Bu safargi urinish ham ikkinchi o'rta vazn (76,2 kg) toifasida mutlaq jahon chempionlik kamari uchun kechdi. Meksikalik 34 yoshli chempion faoliyatida ilk bor SHimoliy Amerika qitasidan tashqarida jang o'tkazdi. Kaneloga kubalik 32 yoshli Uilyam Skull (23-1, 9 KO) raqiblik qildi.
O'n ikki raund to'liq davom etgan chempionlik jangida Kanelo hakamlarning yakdil qarori bilan 115-113, 116-112, 119-109 hisobida g'alaba qozondi. Bu bilan u WBA, WBC va WBO chempionlik kamarlarini himoya qilish barobarida Skullga tegishli bo'lib turgan IBF kamarini ham tortib oldi hamda faoliyatida ikkinchi bor mutlaq jahon chempioniga aylandi.
Etiborga molik jihati shundaki, Kanelo qatorasiga oltinchi bor to'liq jang o'tkazdi. U so'nggi bor 2021 yilda muddatidan avval g'alaba qozongan edi. Meksikalik afsona hisobida 63 g'alaba, 2 mag'lubiyat va 2 durang bor.
Malumot uchun, Kanelo 2021 yilning noyabrida ilk bor mutlaq jahon chempioni bo'lgandi. O'shandan keyin u to'rt bor kamarlarini himoya qildi. O'tgan yilning iyul oyida Saul IBF kamarini majburiy himoya qilishdan bosh tortib, nisbatan ko'proq pul keltiradigan Edgar Berlanga bilan jangni afzal bilgandi. Natijada Skull vakant qolgan chempionlik kamarini rossiyalik Vladimir SHishkinni mag'lub etib, qo'lga kiritgandi.