga bir kechada uchta raqib bering”.

U Xabibga o'xshamasdi — na xarakteri, na harakatlari. Xabibda — intizom, CHimaevda — instinkt. Xabibda — nazorat, Xamzatda — vayron qilish. Lekin uning obrazi media jihatdan ham kuchliroq chiqdi. U ko'cha jangchisiga o'xshardi, g'azabli jangchiday ibodat qilardi va rahbardek gapirardi. Uning jangsiz chiqishlari ham o'zgacha voqeliklarga aylanib ketardi.

UFC ham shuni his qildi: CHimaevni alohida reklama qilish shart emas — u o'zi shu ishni qila oladi. Nigohlar to'qnashuvi yoki matbuot anjumanidagi bir gap — va barchasi o'zi yurib ketadi.

Og'ir sinovlar va qaytish

Barchasi tezda tugab qolishi ham mumkin edi.

2020 yil oxirida, cho'qqiga ko'tarilgan paytda CHimaev yo'q bo'lib qoldi. Avvaliga — jarohatlar, keyin — koronavirus haqida xabarlar. Keyinchalik qonli yo'talishi va mashg'ulotni tugata olmagan holatlar bo'lgani malum bo'ldi. Bir kuni Instagram’da shunday yozdi: “Menimcha, faoliyatim tugadi. Alloh sog'lig'imni oldi — men buni qabul qilaman”.

U yosh, mag'lubiyatsiz va yovvoyi bo'lsa ham, bir paytning o'zida sukutga cho'mdi. UFC uni qutqarishga harakat qildi, Las-Vegasda davolashdi, SHveciyaga olib borishdi. Savol esa ochiq qoldi: barchaga hujum qilgan “mashina” qaytadan odam sifatida qaytishi mumkinmi?

2021 yil oktyabrida u qaytdi — Li Czinlyanga qarshi. Bu jangni jang deb ham bo'lmaydi. Xamzat raqibini butun oktagon bo'ylab ko'tarib yurib, Dana Uaytning oyog'i ostiga tashladi va uch daqiqada bo'g'ib taslim qildi. Tashkilotdagilarning ko'ngli xotirjam bo'ldi. Bo'ri tirik edi.

Navbatdagi qadam - "qoplar"ga qarshi jang emasdi. 2022 yil aprelida o'tkazilgan UFC 273 turnirida CHimaev Gilbert Byornsga qarshi chiqdi. Bu raqib unga teng darajada jang qila oladigan haqiqiy yovvoyi edi. Bu safar CHimaev birinchi marta to'liq ustunlik qila olmadi — u haqiqiy kurash olib bordi. Yuzdan zarba o'tkazib yubordi, rejani yo'qotdi, charchadi. Og'zidan qon keldi. Sekundantlarga qo'pol munosabatda bo'ldi.

Lekin shu to'polonda ham ochiq jang qilishdan chekinmadi, hakamlar qarori bilan g'alaba qozondi. U faqat yo'q qilib tashlovchi emas, balki chidamli jangchi ekanligi ham ko'ringandi.


CHempionlik yo'li

CHimaev 77 va 84 kg orasida jang qiladi — ikki vazn orasida qolgan. Ikkala vazn ham unga to'liq tegishli emas. UFC uni qaerga joylashni bilmasdi, lekin u kamar xohlardi.

Neyt Diasga qarshi jang oldidan vazn qila olmagani uning obro'siga putur etkazdi. Kevin Xollandni ikki daqiqada bo'g'ib engdi, lekin savollar qoldi.

2023 yil oktyabrida P4P sobiq qiroli, sobiq chempion Kamaru Usmanni hakamlar qarori bilan engdi. Lekin besh raundlik jang bo'lganida natija boshqacha bo'lishi mumkinligi haqida gaplar bo'ldi.

Oradan bir yil o'tib Robert Uittakerni birinchi raundda raqibini engdi — unga chuqur jarohat etkazdi, Robert hatto tishlarini implant bilan almashtirishga to'g'ri keldi.


Kamar uchun so'nggi qadam

Besh yillik bosib o'tilgan yo'ldan so'ng Xamzat CHimaev birinchi marta kamar uchun jang qiladi — Drikus dyu Plessiga qarshi. Bu nafaqat sport, balki ramziy to'qnashuv: chidamli, raqibini sindirib tashlaydigan Afrika qahramoni va musulmon, agressiya va yuqori ishonchga ega bo'lgan Kavkaz bo'risi.

Dyu Plessi — chidamli, taktik va raqibni jarohatlashga usta. Xamzat — tezkor hujumchi, murosasiz kurashchi va agressiv raqib.

Xamzat uchun g'alaba - nafaqat kamar, balki o'zini butun dunyoga tanitish imkonini beradi. Oddiy joydan kelib, qirolga aylanadi. Mag'lubiyat esa - yakun emas, yangi dars bo'ladi va undagi olovni yanada alangalatadi. 

Xamzat CHimaev — oddiy jangchi emas. U bir avlod uchun ramz. Kavkaz, Evropa va Yaqin SHarqdan chiqqan minglab yosh jangchilar uchun u orzu va erkinlik ramzi.

17 avgust kuni CHikagoda o'tkaziladigan jangdan so'ng kamar olmasligi ham mumkin, lekin u allaqachon UFC qoidalarini o'zgartirdi. Keyingilar uchun yo'l ochdi va sportni ichidan o'zgartira oldi.


sports.ru sayti asosida tayyorlandi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: