8 iyul kungi malumotga ko'ra, O'zbekiston sport delegaciyasi musobaqada 63 ta licenziya bilan 15 ta yo'nalish bo'yicha ishtirok etadi. Sportchi soni bo'yicha esa 74 ta licenziya. Balki bu yakuniy ro'yxat bo'lmasligi mumkin, bazi yo'nalishlarda 2-3 ta licenziya qo'shilishi mumkin. Yoki aksincha. Bu borada Milliy olimpiya qo'mitasining rasmiy malumoti kutilmoqda.
olamsport.com sayti malumotiga ko'ra, O'zbekiston Olimpiadada quyidagi 15 ta yo'nalishda medallar uchun kurash olib boradi. Taqqoslash uchun, 2016 yilgi Olimpiadada 13 ta sport turida 70 nafar sportchi bilan ishtirok etgandik.
Bu yil esa quyidagi sport turlarida licenziyalarimiz bor:
Engil atletika
Boks
Baydarka va kanoeda eshkak eshish
Akademik eshkak eshish
Velosport
Qilichbozlik
Gimnastika
Dzyudo
Zamonaviy beshkurash
O'q otish
Suzish
Taekvondo
Tennis
Og'ir atletika
Sport kurashlari.
Umuman olganda, O'zbekistonda odatdagidek yakkakurash sport turlarida medallar kutilmoqda. Bazi sport turlarida esa licenziya qo'lga kiritganimizning o'zi katta gap.
Kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan Olimpiya o'yinlarida asosiy umid boks, sport kurashlari, dzyudo kabi sport turlaridandir. Ushbu qatorga og'ir atletika, taekvondo va Olga Zabelinskayasi bor velosportchilarimizni kiritishimiz mumkin. SHuningdek, baylarka va kanoeda eshkak eshish yo'nalishida ham nimalarnidir kutishimiz mumkin.
Yuqoridagi sport turlaridan kelib chiqib, ketma-ketlikda o'zbek sportchilarining ishtirokini tahlil qilishga urinib ko'ramiz.
Engil atletika. Bizdagi malumotlarga ko'ra, ayni paytda ushbu sport turidan 7 ta licenziyamiz bor. Agar engil atletikada qaysidir sportchini medal uchun davogarlar qatoriga qo'shish kerak bo'lsa, bu balandlikka sakrash bo'yicha bahslarda qatnashadigan Svetlana Radzivildir. Osiyo o'yinlarining uch karra chempioni uchun bu uchinchi Olimpiadadir. Ammo ushbu yo'nalishda Ukraina, Bolgariya va Xorvatiya terma jamoalari sportchilari etakchi hisoblanadi. Ko'p jihatdan Svetaning Olimpiadadagi natijasi yuqoridagi sportchilarning ishtirokiga bog'liq bo'lib qoladi. SHuningdek Safina Sadullaeva ham ushbu yo'nalishda kurash olib boradi. Yana bir tajribali sportchimiz Nadiya Dusanova 1.96 m normativni bajara olmagan va afsuski licenziyaga ega chiqa olmadi.
Boks. SHubhasiz, eng ko'p medal kutilayotgan sport turi. "O'zbek yo'lbarslari" Tokioga favorit sifatida tashrif buyurishadi. To'g'ri, natija Riodagidek bo'lishi juda-juda qiyin. CHunki, 2016 yilgi Olimpiadada erkaklar o'rtasida bahslar 10 ta vazn toifasida o'tkazilgan bo'lsa, bu safar 8 vaznda erkaklar medallar uchun kurash olib borishadi. CHarm qo'lqop ustalarimizning 5 nafari medal uchun davogar. Bularning kamida ikkitasi esa oltin bo'lishi shart. Qizlarimiz uchun esa ushbu Olimpiada katta tajriba vazifasini bajaradi.
Eshkak eshish. Osiyo miqyosida ushbu sport turida bir vaqtlar etakchilardan hisoblanardik. Ammo bugungi kunga kelib ushbu peshqadamlik boy berib qo'yilgan nazarimizda. Ayollar o'rtasida 500 metrga kanoeda eshkak eshish yo'nalishida Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova tandemidan umid qilamiz. Tasdiqlanmagan malumotlarga ko'ra, ularda yakkalik yo'nalishda ham bahslarda qatnashish imkoniyati bor. "Akademik" SHaxboz Xolmurzaev uchun esa bu ikkinchi Olimpiada bo'ladi va musobaqa yakunlanganidan so'ng unga nisbatan "bu katta tajriba maktabi bo'ldi" degan gaplar to'g'ri kelmaydi.
Velosport. Ikkita licenziyamiz bor. O'zbekiston velosport federaciyasi 2018 yilda Olimpiya o'yinlarining uch karra sovrindorini mahalliylashtirdi. Endi Zabelinskaya O'zbekiston sharafini himoya qilib kelmoqda. Bungacha u 2012 yilda ikkita bronza, 2016 yilda esa kumush medalni qo'lga kiritgan. Umid qilamizki, velosportchi o'ziga bildirilayotgan oqlaydi va o'zbek velosporti tarixida ilk marotaba Olimpiya medalini qo'lga kiritadi. SHosse yo'nalishida qatnashadigan yana bir hamyurtimiz Murodjon Xolmurodovga ham muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. 39 yoshli velosportchimiz Jakartadagi Osiyo o'yinlarida kumush medalni qo'lga kiritgandi. Ajab emaski, u Tokioda sensaciyani amalga oshirsa.
Qilichbozlik. Hozircha ushbu yo'nalishda uchta licenziya qo'lga kiritganimiz uchun xursandmiz. Qilichbozlarimizdan Zaynab Dayibekova, SHerzod Mamutov va Malika Hakimova Tokioda medallar uchun harakat qilib ko'rishadi. Cikl davomida terma jamoamizga legionerlar ham jalb etildi. Licenzion musobaqada ham aynan legionerlarga ishonch bildirilsa kerak deb o'ylagandik. Ammo, hayriyatki, yakunda raqobat eng katta bo'lgan ayollar sablya yo'nalishida licenzion turnir uchun ham saralash musobaqasi tashkil etildi. Unda o'zimizning qorako'z - Zaynab Dayibekova Paola Pliego, Yana Obvinceva kabi nomdor raqibalaridan ustun keldi va kvalifikacion turnirda qatnashish huquqini qo'lga kiritgandi. Toshkent mezbonlik qilgan licenzion turnirda esa Dayibekova o'ziga bildirilgan ishonchni oqlab, Tokio Olimpiadasi yo'llanmasiga ega chiqdi. Qilichbozlik yo'nalishida Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya, Italiya mamlakatlari etakchi hisoblanadi. Bungacha O'zbekiston uchta qilichboz bilan Olimpiadada qatnashmagan. Bu borada natijamiz yaxshilandi. Olimpiya o'yinlarida o'zbekistonlik qilichbozning shohsupaga ko'tarilishi esa, o'zbek sporti tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz.
Gimnastika. Olimpiadalar ketma-ketligi bo'yicha tahlil qiladigan bo'lsak, gimnastikada natijalarimiz yildan-yilgan yaxshilanmoqda. Ammo hozircha medal borasida bunday deya olmaymiz. Ushbu cikl davomida badiiy gimnastikachi qizlarimiz guruh yo'nalishida rossiyalik murabbiy qo'l ostida tayyorgarlik ko'rishdi. Yakkalik bahslarida esa Sabina Tashkenbaevaga muxlislik qilamiz. Sport gimnastikasida afsonaviy Oksana CHusovitina so'nggi marotaba Olimpiadada O'zbekiston sharafini himoya qiladi. Sport gimnastikasida Rasuljon Abdurahimovning imkoniyatlarini hozircha bilmaymiz. Agar medal olinadigan bo'lsa, bu ham sportimiz tarixida yangi sahifa ochilishiga sabab bo'ladi.
Dzyudo. Olimpiadaning dastlabki kunlaridanoq aynan dzyudochilarimizning ishtirokini diqqat bilan kuzatamiz. CHunki, bu bizga medal taqdim etadigan sport turlaridan biri. O'zbekiston polvonlar yurti ekanligini inobatga olsak, dzyudo bo'yicha so'nggi nufuzli musobaqalar biz uchun nisbatan muvaffaqiyatsiz desak bo'ladi. Ishonamizki, Iliadis boshchiligidagi O'zbekiston dzyudo terma jamoasi o'z "karta"larini Olimpiada uchun asrab qo'ygan. Yana bir yaxshi xabar shuki, dzyudochilarimiz ilk marotaba jamoaviy bellashuvlarda ham Olimpiada licenziyasini qo'lga kiritishgan. Ammo bu maqtanish uchun hozircha arzirli sabab emas. Biz dzyudochilardan kamida uchta medal kutamiz. Medal probalari esa bir-biriga o'xshab qolmasligi kerak :)
Zamonaviy beshkurash. Ilk marotaba ushbu sport turida Olimpiadada qatnashamiz. O'zbekiston zamonaviy beshkurash federaciyasi ham ushbu ciklda tashkiliy tomonlama faol bo'ldi. Terma jamoamizga sportchilar jalb etildi. Ammo ularning imkoniyatlari hozircha u qadar malum emas. SHuning uchun bu borada biror-bir taxmin bildirishdan uzoqmiz.
O'q otish. Merganlar musobaqasida Muxtasar Toxirova Tokioda yurtimiz sharafini himoya qiladi. O'q otish bo'yicha Olimpiya o'yinlarida 15 ta medallar jamlanmasi o'ynaladi. Mazkur yo'nalishda Italiya, Germaniya, Xitoy mamlakatlari etakchi hisoblanishadi. Toxirova Olimpiadada ikki yo'nalishda medal uchun kurashadi. Tokioda sportchimizga ham faqat va faqat omad tilaymiz.
Suzish. Ushbu punktda ko'p muhokama shart emas. "Muhimi g'alaba emas, ishtirok etish" shiori aynan suzuvchilarimizga to'g'ri keladi. Ushbu fikrlar uchun suzuvchilarimiz bizni uyaltirib qo'yishsa, faqat xursand bo'lamiz.
Taekvondo. Mazkur yo'nalishda maksimal - 4 ta licenziya qo'lga kiritildi. Bunaqasi hozircha o'zbek sportida bo'lmagandi. Tan olish lozim, taekvondochilarimizdan 4 ta licenziya kutmagandik. Olimpiadada esa qiyin bo'ladi. Bungacha ushbu sport turida umuman medal qo'lga kiritmaganmiz. Balki bu safargi Olimpiya o'yinlarida ushbu nohush ananaga barham berilar. Olimpiada oldidan qizlarimiz Svetlana Osipova va Nigora Tursunqulovaning imkoniyatlari medal uchun yaxshiroq ko'rinmoqda. Nikita Rafalovich va yosh Ulug'bek Rashitovda raqobat juda katta.
Tennis. Denis Istomin 2018 yilgi Osiyo o'yinlaridagi g'oliblik evaziga Olimpiada licenziyasini qo'lga kiritgandi. Olimpiya o'yinlarida medal qo'lga kiritish oson emas. Malumot uchun, jahonning birinchi raketkasi Novak Jokovich bungacha faqatgina bir marotaba Olimpiya o'yinlarida sovrindor bo'lgan (2008 yil, bronza). Tennisdagi yagona licenziantimiz Denis Istomin esa hozirda jahon reytingida 188-o'rinni egallab turibdi. Bu ham shunchaki malumot.
Og'ir atletika. Tokioga 4 nafar sportchimiz boradi. Rioda esa 5 nafar sportchi bilan bahslarda qatnashganmiz. Ruslan Nurudinovning oltin medali hali yodingizdan chiqmagan bo'lsa kerak? Aynan uning muvaffaqiyati, shuningdek atletlarimizning xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatlari evaziga og'ir atletikachilarimizni O'zbekistonga medal taqdim etuvchi sport turlari qatoriga kiritishimiz mumkin. Umuman olganda og'ir vaznli Akbar Jo'raevning imkoniyatlari yomon emas. SHuningdek Adham Ergashevdan ham kuchli uchlikka kirishni kutib qolamiz. Qizlarimiz Muattar Nabieva va Kumushxon Fayzullaeva ham bahslarga jiddiy hozirlik ko'rishmoqda.
Sport kurashlari. Yana bir ishongan sport turlarimizdan biri. Erkin va yunon-rum kurashchilarimiz 12 ta imkoniyatdan 8 ta vazn toifasida licenziya qo'lga kiritishgan. Ayollar kurashida esa hozircha barchasi oldinda. Erkin kurashchilarimizdan Bekzod Abdurahmonov va Magomed Ibragimovga ishonamiz. "Klassik" kurashchilarimiz safida esa Elmurat Tasmuradov, Rustam Assakalov, Jalgasbay Berdimuradov, Mo'minjon Abdullaev kabi nomlar bor. Ushbu yo'nalishda ham kamida uchta medal kutishga haqlimiz. Bu borada quraga ham ko'p narsa bog'liq bo'ladi.
Tugadi.
Eslatib o'tamiz, Tokio Olimpiadasi 23 iyul kuni boshlanadi. Bahslarning asosiy qismi "Sport TV" telekanali orqali namoyish etiladi.
Aziz To'xtamurodov tayyorladi