Oqshom doirasidagi qiziqarli janglardan biri yarim o'rta vazn toifasida o'tkazilib, unda rossiyalik 32 yoshli Sergey Lipinec amerikalik Jeyner Ennisga qarshi ringga ko'tarildi. Kutilmaganda sobiq IBF chempioni hisoblangan Lipinec jangning oltinchi raundida Ennisga nokaut bilan yutqazdi. U to'rtinchi raundda nokdaun holatiga ham tushib qolgandi.
SHu tariqa, Sergey Lipinec faoliyatidagi ikkinchi mag'lubiyatini qarshi oldi. Uning hisobida 16 (12 nokaut) g'alaba bor. Ennis esa g'alabalari sonini 26 taga etkazib oldi. Janglarning 24 tasida raqiblarini muddatidan avval mag'lub etgan.
Eslatib o'tamiz, 2020 yilning oktyabr oyida o'tkazilgan Lipinec hamda kanadalik 33 yoshli Kastio Kleyton (18-0, 12 KO) o'rtasidagi jangda durang natija qayd etilgandi. O'sha jang g'olibi vaqtinchalik IBF chempionini aniqlab berishi kerak edi. Aslida o'sha jangda hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov Sergey Lipinecga qarshi ringga ko'tarilishi lozim edi, ammo viza muammosi sabab charm qo'lqop ustamiz AQSHga belgilangan vaqtda etib bora olmagandi.
Ramazon Temirovning vaznidagi qozog'istonlik UFC jangchisi markaziy jangda oktagonga chiqadi