SportUz.Net
photo photo

Har holda, taqdirlash marosimi bekor qilinmaydi. Butun dunyoni o'ziga qaratgan Kamila Valieva haqida

20.02.2022 22:34    


Rasmni yuklab olish

Xitoyda XXIV qishki Olimpiya o'yinlari o'z nihoyasiga etdi.

15 yoshli muz malikasi - Kamila Valieva kim o'zi u?

Olimpiya o'yinlari o'z yakuniga etdi. Ammo ushbu Olimpiadada bahslar bir chetda qolib, hammaning etibori Kamila Valievaga qaratildi. Kamila Valieva kim o'zi u? Olimpiya o'yinlarida u bilan bog'liq nimalar bo'ldi? Hozir shu haqida so'z yuritamiz.   

Yosh istedodli figurali uchuvchi Kamila Valieva 2006 yil 26 aprel kuni Qozon shahrida tug'ilgan. Millati tatar bo'lgan Valieva figurali uchishga uch yarim yoshida kelgan. Valievalar oilasi 2012 yil Qozondan poytaxt Moskvaga ko'chib o'tganidan so'ng u «Moskvich» nomli maktabda mashg'ulotlarni davom ettirdi. Kamilaning birinchi murabbiyi Kseniya Ivanova hisoblanadi. 2012 yildan 2018 yilgacha u uchta murabbiy bilan ishladi: 2014 yilgacha u Marina Kudryavceva, 2014-2015 yillarda Igor Lyutikov va 2015-2018 yillarda Natalya Dubinskaya va Stanislav Kovalev bilan. Jarohat tufayli 2017/18 yilgi mavsum Valieva uchun omadsiz keldi. 2018 yilning yozida buyon Kamila Eteri Tutberidze bilan birga musobaqalarga tayyorlanmoqda. 

Kamila Valieva o'smirlar o'rtasidagi jahon chempioni (2020), 2019/2020 yilgi mavsumda o'smirlar o'rtasidagi Gran-pri finali g'olibi. Gran-pri bosqichlari g'olibi: Skate Canada 2021 va Rostelecom Cup 2021, Challanger Finlandia Trophy 2021 turniri g'olibasi, Rossiya chempionatining kumush medali sohibasi (2021). Rossiya chempioni (2022) va Evropa chempioni (2022) hisoblanadi.

Valieva Xalqaro figurali uchish ittifoqi shafeligidagi musobaqalarda qisqa dasturda 90 balldan, erkin dasturda 185 balldan, jami 272 balldan ko'proq ball to'plagan tarixidagi birinchi figurali uchuvchidir.

2022 yil yanvar oyi holatiga ko'ra u Xalqaro figurali uchish ittifoqi reytingida 5-o'rinni egallab turibdi.

Kamila Valieva va Olimpiada 

Kamila Valieva uchun Olimpiya o'yinlari ajoyib  boshlandi. U jamoasi bilan Olimpiya o'yinlarining oltin medalini qo'lga kiritdi. Valievaning chiqishi jamoaviy bahslarda Rossiya terma jamoasining oltin medalga ega bo'lishida katta yordam berdi. SHuningdek, Valieva jamoaviy bahslarning erkin dasturida biryo'la to'rtta rekord o'rnatdi. Yosh sportchi to'rt aylanib sakrash (to'rttalik salxov), to'rt aylanib sakrash kaskad (to'rttalik tulup uchtalik tulup)ni amalga oshirgan birinchi ayol figurali uchuvchi bo'ldi.

SHuningdek, Valieva bitta dasturda ikkita to'rttalik aylanib sakrash mashqini ham bajardi. Kamilaning yana bir rekordi - to'rtta aylanali sakrash va uchtalik akselni amalga oshirganidan so'ng qayd etildi.

Kamila qisqa dasturda yangi Olimpiya rekordini ham o'rnatdi. U figurali uchish bo'yicha jamoaviy bahslarning qisqa dasturida o'z chiqishi uchun 90,18 ball oldi va to'rt yil avval Pxyonchxandagi Olimpiadada chiqishi uchun 82,92 ball olgan hamyurti Alina Zagitovaning rekordini yangilashga muvaffaq bo'ldi.

Valievaning ushbu natijasi Rossiya terma jamoasiga Pekin Olimpiadasidagi ikki kunlik jamoaviy bahslardan so'ng g'alaba qozoninishga yordam berdi va Rossiya jamoasi Olimpiada chempioniga aylandi. Ammo jamoaviy bahslar yakunlanganidan so'ng Olimpiada medallari o'z egalariga topshirilmadi. Sportchilar faqatgina Olimpiya o'yinlari maskotlari bilan kifoyalanishdi. Bu holat ko'plab savollarrni keltirib chiqardi. Bunga javoban Xalqaro Olimpiya qo'mitasi vakili Mark Adams xalqaro federaciyadan huquqiy maslahat olish zarurati tufayli taqdirlash marosimi qoldirilganini malum qildi.

Bir qarashda barchasi rejadagidek ketayotgandi. Sportchilar xotirjamlik bilan Olimpiya o'yinlaridagi individual chiqishlari uchun tayyorgarlikni davom ettirishardi. 

Ammo 9 fevral kuni Olimpiadada doping bilan bog'liq dastlabki nizoli vaziyat yuzaga keldi.  SHundan so'ng, figurali uchish bo'yicha jamoaviy bahslarning natijalari Rossiya terma jamoasi figurali uchuvchisining doping-testi bilan bog'liq vaziyat tufayli qayta ko'rib chiqilishi mumkin degan malumot butun dunyo OAV sini "portlatdi". Dastlabki malumotlarga ko'ra, muammo rossiyalik sportchining Olimpiada oldidan o'tgan testida yuzaga kelgani malum bo'ldi. 

10 fevral kuni doping bilan bog'liq muammo Pekin Olimpiya o'yinlarida bir yo'la to'rtta rekordni o'rnatgan 15 yoshli Kamila Valievada yuzaga kelgani malum bo'ldi. 11 fevralda esa 15 yoshli sportchining 2021 yilning 25 dekabr kuni Rossiya chempionati uchun topshirgan test tahlilida doping aniqlagani malum qilindi. Uning doping-testidan taqiqlangan trimetazidin moddasi topilgan. SHu sababli RUSADA sportchini 8 fevral kuni musobaqalardan chetlatgan, biroq ertasiga bu cheklovni bekor qilgan. Bunga esa XOQ (Xalqaro Olimpiya qo'mitasi) noroziligini namoyish etdi. SHu sababli jamoaviy bahslarda g'oliblarni taqdirlash marosimi qoldirildi, medallarni qayta taqsimlash va Valievaga individual bahslarda ishtirok etish masalasi ko'rib chiqildi. 13 fevralda CAS ( Sport arbitiraj sudi) Valievaning ishini ko'rib chiqdi, 14 fevralda esa XOQ, WADA va ISU apellyaciyalarini rad etdi va Kamilaga 2022 yilgi Olimpiadaning yakkalik bahslari qatnashishiga ruxsat berdi. CAS ning bu qaroriga XOQ qatiy etiroz bildirib, agarda Valieva sovrinli o'rinlardan birini qo'lga kiritsa, taqdirlash marosimi o'tkazilmasligini malum qildi.

SHu vaqt oralig'ida Kamila Valieva bilan bog'liq vaziyat yuzasidan dunyo OAV da kuniga o'nlab xabar chiqarildi. Butun dunyo matbuoti, mutaxassisu-muxlislarning etibori Kamilaga qaratildi. 

15 fevral kuni Olimpiya o'yinlarida figurali uchish bo'yicha ayollar o'rtasidagi bahslar boshlandi. Kamila Valieva qisqa dasturdan so'ng 82, 16 ball bilan peshqadamlikni qo'lga oldi. 17 fevralda esa u etakchi sifatida so'nggi ishtirokchi bo'lib erkin dasturda chiqish qildi. Erkin dasturni boshlar ekan uning nigohida ruhiy zo'riqish, kuchli bosim aks etib turardi. Uning psixologik holati harakatlarga o'ta boshladi va u dastlabki xatoga yo'l qo'ydi. Ushbu xatodan so'ng u o'ziga kelolmadi. Dasturni esa "toza" bajarolmadi. Olimpiadaning oltin medaliga asosiy davogar bo'lgan Valieva ruhan sinib bo'lgandi. Dastur yakunlanganida u barchasini tushunib etgandi.

Erkin dasturni tugatganidan so'ng uni murabbiyi Eteri Tutberedze kutib olar ekan: «Nima uchun kurashni to'xtatding? Tushuntir, nima uchun ishonchi yo'qoting ? Birinchi xatodan so'ng nega o'zingni yo'qotib qo'yding?» deya shogirdidan so'radi. Ammo Valieva indamadi.

Valieva erkin dastur uchun 141, 93 ball olib, 4-o'ringa joylashdi. U bali elon qilinganidan so'ng «Har holda, taqdirlash marosimi bekor qilinmaydi»,-deya yig'lab yubordi. Bu uning doping bilan bog'liq mojorolar boshlanganidan buyon birinchi gapi bo'ldi.  Xa, oxiri uning ruhiyati bardosh berolmadi. 15 yoshar qizning ruhiyati ortiq bu holatni ko'tarolmasdi. CHiroyli tabassum sohibasi ruhan singan holda, yomon xotiralar bilan yig'lagancha uyiga qaytadigan bo'ldi.

Bugun Valievani butun sport jamoatchiligi qo'llab-quvvatlamoqda. Pxyonchxan Olimpiadasi chempioni Alina Zagitova Instagram sahifasida «Kamila nima deyishni ham bilmayman. Ushbu Olimpiya o'yinlarida qancha tajriba orttirding. Sen kuchlisan, bardoshing etadi»,-deya storis qoldirdi.

Pxyonchxan Olimpiadasining kumush medal sohibasi Evgeniya Medvedeva esa: «Bu qiyinchiliklar sen uchun tugaganidan xursandman. Men seni juda ham qadrlayman va yaxshi ko'raman. Endi dam olishing mumkinligidan xursandman. Seni Olimpiada tugagani bilan tabriklayman va umid qilamanki, sen endi tinch yashashing va tin olishing mumkin»-dedi. 

Ayni damda Valievaning psixologik holati har qanday unvondan baland. Qo'rqinchli tushdek o'tgan Olimpiada Kamilaning kelajakda o'zining sof nomi uchun kurasha olishiga umid uyg'otib, unga hali dunyoda tengi yo'qligini isbotlash uchun kuch bo'ladi degan umiddamiz. 

Kamila Valieva Pekindan o'z uyiga qaytdi. Uni oldinda yana bir qiyin sinov kutib turibdi. Sport arbitraj sudida Valieva o'zidan barcha shubhalarni bartaraf etib, jamoaviy turnirdagi oltin medalni o'ziga va jamoasiga qaytarishga harakat qiladi. 

2022 yilgi Olimpiadada ayollar o'rtasidagi figurali uchish musobaqasi haqiqiy dramaga aylandi. Bu Olimpiadada muz ustidagi quvonchli tabassumlardan ko'ra qayg'u ko'z yoshlari ko'proq to'kildi.

Nafaqat figurali uchun ixlosmandlari, balki butun sport jamoatchiligini 15 yoshli istedodli qizning keyingi taqdiri qiziqmoqda. Butun dunyo uni qo'llab-quvvatlamoqda. Ha, umid qilamizki, Kamila kuchli bo'lib qaytadi…

Xurshida Abdikulova tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: