Endi uning jamoasini avstraliyalik uchta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Jeff Fenek ham maslahatchi, ham murabbiy sifatida boshqaradi. Unga Mayk Altamura va Darsi Ellis menejer sifatida yordam beradi.
"Men bu 2.0 versiyasi degan kayfiyat bilan qaytyapman, - dedi Tim Czyu ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. - Mag'lubiyatimdan keyin o'zgarishlar hamda boshqa reja kerakligini his qildim. Bu mening yangi bobim, bu mening davrim. Butunlay yangi kayfiyat bilan qaytyapman. Barchangiz tarixga guvoh bo'ling.
Eslatib o'tamiz, Tim Czyu professional ringdagi ilk mag'lubiyatini o'tgan yilning mart oyida Sebastyan Fundoradan qabul qilib olgan edi. Oktyabr oyida u qaytishga urinib ko'rdi, ammo IBF chempioni Bahrom Murtazalievga nokaut bilan yutqazdi. SHu yilning iyul oyida esa revansh jangida yana Fundoraga yutqazdi. Orada aprel oyida Jozef Spenserni mag'lubiyatga uchratdi.
Mag'lubiyatlardan keyin Czyu butun jamoasi - menejer Glen Jennings, murabbiy Igor Golubev, jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy Deyv Barker, katman Mark Gembin va shifokor Bill Enselayn bilan xayrlashishga qaror qildi.
"Menga qilgan ishlari uchun yigitlardan juda minnatdorman. Ayniqsa, murabbiyim Igorga rahmat. U professional faoliyatimni boshlashdan oldin men bilan ishlay boshlagan. Men shunchaki o'zgarishlarni xohladim va bunga asosim borligini his qildim", - dedi Tim.
Uch vazn toifasida sobiq jahon chempioni, Xalqaro boks shon-shuhrat zali azosi 61 yoshli Jeff Fenek uzoq vaqtdan beri Timning jamoasini bokschining mag'lubiyatlari uchun tanqid qilib kelgan va bir hafta davomida barchasini tuzatishi mumkinligini ochiq aytgan.
"Ular hamma narsani noto'g'ri qilishdi, - dedi Fenek Fox Sports Australia nashriga bergan intervyusida. - Agar men Sebastyan Fundoraga qarshi 10 ta jangda Tim Czyuning burchagida bo'lganimda, u o'ntasida ham g'alaba qozongan bo'lardi. Timda to'g'ri jamoa bo'lganida, u hali ham chempion bo'lardi. Umid qilamanki, hali ham kech emas. Menimcha, Tim Czyu kabi bokschi o'z nomi bilan to'qqiz oydan keyin bemalol Topga qaytishi mumkin".
World Boxing prezidentligi uchun Golovkindan tashqari yana bir boks afsonasi kurashadi