Darvin Nunyes - paradoks-futbolchi. «Liverpul» hujumchisi joriy mavsum barcha turnirlar hisobidan «Gol+pas» tizimining har bir bo‘g‘inida 10+ natijasini rasmiylashtirishga ulgurdi.
Boshqa tomondan, u 1ta o‘yinda darvoza ustuni/to‘sinini nishonga olish borasida antirekord muallifiga aylandi. Gap APL 22-turidan o‘rin olgan «Chelsi»ga qarshi uchrashuv haqida ketmoqda. Darvin 4:1 hisobida «qizillar» foydasiga hal bo‘lgan bahs davomida «Enfild»ning maydondagi metall konstruksiyalari mustahkamligini naq 4 marta sinab ko‘rdi.
Bu boradagi ko‘rsatkichlarni mavsum-2003/2004dan buyon hisoblab kelayotgan Opta guruhi ma’lumotiga qaraganda, bunaqasi 20 yil davomida ilk marta kuzatildi. Umuman, urugvaylik hujumchi shu bilan APLning joriy mavsumidagi eng omadsiz futbolchiga aylandi. U to‘sin/ustunni mo‘ljalga olish borasida eng yaqin ta’qibchilaridan 3 baravar oldinda. Yevropaning kuchli 5ta ligasida Nunyesdan boshqa biror futbolchi joriy mavsum to‘pni darvoza ustuni/to‘siniga 4 martadan ko‘p tekkizgan emas. Nunyesning 9ta zarbasidan 7tasiga darvoza ustuni qalqon bo‘ldi. Zarbalarning umumiy salmog‘i - 3,19 xG.
Darvin ehtimolki, to‘sin va ustunning to‘p bilan «achomlashi»dan chiqadigan jarangli ovozga mahliyodir. Har holda, u 1,5 mavsumdayoq APLda ushbu statistika bo‘yicha top-50ga kirdi. Aniqrog‘i, Nunyes hozir 42-o‘rinda, lekin kuchli o‘ntalikdan uncha uzoqda emas. Balki yana 10 yillardan so‘ng APL mavsumida darvoza to‘sini/ustunini eng ko‘p nishonga olgan futbolchi uchun alohida mukofot ta’sis etilar... Agar shunday bo‘lsa, sovrin Nunyes sharafiga atalishi kerak, albatta.
"Ko'p marotaba bo'lgan". CHimaev bir necha marta MMAdan ketmoqchi bo'lgani haqida gapirdi