23 yanvar kuni qishning asosiy jangi bo'lib o'tadi - UFC 257 turnirida Konor Makgregor va Dastin Pore o'rtasidagi revansh jangi. 2014 yilda irlandiyalik sportchi Porega qarshi oktogonga ko'tarilgan, ammo bunga qarshi revansh kutmaslik kerak edi.
Albatta Pore avvalgidan ko'ra mahoratini rivojlantirdi. Konor haqida aytadigan hech narsa yo'q - u asosiy jangchi va hatto Floyd Meyvezer bilan to'qnashgan.
Konor irlandiyalik boks afsonasi qo'lida mashg'ulotlar olib boradi. Konor uchun Pore bilan revansh Menni Pakyao bilan to'qnashuvga repiticiya vazifasini o'taydi. Dastin bilan kechadigan kurashga Makgregor mashg'ulotlarni Portugaliyada boshlab, Dublindagi "Crumlin" boks klubida yakunlaydi. Aynan shu erda Konor 12 yoshida boks bilan shug'ullanishni boshlagan.
Boks klubining menejeri Fil Satkliff Konorning birinchi murabbiyi ekanligidan baxtiyor: "U sport zaliga ilk marotaba kelganida barcha bolalar kabi boks klubiga qo'shilishni istardi, ammo u ota-onasidan ruhsat olishi kerak edi. Albatta, o'sha paytda kimdir uni hozirgi natijalarga erishadi deganida men ishonmagan bo'lar edim. Ammo u boshidanoq mashg'ulotlarga jiddiy kirishdi, hech qachon tanbeh berib bo'lmaydigan kam sonli bolalardan biri edi. Konor yaxshi bokschi bo'lishni xohlardi, u yaxshi mehnat qildi, tez chiniqdi. U bir nechta titullarni qo'lga kiritgan va ko'plab shoularda qatnashgan. Konorning ajoyib bokschi bo'lishiga amin edim, lekin u 15-16 yoshida yangi sevgisi - MMA bilan uchrashdi. Ammo baribir, boks muvaffaqiyatlarining asosi bo'lib qolaverdi”.
Satkliff - irlandiyalik afsona. 1977-79 yillarda havaskor boksda ikki marta Evropa chempionatida bronza medal olgan, Moskva va Los-Anjeles olimpiadalarida ishtirok etgan. Uning o'g'li - Kichik Fil ham professional bokschidir.
Konor ilk murabbiyini unutmadi va uni mashg'ulot lageriga - Pore bilan revansh jangiga tayyorgarlik ko'rish uchun taklif qildi. Kichik Satkliffdan tashqari u ikkinchi yarim o'rta vazndagi do'sti Dil Moran bilan sparing o'tkazmoqda.
"Juda ko'p va qiyin sparinglar. Dilan men ringda ko'rgan eng yaxshi bokschilardan biri. Irlandiyalik fenomenal istedod",-dedi Konor.
Makgregorning professional boksdagi debyuti tarixdagi eng yaxshilardan biri Floyd Meyvezerga qarshi 2017 yilning avgustida bo'lib o'tdi. Garchi irlandiyalik sportchi 10-raundda nokaut bilan mag'lubiyatga uchragan bo'lsa ham, afsonaga qarshi raqobatbardosh jang o'tkaza oldi (ayniqsa boshida).
Malum bo'lishicha, Konor shu bilan cheklanishni rejalashtirmagan. Makgregor ringdagi yana bir yulduz –Menni Pakyao bilan jang qilishga bel bog'lagan. Ushbu to'qnashuv 2021 yil SHarqda bo'lib o'tadi. Menejer Odi Attar buni tasdiqlaydi: "UFC avval Pore bilan revansh o'tkazilishini aytdi. Biz "keyin Menni bilan navbatdagi jang bo'ladi" dedik va buni ikkala jangchi ham xohlaydi.
Hatto Dastinning o'zi ham bu revansh Konor uchun Pakyaoga qarshi kurashga tayyorgarlikning bir qismi ekanligiga amin:
"UFC uni yana boksda jang qilishini xohlaydimi yoki yo'qligini bilmayman, lekin shaxsan men bilan revansh Makgregor uchun chap qo'lda Pakyao bilan bahsga tayyorlanishning eng yaxshi usuli ekanligi men uchun ravshan".
Dastin boksni o'zining asosiy qiziqishi deb hisoblaydi: u Konor bilan boks qoidalariga ko'ra jang qilmoqchi edi.
Voyaga etmaganlarning axloq tuzatish lagerida boks Dastin Porening hayotiga aylandi. Dastin Lafaetning eng yaxshi bo'lmagan joylarida ulg'aygan, ko'pincha ko'chalarda jang qilib yurdi: "Men axloq tuzatish lagerida va bolalar qamoqxonasida o'tirdim. Reabilitaciya markazlari emas, menga boks yordam berdi”.
2007 yilda bokschi Poredan umidlar katta edi, ammo o'sha yili u tasodifan MMA sport zaliga tushib qoldi va ikki yildan so'ng professional sifatida debyut qildi. Dastin MMA musobaqalarida qatnashishiga qaramay, boks qo'lqoplarining etakchi brendlaridan biri - "Everlast"ning yuzi hisoblanadi.
SHunga qaramay, Pore uchun boks eng yoqtirgan sport turi bo'lib qolmoqda. O'tgan yozda Dastinning o'zi Konor bilan boks qoidalariga ko'ra jang qilmoqchi edi.
"Men boksni yaxshi ko'raman, ushbu sport turida o'z mahoratim va tushunchamni namoyish etmoqchiman. MMAni boshlashdan oldin boks bilan shug'ullanganman.
Ammo bizning boks zalida MMA bilan shug'ullanadigan, boksni kuchaytirmoqchi bo'lgan yigitlarga duch keldim. Keyin dam olish kunlari men ularning zaliga bordim va MMA bilan shug'ullanishni boshladim. Boks mening asosiy ishtiyoqim. Men Konor yoki Neyt Dias bilan boks qoidalariga ko'ra jang qilmoqchiman va qaerda bo'lishining ahamiyati yo'q - ringda yoki oktogonda", - dedi Dastin.
Biroq Konorning murabbiyi uning shogirdi boks mahorati bo'yicha Poredan sezilarli darajada ustun ekanligiga ishonadi: "To'g'ri, u juda chidamli, ammo tajribali emas. Dastin to'g'ri chiziq bo'ylab harakatlanadi va butunlay ochiq jang qiladi. Bu Konor kabi zarbaga ega bo'lganlar uchun ajoyib sovg'a. Makgregor sezilarli darajada kuchli.U nokaut bilan g'alaba qozonadi deb o'ylayman”.
Dastin va Konorni yana nima bog'lab turadi? ular bitta katta jangni o'tkazib yubormaydilar. Ikkalasi ham Vasiliy Lomachenkodan xursand.
"Ukraina boksi shunchaki ajoyib. U dunyoda AQSHdan keyingi ikkinchi o'rinda turadi. Vasiliyni juda yaxshi bilaman. Uning janglarini ko'p yillar davomida o'rganman. Albatta u jahondagi eng yaxshi jangchi. Loma o'zini MMAda sinab ko'rishi kerak. Men u muvaffaqiyat qozonishiga ishonaman", - degandi Makgregor 2019 yil oktyabr oyida Kievga tashrifi chog'ida.
Pore "Top Rank"ning doimiy mutaxassisi bo'ldi va Lomachenkoning janglari uchun o'z taxminlarini bildirardi. Dastin ukrainalik bokschi Teofimo Lopesdan bemalol o'tib ketishiga ishongan edi, ammo bu safar u noto'g'ri o'ylagandi: "Men Lomachenkoning janglarini tomosha qilishni yoqtiraman, undan nimadir o'rganishga harakat qilaman, lekin bu menga imkonsizdek tuyuladi. Uning "Matritsa" uslubi juda tasirli. Ishonchim komilki, Lopesda imkoniyat yo'q. Vasiliy har tomonlama undan kuchli: texnika, tezlik, IQ, ringdagi harakatlar”.
23 yanvar kuni boks ishqibozlari UFC 257 ni ham tomosha qilishlari kerak: qishning asosiy jangi g'olibi aniqlanadi.
Sarvinoz Raxmonqulova tayyorladi
Debyut chiqishida raqibini quvlab, nokautga uchratgan Ramazon Temirovning jangidan FOTOGALEREYA