SportUz.Net
photo photo

Ukrainalik "gigant" - Vladimir Klichko haqida

25.03.2021 20:00    


Rasmni yuklab olish

Bugun ukrainalik afsonaviy bokschi Vladimir Klichko o'z tavallud ayyomini nishonlamoqda.

SHu munosabat bilan charm qo'lqop ustasi haqidagi malumotlarni etiboringizga havola qilamiz. 

Superog'ir vazn toifasi bokschisi Vladimir Klichko 1976 yilning 25 mart sanasida Qozog'istonning Semipalatinsk shahrida tug'ilgan. Vladimir Klichko bokschi erishishi mumkin bo'lgan barcha sovrinlar sohibi bo'lgan. U ko'p bor WBA, IBO, IBF, WBO kamarlariga ega chiqqan. SHuningdek, 1996 yilda Atlanta mezbonlik qilgan Olimpiya o'yinlarida ham barcha raqiblarni mag'lub etib, chempionlikka erishgan.

Klichko ukrainalik bo'lishga qaramay, Qozog'istonda tug'ilgan. Gap shundaki, Klichkoning otasi harbiy bo'lgan, shu boisdan Klichkoning tug'ilish arafasida uning oilasi Semipalatinsk shahrida bo'lgan. Bir necha yillardan so'ng Klichkolar oilasi Ukrainaga qaytib keladi. Klichko 14 yoshida boks bilan jiddiy shug'ullanishni boshlagan. U boksdan tashqari talim bilan ham astoydil shug'ullangan. CHunki 2001 yilda Ukraina milliy universitetida jismoniy tarbiya va sport sohasida dissertaciya yoqlaydi.

Vladimir havaskor boksdan boshlab, janglarda omadli ishtirok etib kelgan. CHunki, u bir necha bor Ukraina, Rossiya, Italiya, Germaniyada tashkil etilgan nufuzli turnirlarda g'olib bo'lgan. Uning havaskor boksdagi eng muhim g'alabasi Olimpiada chempionligidir. Klichkoning Olimpiadaga borishi tarixi ham qiziq bo'lgan. Negaki, u dastlab musobaqadda qatnashuvchilar ro'yxatida bo'lmagan, uning o'rnida akasi Vitaliy Klichko bo'lgan. Ammo, akasini diskvalifikaciya qilishgandan so'ng kichik-Klichko akasining o'rniga Atlantaga boradi va barchaning ishonchini oqlab, Ukrainaga chempion sifatida qaytadi. 

Olimpiadadagi muvaffaqiyatan so'ng, Klichko professional boksga o'tishga qaror qiladi. Klichko professional boksda jami 69 bor ringga ko'tarilgan va ularning 64 tasida g'alaba qozongan. G'alabalarining 54 tasida raqiblari jangning oxiriga qadar turib berolmagan. Klichko faoliyati davomida besh bor mag'lubiyat alamini tortib ko'rishga majbur bo'lgan. Klichkoga bir necha rekordlar ham tegishlidir. Misol uchun, eng ko'p titul jangda g'alaba qozongan (25 ta jangning 23 tasida), shuningdek eng uzoq vaqt davomida chempionlik kamarini o'zida ushlab turgan (4382 kun). Klichko doim raqib tanlashga qattiq etibor bergan, chunki u doim vazn toifasining eng kuchlilari bilan jang qilgan. 


Klichkoning professional boksdagi eng qiziqarli janglarini yodga olamiz.

Vladimir Klichko Ruslan CHagaev

2009 yilning 20 iyunida Klichko amaldagi WBA kamari sohibi Ruslan CHagaevga qarshi ringga chiqadi. Ukrainalik bokschi jangning dastlabki soniyalaridayoq ustunlikni o'z tomoniga og'dirishga urinadi, CHagaev esa qarshi hujum taktikasidan foydalanadi. Lekin, Klichkoning kuchli jeblari CHagaevni muvozanatdan chiqarishni boshlaydi. Ikkinchi raundda Klichko CHagaevni nokdaunga tushiradi. Klichko jang davomida to'liq ustunlikka erishadi, o'n birinchi raund boshlanishi arafasida CHagaev sekundantlari jangni davom etirmaslikka qaror qilishadi. Hamyurtimiz professional faoliyatidagi dastlabki mag'lubiyatni aynan Klichkodan qabul qiladi.


Vladimir Klichko - Aleksandr Povetkin

2013 yilning 5 oktyabrida Moskva shahrida uzoq vaqt davomida orziqib kutilgan jang bo'ladi. SHu kuni og'ir vazn toifasida havaskor boksda Olimpiada chempionligini qo'lga kiritgan ikki bokschi o'rtasida jang tashkillashtiradi (Eslatib o'tamiz, Klichko 1996 yilda, Povetkin esa 2004 yilda Olimpiada chempioni bo'lgan). G'olib bokschi WBA, IBO, IBF, WBO kamarlariga ega chiqishi kerak edi. Bu jang o'n yillikning eng zo'r jangi bo'lishi kerak edi, lekin jang kutilgandek bo'lmadi. Sababi, jangning birinchi raundidan to oxirgi raundigacha  to'liq ukrainalik bokschining ustunligida o'tdi. Jang davomida Povetkin hujum qilishga harakat qildi, lekin uning harakatlarini Klichko o'qiy oldi. Klichkoning chap qo'l jeb zarbalari aniq va kuchli tegardi. Jang to'liq 12 raund davom etdi. Barcha hakamlar bir ovozdan 119:104 hisobida Klichkoning yutug'ini elon qilishdi. SHu tariqa, Klichko o'n beshinchi bor kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Jangdan esa o'zi uchun rekord miqdoridagi 17,4 million dollar gonarar oldi.


Vladimir Klichko — Tayson Fyuri

2015 yilning 28 noyabrida WBA, IBO, IBF, WBO kamari sohibi Vladimir Klichko asosiy davogar Tayson Fyuriga qarshi ringga chiqadi. Jang juda ham qiziq kechgan deb bo'lmaydi. Jang avvalida Fyuri ustunlikni to'liq Klichkoga topshirib, o'zi «ikkinchi raqam» ostida harakat qiladi. Klichko doimgi jang usuli - chap qo'l jeb bilan uzoqroq masofada jang qilishga harakat qiladi, lekin jang davomida aniq bo'ladiki, bu qaror xato bo'lib chiqadi. Jang o'rtalariga kelib, Fyuri ustunlikni o'z qo'liga ola boshladi, uning zarbalari aniqlashdi. Jang davomida har ikki bokschi ham ko'p zarba berishmagan. 9-raundda Fyurining chap qo'l zarbasi aniq tegadi, keyin apperkod zarbasini ham yo'llaydi. Jangning 11-raundida Fyuri raqib boshining orqa qismiga zarba beradi va hakamlar tomonidan ochko olib tashlanadi. Mag'lubiyatga yaqinligini sezgan Klichko hal qiluvchi raundda bor kuchi bilan hujum qilishga harakat qiladi. Lekin, endi kech bo'lgandi. Hakamlar bir ovozdan 115—112, 115—112, 116—111 hisobida Fyuri g'alabasini elon qiladi.


Entoni Joshua — Vladimir Klichko

2017 yilning 29 aprel kuni. "Uembli" stadioni. Yana bir uzoq kutilgan jang. WBA, IBO, WBO kamari sohibi Entoni Joshua Klichkoga qarshi ringga chiqdi. Klichko uzoq tanaffusdan so'ng ringga qaytgan bo'lsada, uning jismoniy holati deyarli ideal edi. Jangning dastlabki qismida Klichko yosh raqibiga nisbatan ringda faolroq harakat qilgan. 5-raundda Klichko raqibini bir necha bor qiyin holatga solib qo'yadi, oltinchi raundda esa raqibini nokdaun qilishga ham erishgandi. 7-8 raundlarda ikki bokschi ham ehtiyotkorona jang ko'rsatishadi. Jang yakunlanib borayotgandi, jangda kichik ustunlik bilan Klichko g'alabaga yaqin edi. Lekin, 11-raundga kelganda Joshua omadini hujumdan qidira boshladi. Kutilmaganda Klichko Joshuaning kuchli zarbasini qo'yib yuboradi. Jangning 11-raundiga kelganda hakam jangni to'xtatishga majbur bo'ladi. SHu tariqa, Joshua o'zining kamarlarini himoya qilishga erishadi. Bu jang ko'plab boks tashkilotlari tomonidan yil jangi deb etirof etilgan.


2017 yilning 3 avgust sanasida Klichko faoliyatini yakunlaganini elon qiladi.

Klichko boks tarixidagi eng kuchli bokschilar orasida o'n beshinchi o'rni egallagan. Evropaning eng yaxshi bokschisi.

Erishgan yutuqlari:

Havaskor boksda

1993 yil yoshlar o'rtasida Evropa chempioni

1994 yil yoshlar o'rtasida jahon chempionati vice-chempioni

1995 yil harbiylar o'rtasida jahon chempioni

1995 yil Evropa vice-chempioni

1996 yil Olimpiada chempioni


Professional boksda

2000-2003 IBO yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni

2006-2015 IBF yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni

2006-2015 IBO yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni

2008-2015 WBO yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni

2009-2015 The Ring yo'nalishi  bo'yicha jahon chempioni

2011-2015 WBA yo'nalishi bo'yicha jahon chempioni


Vikipediya malumotlari asosida Nig'monxo'ja Nozimov tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: