SportUz.Net
iks
ads

Misfits Boxing Toni Fergyusonning jangini tasdiqladi + POSTER

20.11.2025 08:51    


Rasmni yuklab olish

Avgust oyida o'rta vazn toifasida Misfits Boxing vaqtinchalik chempioniga aylangan aralash yakkakurashlar faxriysi Toni Fergyuson kamar himoyasiga qaytmoqda.

Amerikalik sobiq UFC jangchisi 20 dekabr kuni BAAning Dubay shahrida tashkil etiladigan turnirda o'z kamarini himoya qiladi. Tonining raqibi britaniyalik Uorren Spenser bo'ladi.

41 yoshli Toni Fergyuson avgust oyida "Misfits Boxing" ligasi vaqtinchalik chempionlik kamari uchun kechgan jangda bloger Nataniel "Solt Papi" Bustamanteni uchinchi raundda texnik nokautga uchratib, boksdagi debyutini muvaffaqiyatli o'tkazgandi. O'sha jang amerikalikning o'tgan yilning yozida UFC’ni tark etganidan keyingi ilk chiqishi bo'lgandi.

32 yoshli Uorren Spenser yakkakurashga kirib kelgan blogerdir. Uning ko'rgazmali janglardagi rekordi bitta g'alaba va ikkita mag'lubiyatdan iborat. Professional boksda bitta g'alabaga erishgan. U avgust oyida Dillon Denisga qarshi MMA jangiga chiqqani va 15 soniyadan so'ng gilotinaga tushib, taslim bo'lgan.

Avvalroq Toni "El Kukuya" Fergyusonning navbatdagi raqibi o'rta vazn toifasida amaldagi Misfits Boxing chempioni, ijtimoiy tarmoqda "AnEsonGib" nomi bilan tanilgan Ali Al-Faxri bo'lishi, jang birlashtiruvchi maqomda o'tkazilishi taxmin qilingan edi, ammo Liga bu rejani amalga oshira olmadi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: