SportUz.Net
logo

SHohjahon Ergashevning orzusi amalga oshmoqda. Uning Toshkentdagi jangi uchun PREVYU

10.06.2021 17:40    


Rasmni yuklab olish

Professional bokschimiz SHohjahon Ergashev va nihoyat orzusi - O'zbekistonda ringga ko'tarilishga erishmoqda!

Ushbu jang oldidan bokschimiz atrofidagi voqeliklar va jangga bag'ishlangan prevyuni havola qilamiz.

 

"Salita Promotions" bilan sud

Taxminan bir yil muqaddam bokschi o'zining shaxsiy promouterlik kompaniyasini tuzdi. Bu orada "Salita Promotions"da bir necha janglarda ishtirok etdi. O'tgan yilning dekabr oyida Ergashev Salita tomonidan tashkil etilmagan boks kechasida ringga ko'tarilishi haqida xabar qilindi. Bokschi 2015 yilda promoushen bilan 5 yilga shartnoma imzolagan. SHartnomada Ergashevning mazkur kompaniya tashkil qilmagan oqshomda jang qilishini taqiqlovchi band ham bo'lgan. SHu tufayli "Salita Promotions" Ergashevni Amerikada sudga berdi. Agar SHohjahon jang qilsa 700 000 dollar jarima to'lashi kerak edi. SHartnomada ko'rsatilgan 5 yil ichida promoushen Ergashevga chempionlik jangi tashkil qilib berishi kerakligi ko'rsatilgan, bu haqida bokschi intervyularining birida gapirib o'tgan. SHunday qilib, Salita va Ergashev bir yarim yildan buyon sudlashmoqda. So'nggi sudda har ikki tarafning kelishuviga ko'ra bir oy muxlat berilgan: may oyida bokschimiz Salita tashkil qilmagan kechada jang qilmasligi kerak edi. Sud jarayonlari hali tugamagan. Natijalarni kutamiz…

9 yildan so'ng yana O'zbekistonda ringga ko'tarilmoqda

SHohjahon shaxsiy promouterlik kompaniyasining ilk boks oqshomi Toshkentda bo'lmoqda. Bu kecha o'zbek professional boks tarixiga yangi sahifa bo'lib kiradi. Birinchidan, o'zbek bokschisi tomonidan tuzilgan ilk promoushenning ilk boks kechasi. Ikkinchidan, SHohjahon Ergashev oradan 9 yil (so'nggi bor havaskor boksda 2012 yil Respublika chempionatida ringga chiqqan) o'tib, O'zbekistonda yana ringga ko'tariladi va kamar uchun. Bokschining o'zi takidlaganidek, bu oqshom boshqalaridan uning jang qilishi bilan farq qiladi. Ergashev boks muxlislariga haqiqiy shou vada qilmoqda. Kechaning katta boks bayramiga aylanishiga shubha yo'q. Negaki, SHohjahon janglarida tomoshabin etiborini o'ziga tortishni biladi. Muxlislar ham aynan shu jihati uchun ham uni sevishadi. CHarm qo'lqop ustamiz oxirgi - Miliusha bilan uchrashuvda "Gladiator" ko'rinishida ringga chiqib kelgan edi. "Sport" telekanali translyaciya qilgan jang 2-raundda yakunlangan. Mazkur jang bokschining "Instagram" sahifasida ham jonli efirda namoyish qilingan edi. O'shanda 15 mingga yaqin muxlis jangni Instagramdan kuzatgan. SHu ko'rsatkichning o'ziyoq Ergashev yurtimizdagi eng mashxur bokschilardan biri ekanligini isbotlaydi.

Salimu Jengoga qadar… Mantiq qani?

26 fevral kuni bokschi olamsport.com sayti muxbiri bilan suhbatda 15 may kuni argentinalik Xeremias Ponsega qarshi WBO Global kamari uchun Toshkentda jang qilishi haqida malum qildi. Ponseda bu kamarning o'zi yo'q. U WBO yo'nalishida International kamari egasi. WBO Global kamari Liam Paroga tegishli, Ponse esa 12 iyunda Luis Ritson bilan jang qiladi. O'z-o'zidan savol tug'iladi: bu erda mantiq qani? Ergashev kim bilan, qaysi kamar uchun ringga chiqadi? Bu savollarga javob topa olmay yurgan bir paytimizda Qozog'istondagi sport saytida bokschimizga oid yana bir "bomba" xabar elon qilindi. Unga ko'ra, Ergashev qozog'istonlik Batir Jukembaev bilan jangga rad javobini bergan. Malumotlarga qaraganda, mazkur to'qnashuv uchun SHohjahonga 25 ming dollar taklif qilingan. Balki bu Salita tomonidan taklif etilgan eng yaxshi  raqib bo'lishi mumkin edi. Bokschimiz jangga nega rozilik bermagani qorong'uligicha qolmoqda. SHundan so'ng u haqidagi xabarlar biroz tin oldi. May oyining o'rtalarida bokschi Toshkentdagi jangining sanasi va raqibini malum qildi. Unga ko'ra, ganalik Robert Kuae (19-0-0) raqiblik qilishi kerak edi. Ko'plab boks ihlosmandlari rekord bo'yicha bir-biriga munosib raqiblar deya muhokama qilishdi. Oradan bir necha kun o'tib, Ergashev saytimizga raqibi o'zgargani va kamar uchun ringga chiqishi haqida xabar berdi. Endi bokschimiz tanzaniyalik Salimu Jengo (16-3-0)ga qarshi EBP(Eurasian Boxing Parliament) kamari uchun kurashadi. SHohjahondan chempionlik kamari so'rayotgan muxlislarni to'g'ri tushunamiz va ularga ayni paytda bokschining atrofida sodir bo'layotgan voqealarga chuqurroq nazar solgan holda chempionlik kamari uchun yo'l juda uzoqligi eslatib o'tmoqchimiz. Uning ustiga "Salita Promotions" bilan sud jarayonlari uzoqqa cho'zilishi mumkin. Xullas, Salimu Jengoga qadar shunday hangomalar bo'ldi.



Sirli tarzda bekor bo'lgan viza va unga atalgan post

Ergashev Toshkentda jang o'tkazishni rejalashtirganidan so'ng Moskvaga uchib ketdi. U erda bir qancha vaqt bo'lgandan keyin mashg'ulotlarni davom ettirish maqsadida AQSHga yo'l oldi. Aviachiptalar tayyor, uchib ketish vaqti etganda aeroportga borgan SHohjahon AQSHdagi vizasi nomalum sababga ko'ra bekor bo'lganlini bildi va Amerika keta olmadi. Aeroportdan qaytib kelayotganda "Instagram"da jonli efir qilib muxlislarga buni tushuntirdi. Keyin esa “AQSHdagi vizam sirli ravishda g'oyib bo'ldi”, - deya post qoldiridi. Ammo oradan ko'p o'tmay bokschimizning sahifasidan post ham g'oyib bo'ldi. SHu tariqa tayyorgarlikni Moskvada davom ettirdi. Bu orada jang sanasi va raqib nomiga aniqlik kiritildi.


Raqiblar Toshkentda, hatto bitta zalda

5 iyun kuni SHohjahon Ergashev va uning jamoasi Toshkentga keldi. Ular yaqinlari, OAV vakillari va boks muxlislari tomonidan tantanali tarzda kutib olindi. 7 iyun kuni esa raqib Salimu Jengo bir nafar murabbiyi bilan Toshkentga etib keldi. Tayyorgarlikning yakuniy qismi Toshkentda bo'lib o'tmoqda. Etiborlisi, har ikki bokschi ham bir zalda mashg'ulot o'tkazmoqda. Saytimizda Ergashev va raqibining mashg'ulotlar jarayonidan eksklyuziv reportaj elon qildik. Ushbu oqshomda ringga ko'tariladigan Jamshidbek Najmiddinov va Botirjon Zokirov ham asosiy qahramonlar bilan bir zalda tayyorgarlik ko'rmoqda.

SHohjahon Ergashevni doimiy kuzatadigan muxlislari uning jang uslubi, zarbasining zalvori haqida yaxshi bilishadi. Ringda hamisha birinchi raqamli bo'lib harakatlanadigan bokschimiz ko'p hollarda jang avvalidagi bong urilishiga qadar raqibning “dux”ini olishga ulguradi. Bo'ydagi ustunlik, chap qo'lda qorin qismiga yo'llangan zarbalar, tezkorlik… Bularning barchasiga Jengo qancha muddat dosh bera olarkin. Tanzaniyalik haqida ko'p ham to'xtalmayman. 19 ta jangning 3 tasida mag'lub bo'lgan. Asosan o'z yurtida ringga chiqqan. Faoliyatidagi 3 ta mag'lubiyatni Tanzaniyadan tashqarida o'tgan janglarida qabul qilib olgan. Uning ham mashg'ulotlar jarayoniga guvoh bo'ldik. SHohjahon Ergashev raqibining jigarini Toshkentda olib qolmoqchi. Raqibga hurmat saqlagan holda aytamanki, bokschimizga bu qiyinchilik tug'dirmaydi. Uning ustiga, bo'y borasida hamyurtimiz nacha ustun. Boks kechasi to'liq holda "Sport" telekanali tomonidan translyaciya qilinadi. Rossiyaning Match TV kanali esa 4 ta uchrashuvni translyaciya qiladi. 

Boshda Farg'ona do'ppisi va to'ni, bo'yinda tasbeh bilanmi yoki Gladiatormi? Bu safar bokschimiz qanday ko'rinishda va qaysi qo'shiq sadosi bilan ringga ko'tariladi? Bu barchaga qiziq. Yunusobod majmuasiga keling, yoki "Sport" telekanalini kuzating, barchasiga o'zingiz guvoh bo'lasiz va baho berasiz. Darvoqe, "Sport" telekanalida kechani Sardor Rahimov sharhlashi kutilmoqda. SHarh yonishi shubhasiz, oqshomning yodda qolarli bo'lishi esa "Shohjahon Promotions" jamoasiga bog'liq.

SportUz.Net sayti Shohjahon Promotions jamoasiga muxlislik qiladi va omad tilaydi.   


Kechaning to'liq kardi:

SHohjahon Ergashev (O'zbekiston) - Salimu Jengo (Tanzaniya) 

Sergey Vorobev (Rossiya) - Aleksandr Juravskiy (Qozog'iston)

Ulug'bek Haqberdiev (O'zbekiston) - Dmitriy Atroxov (Belarus)

Vladimir Mironenko (Rossiya) - Bekzod Qodirov (O'zbekiston)

Jamshidbek Najmiddinov (O'zbekiston) - Merab Turkadze (Gruziya)

Botirjon Zokirov (O'zbekiston) - Aleksandr Saltikov (Rossiya)

Asrorbek Rahimov (O'zbekiston) - Ismoiljon Holiqov (O'zbekiston)


Sarvinoz RAXMONQULOVA tayyorladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: