Superliga 18-turidan o‘rin olgan «Qizilqum» - «Olimpik» o‘yini (2:1)da ko‘pchilik nazaridan chetda qolgan alohida statistik ko‘rsatkich qayd etildi.
Uchrashuvning 49-daqiqasida olimpiyachilar darvozasini nishonga olgan faxriy hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov joriy chempionatdagi gollari sonini 11taga yetkazish qo‘yish asnosida YUZLIK marraga yetdi! Demak, qo‘yida Temurxo‘janing O‘zbekiston chempionati tarixida to‘plagan 100ta goli xronikasiga nazar solamiz.
Temurxo‘ja Abduxoliqov ilk marta 2008 yili «Bunyodkor» o‘rinbosarlar jamoasi safida nazarga tushdi. U «qaldirg‘ochlar» tizimida 3 yil o‘z mahoratini oshirish barobarida yoshlar jamoasi uchun 17ta gol urdi. Bu orada yosh hujumchi to‘purarlik qobiliyati bilan «Paxtakor» murabbiylari e’tiborini o‘ziga tortdi. Shu tariqa Temurxo‘ja «sherlar» safiga qo‘shilib, 2011 yilning 5 mart kuni asosiy jamoada debyutini nishonladi va «Qizilqum»ga qarshi kechgan uchrashuvning 88-daqiqasida milliy chempionat elit ligasidagi gollari hisobini ochdi. O‘shanda Abduxoliqov goldan keyin o‘z o‘rnini yana bir debyutant - Igor Sergeevga bo‘shatib bergandi. Umuman, Temurxo‘ja «Paxtakor» safida 3 mavsum to‘p surib, chempionat bahslarining o‘zida 22ta gol yig‘di. Hujumchi shundan so‘ng yevrofutbolga yuzlanib, deyarli 1 yil Xorvatiyaning «Xayduk» klubi sharafini himoya qildi. 2015 yilgi mavsumda O‘zbekistonga qaytgan Abduxoliqov «Lokomotiv» libosini kiydi va «temiryo‘lchilar» tarkibida muvaffaqiyatli o‘ynab, o‘z hisobiga yana 30ta gol yozdirib qo‘ydi.
Iqtidorli goleador 2007 yili yana bir bora xorijga chiqdi - bu safar Qatarning «Al-Sayliya» klubi bilan shartnoma tuzgan Temurxo‘ja Yulduzlar ligasida bir mavsum davomida binoyidek taassurot qoldirdi. Lekin 2018 yili «Lokomotiv»ga qaytdi. Abduxoliqovning «temiryo‘lchilar» safidagi ikkinchi davri ham chakki bo‘lmadi - 4 yilda chempionat bahslarida 37ta gol. Mana, u joriy yil «Qizilqum» libosini kiydi va 18-turda 11-golini nishonlab, 100talik dovonga yetdi.
Endi Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan urilgan 100ta golning umumiy kartinasiga birrov nazar solamiz:
* «Olimpik» Temurxo‘ja Abduxoliqovdan gol qabul qilgan 21- jamoa bo‘ldi. Oddiy aytganda, hujumchi 100ta gol marrasiga qadar chempionatda aynan 21ta klub darvozasini nishonga oldi.
* Temurxo‘ja Abduxoliqovdan eng ko‘p jabr chekkan klublar - «Mash’al» va «Bunyodkor». Hujumchi har ikkisi darvozabonlarini 9 martadan ranjitgan. U shuningdek, «Andijon», «Neftchi» va «Buxoro»ga 8tadan gol «tortiq» etgan.
* Temurxo‘ja Abduxoliqov 100ta goldan 43tasini birinchi bo‘lim, qolgan 57tasini tanaffusdan keyin rasmiylashtirdi.
* Temurxo‘ja Abduxoliqov zarbalaridan keyin 57 nafar golkiper o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Hujumchi jumladan, Serbiya, Moldova, Gruziya, Rossiya va Ukrainadan kelgan 9 nafar legionerni ojiz qoldirdi. Temurxo‘janing aniq zarbalari oldida eng ko‘p ojiz qolgan darvozabon - bu Aleksandr Korneychuk (5ta gol). Botir Nosirov, Zafar Safoyev va Andrey Melnichuk «zimma»sida Abduxoliqovning 4tadan goli bor. O‘tkir Yusupov, Xurshid Xo‘jayev, Akbar To‘rayev, Botirali Ergashev, Suhrob Sultonov, Eldor Suyunov, Nizomiddin Ziyovuddinov, Milan Mitrovich, Shuhrat Eshbo‘tayev va Yuriy Soy esa uning oldida 3 martadan ojiz qolishgan. Temurxo‘ja yana 10 nafar kiperni 2 martadan, 33 nafarini 1 martadan ranjitgan.
* Temurxo‘ja Abduxoliqov birinchi marta 2012 yilning 5 oktyabr kuni «Neftchi»ga qarshi o‘yinda «dubl»ga erishdi. Uning hisobida jami 12ta «dubl» bor. Bu borada eng yuqori natijani 2016 yilgi mavsumda qayd etdi - 4ta «dubl».
* Temurxo‘ja Abduxoliqov 2012 yilning 21 sentyabr kuni «Andijon»ga qarshi o‘yinda ilk «xet-trik»ni rasmiylashtirdi. Umuman, u 3ta «xet-trik»ka ega.
* Temurxo‘ja Abduxoliqov penaltidan urilgan gollari hisobini 2015 yilning 12 aprel kuni «Bunyodkor» bilan bahsda ochdi. Uning 100ta golidan 14tasi penalti mahsulidir. Bundan tashqari, hujumchi 1ta penaltidan foydalanolmadi.
* Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobida 100ta gol barobarida 23ta sariq va 1ta qizil kartochka ham yig‘ildi.
* * Temurxo‘ja Abduxoliqov O‘zbekiston chempionati elit ligasida 100ta gol marrasiga yetgan 24-futbolchidir. Joriy mavsum yakuniga qadar bu ro‘yxat yanada uzayishi mumkin. Marat Bikmayev to‘purarlar klubiga 25-a’zo sifatida qo‘shilishga yaqin. U Superliga 18-turida «Lokomotiv» darvozasiga 88-golini urdi. Demak, Maratning elit guruhga qo‘shilishi uchun atigi 2ta gol kerak.
Temurxo‘ja
Abduxoliqovning 100ta goli taqsimoti
«Mash’al» - 9ta
«Bunyodkor» - 9ta
«Andijon» - 8ta
«Neftchi» - 8ta
«Buxoro» - 8ta
«Navbahor» - 7ta
«So‘g‘diyona» - 7ta
«Dinamo» - 6ta
«Nasaf» - 6ta
«Qizilqum» - 5ta
«Sho‘rtan» - 5ta
«Metallurg» - 5ta
«Qo‘qon-1912» - 5ta
«Turon» - 3ta
AGMK - 2ta
«Surxon» - 2ta
«Lokomotiv» - 1ta
«Guliston» - 1ta
«Paxtakor» - 1ta
«Obod» - 1ta
«Olimpik» - 1ta
O‘ZBEKISTON CHEMPIONATI ELIT LIGASINING ENG YAXSHI TO‘PURARLARI
O‘zbekiston milliy chempionatida hozirga qadar 24 nafar futbolchi 100ta gol marrasidan o‘zgan. Eslatma, «100ta gol» klubiga birinchi bo‘lib, 1997 yili Oleg Shaskix (Maksim Shaskixning akasi) a’zo bo‘lgandi.
1. Anvar Berdiyev («Mash’al», «Nasaf», «Bunyodkor», «Andijon, «Neftchi») - 226ta (23 mavsum) 2. Zafar Xolmurodov («Nasaf», «Mash’al», «Dinamo», «Xorazm», AGMK) - 200ta (16 mavsum)
3. Shuhrat Mirxoldirshoyev («Navbahor», «Mash’al», «Andijon», «Nasaf») - 194 (13 mavsum)
4. Baxtiyor Hamidullayev («Paxtakor», «Andijon») - 179ta (14 mavsum)
5. Ja’far Irismetov («Do‘stlik», «Dinamo», «Paxtakor», «Sho‘rtan», «Qizilqum», «Navbahor») - 174 (12 mavsum)
6. Umid Isoqov («Paxtakor», «Dinamo», «Andijon», «Nasaf», «Qizilqum», «Xorazm», «Neftchi») - 174ta (14 mavsum)
7. Ravshan Bozorov («Neftchi», «Paxtakor», «Dinamo», «Mash’al», «To‘palang») - 168ta (11 mavsum)
8. Anvar Soliyev («Navbahor», «Bunyodkor», «Nasaf», «Paxtakor») - 163ta (19 mavsum)
9. Oybek Usmonxo‘jayev («Navbahor», «Nurafshon», MHSK, «Do‘stlik», «Dinamo», «Nasaf», «Lokomotiv») - 157ta (13 mavsum)
11. Rustam Do‘rmonov («Paxtakor», «Navbahor», «Neftchi») - 132ta (10 mavsum)
12. Muxtor Qurbonov («Qo‘qon-1912», MHSK, «Navbahor», «Do‘stlik», «Paxtakor», «Neftchi», «Metallurg», «Qizilqum», «Traktor», «Sho‘rtan») - 130ta (15 mavsum)
13. No‘’mon Hasanov («Paxtakor», MHSK, «Do‘stlik», «Nasaf», «Qo‘qon-1912», «Traktor», «Sho‘rtan», «So‘g‘diyona») - 126ta (16 mavsum)
14. Server Jeparov («Navbahor», «Paxtakor», «Bunyodkor», «Lokomotiv», «Metallurg») - 113ta (13 mavsum) 15. Shahboz Erkinov («So‘g‘diyona», «Sho‘rtan», «Paxtakor», AGMK, «Navbahor», «Mash’al», «Nasaf», «Nurafshon», «Qo‘qon-1912», «Bunyodkor») - 109ta (16 mavsum)
16. Nosir Otaqo‘ziyev («Neftchi», «Navbahor», AGMK, «Nasaf», «Guliston», «Qo‘qon-1912») - 107ta (15 mavsum)
17. Ne’matulla Qutiboyev («Aral», «Neftchi», «Semurg‘», «Paxtakor», «Xorazm», «Qizilqum») - 106ta (11 mavsum) 18. Artur Gevorkyan («Sho‘rtan», «Paxtakor», «Nasaf», «Lokomotiv», «Qizilqum») - 106ta (13 mavsum)
19. Dragan Cheran («Nasaf», «Paxtakor») - 105ta (7 mavsum)
20. Oleg Shaskix («Paxtakor», «Navbahor», «Do‘stlik», «Dinamo») - 104ta (8 mavsum)
21. Vali Keldiyev («Navbahor», «Nurafshon», «Surxon», «Nasaf», «To‘palang») - 104ta (15 mavsum)
22. Igor Sergeev («Paxtakor») - 101ta (8 mavsum)
23. Zayniddin Tojiyev («Akademiya», «Paxtakor», «Sho‘rtan», «Lokomotiv», «Neftchi», «Dinamo») - 100ta (12 mavsum)
24. Temurxo‘ja Abduxoliqov («Paxtakor», «Lokomotiv», «Qizilqum») - 100ta (10mavsum)
25. Marat Bikmayev («Paxtakor», «Lokomotiv», «Dinamo») - 98ta (12 mavsum)
26. Igor Taran («Sho‘rtan», «Andijon», «Bunyodkor», «Nasaf», «Neftchi») - 95ta (14 mavsum)
27. Ilhom Mo‘minjonov (MHSK, «Traktor», «Navbahor», «Lokomotiv», «Bunyodkor») - 92ta (8 mavsum)
28. Bahriddin Vahobov («Surxon», «Paxtakor», «Mash’al», «To‘palang», «Sho‘rtan», «Qizilqum», «Nurafshon») - 91ta (16 mavsum)
29. Leonid Koshelev («Paxtakor», «Dinamo», «Qizilqum», «Sho‘rtan», «Navbahor») - 91ta (16 mavsum)
30. Zohid Abdullayev («Metallurg») - 90ta (15 mavsum)
Sergey KNYAZEV.
Ramazon Temirov UFC bonusini qo'lga kiritgan to'rtinchi o'zbekistonlik jangchi bo'ldi