Insayder Jalol Ahmedovning Xalqaro test agentligiga asoslanib malum qilishicha, shu yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari o'tkazilgan doping nazorati chog'ida o'zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonovdan olingan namunada metasteron moddasi - anabolik-androgenik steroid aniqlangan.
Unga vaqtincha chetlatilish jazosi qo'llanilgan. Sportchi bunga qarshi shikoyat kiritish va uni bekor qilishni so'rash huquqiga ega deyiladi Boxer TV kanalida.
Bokschining murabbiyi Alisher To'ychiev SportUz.Net jurnalisti Aziz To'xtamurodov suhbatda buni tasdiqladi va vaziyatga izoh berdi:
"Bu xabarlar rost. Lekin aprel oyida topshirilgan tahlilimiz ham "toza" chiqqandi. Iyun oyidagi tahlilda bu chiqib keldi. Noyabr oyida Lazizbek soch ektirish muolajasini qilgan va o'sha payt modda uning organizmiga tushgan. U qanday dorilar qabul qilgani haqida barcha malumotlarni tegishli joylarga etkazib berganmiz", - dedi Alisher To'ychiev.