SportUz.Net
photo photo

Futbol tarixidagi eng qimmat transferlar

22.02.2023 00:00    


Rasmni yuklab olish

Olis 1893 yilda shotlandiyalik hujumchi Uilli Grouvs 100 funt evaziga «Vest Bromvich Albion»dan «Aston Villa»ga o‘tganidan beri jahon futboli uzoq yo‘lni bosib o‘tdi.

Bu davr ichida o‘yinchilar qiymati ko‘tarilib ketdi, top-futbolchilar xaridi uchun aqlga sig‘maydigan mablag‘lar talab etilmoqda. Vaholanki, buni atigi 10 yil avval hatto tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. E’tiboringizga havola etilayotgan 16ta eng qimmat transferning atigi ikkitasi 2016 yildan avvalroq amalga oshirilgan.

16. Krishtianu Ronaldu («MYU» - «Real», 80 mln., 2009) 

«Qirollik klubi» tarixidagi eng qimmat xaridmi? Ehtimol, shundaydir. Ronalduning o‘tishi o‘sha davr uchun rekord xarajatni talab etardi. Lekin ispaniyaliklar bundan zarar ko‘rganlari yo‘q, balki manfaat oldilar. 2018 yilda Krish klubni jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar, «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibi, YECHLning 4 karra va La Liganing 2 karra g‘olibi sifatida tark etdi. 

15. Entoni («Ayaks» - «MYU», 85 mln., 2022) 

Braziliyalik vingerni Manchesterga olib kelish uchun, «MYU» bir necha oy yugurishga, «Ayaks» esa bahoni oshirish uchun kurashishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin tomonlar kelishuvga erishdilar. Hozircha futbolchi nimalarga qodir ekanligini to‘la namoyish etmadi, ammo vaqti,vaqti bilan yorqin lavhalarni namoyish etmoqda. Mana shuning o‘zi ham 20 yoshli iqtidorning yuksak salohiyatidan darak beradi. 

14. Garet Beyl  («Tottenxem» - «Real», 85,3 mln., 2013) 

Beylning Madridga tashrifi Ronalduning 4 yil avvalgi Rekordini bekor qildi. Garchi uelslik hujumchining klub bilan munosabati so‘nggi yillarda yomonlashib qolgan bo‘lsada, 2018 yilda «Liverpul»ga urgan goli kabi bir nechta shedevrlarni tuhfa etdi. 

13. Krishtianu Ronaldu («Real» - «Yuventus», 88 mln., 2018) 

Yana u! Ronalduning ikkinchi yurishi yanada qimmatroq va ajablanarli bo‘ldi. Eng yaxshi to‘purarning to‘satdan Turinga yo‘l olgani barchani lol qoldirgandi. Italiyadagi 3 yil ichida Krishtianu 2 karra skudetto sohibi bo‘ldi, keyin Manchesterga qaytdi. 

12. Mixail Mudrik («Shaxtyor» - «Chelsi», 88,5 mln. 2023) 

Balki bu transferlar tarixidagi eng buyuk ilib ketishdir: Mudrikni yanvar oyida o‘z safiga qo‘shib olish uchun «Arsenal» eng yaxshi pozisiyada edi. Biroq «Chelsi» sezilarli darajadagi manfaatli taklif bilan futbolchini o‘z tomoniga og‘dirib oldi. Avvaliga «ko‘klar» uchun 62 mln.ga o‘tishi kerak edi. Lekin «konchilar» 7,5 yilga mo‘ljallangan shartnomadagi qo‘shimchalar va bandlar evaziga bahoni yana 26,5 mln.ga oshirishdi. 

11. Eden Azar («Chelsi» - «Real», 89 mln. 2019) 

Azarni «Chelsi»dan tortib olish uchun «Real» 89 mln. sarflagan bo‘lsada, aslida kelishuvning umumiy qiymati 150 mln.dan ham ko‘proq edi. Tez orada madridliklar bu ishlari uchun qanchalik afsuslanganliklari barchaga ma’lum. «Ko‘klar» libosida namoyish etgan fantastik o‘yinlarini Eden Madridda ko‘rsata olmadi, sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar bunga imkon bermadi. 

10. Pol Pogba («Yuventus» - «MYU», 89 mln., 2016) 

Pogbani «Old Trafford»ga qaytarish uchun «MYU» o‘sha davr uchun rekord mablag‘dan voz kechgandi. O‘shanda Mourinyo Pogbani   uzoq yillar davomida «klubning yuragi» bo‘lishini bashorat qilgandi. Biroq fransuz hanuzgacha barqaror sport formasini izlash bilan ovora. Aftidan, yozda uning shartnoma muddati nihoyasiga yetgach, klubni tark etadi. 

9. Romelu Lukaku («Inter» - «Chelsi», 97,5 mln., 2021) 

Italiyadagi 2 yillik samarali faoliyatdan keyin Londonga qaytgan belgiyalik hujumchini katta umidlar bilan kutib olishgandi. Biroq Lukaku ham Pogba kabi o‘z o‘yinini topa olmayapti. U uchun sarflangan 97,5 mln. funt Britaniya transfer rekordidan sal ozroq, ammo Romeluni barcha oldi-sotdilarning umumiy qiymati bo‘yicha rekordchi maqomiga olib chiqdi. shu paytgacha turli jamoalar Lukaku uchun 290 mln. funt sarflashdi. 

8. Jek Grilish («Aston Villa» - «Manchester Siti», 100 mln., 2021) 

Grilishning «Villa»dan «Siti»ga o‘tishi Britaniya transfer rekordini yangiladi. Shuningdek, Jek Angliya terma jamoasidagi sherigi Garri Maguayrni ortda qoldirib, eng qimmatbaho ingliz futbolchisi maqomiga erishdi. 

7. Antuan Grizmann («Atletiko» - «Barselona», 107 mln., 2019) 

2019 yilning yozida «Barsa» Antuanning istaklarini bajo keltirib, cho‘zilib ketgan transfer qissasiga nuqta qo‘ygandi. Biroq amalda bu - qimmatbaho xato ekanligi ma’lum bo‘ldi. Fransiyalik hujumchi Kataloniya grandi tarkibida atigi 2 mavsum to‘p surdi va o‘tgan yil yozida keyinchalik 34 mln. funtga xarid qilish sharti bilan «Atletiko»ga ijara shartnomasi asosida qaytdi. 

6. Enso Fernandes («Benfika» - «Chelsi»,  107 mln., 2023) 

Qishki transfer darchasida uzoq davom etgan muzokaralardan keyin «Chelsi» nihoyat, «Benfika»ning Ensoni qo‘yib yuborishga oid talabini qondirdi. Unga ko‘ra, yosh iqtidor sohibi 6 oydan ke­yin «Stesford Brij»ga yo‘l oladi. Fernandes so‘nggi JCHda chempionlik unvonidan tashqari, turnirning eng yaxshi yosh futbolchisiga atalgan mukofotni ham qo‘lga kiritdi. Aslida uning bahosi Grizmanniki bilan teng edi, biroq valyutalar kursining 3 yil ichidagi o‘zgarishi hisobiga «Chelsi» 1 mln. yevro ko‘proq to‘lashiga to‘g‘ri keldi. 

5. Joao Felish («Benfika» - «Atletiko», 112,9 mln., 2019) 

«Matraschilar»ning jiddiyroq sinovdan o‘tmagan futbolchi uchun ulkan xarajatni amalga oshirganliklari ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lsada, mutasaddilar futbolchi ishonchni oqlashiga ishonardilar. Felishning tashrifi rejaga binoan bo‘lmadi, 2022/2023 yillar mavsumining yarmini u «Chelsi»da ijarada o‘tkazdi. Nima bo‘lganda ham, Joao - ulkan salohiyat sohibiga ega bo‘lgan yosh iqtidor sohibi, bahoni yanada oshirish uchun vaqti ham, kuch-quvvati ham yetarli. 

4. Usmon Dembele  («Borussiya D.» - «Barselona», 135,5 mln., 2017) 

«Barsa» Usmon uchun 96,8 mln. miqdorida dastlabki avansni to‘lagan bo‘lsada, kelishuv qiymati 135,5 mln.ga ko‘tarilishi mumkin. Hujumchi Germaniyadagi sermahsul o‘yinlari evaziga «Kamp-Nou»ga kelgandi. Lekin Ispaniyada avvalgi sport formasini tiklashga intilmoqda. Hozircha, Xavining ishonchini qozona olmayapti. 

3. Filippe Koutinyo  («Liverpul» - «Barselona», 142 mln., 2018) 

Koutinyoning transferi Kataloniya grandining navbatdagi omadsizligi bo‘ldi va klubni jiddiy moliyaviy muammolarga mubtalo qildi. Shu sababli Messi jamoani tark etdi. Kataloniyadagi 4 yillik faoliyatdan keyin «Aston Villa»ga yo‘l olgan braziliyalik pleymeykerning bahosi 105 mln. edi. Lekin shartnomadagi ayrim qo‘shimchalar hisobiga qiymat 142 mln.ga yetgandi. 

2. Kilian Mbappe («Monako» - «PSJ», 163 mln., 2018) 

Zamonaviy futbolning yorqin yulduzlaridan biri bo‘lmish Mbappe JCH-2018dagi zafardan keyin qatarlik shayx­lar klubiga o‘tdi. Fransiya poytaxtida u chinakam shart­nomani rasmiylashtirishdan avval 1 yil ijarada to‘p surdi, hayratomuz transfer sababchisi bo‘lgan Neymar yonidan joy oldi. 

1. Neymar («Barselona» - «PSJ», 198 mln., 2017)   

Qatarlik sohiblar tomonidan amalga oshirilgan kelishuv ularning eng yirik moliyaviy manyovri bo‘lish bilan birgalikda, transfer bozorini tubdan o‘zgartirib yubordi. Transfer qiymati bo‘yicha jahon rekordi 89 mln. funt bo‘lib turgan pallada bir nafar futbolchi uchun rekordga nisbatan 2 baravardan ko‘proq pul sarflash mumkinligi klublar o‘z o‘yinchilarini qanchalik qadr­lashlarini namoyish etdi va shunaqa 9ta raqamli kelishuvlardan 5tasiga yo‘l ochib berdi.

Sodiq SOBIR tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: