SportUz.Net
photo photo

JCH-2022. Rekordlarni yangilash imkoni

16.06.2022 06:31    


Rasmni yuklab olish

Kun sayin yaqinlashib kelayotgan navbatdagi JCH bir qator futbolchilar va milliy termalarga yangi rekordlarni o‘rnatish imkoniyatini taqdim etadi.

Shu bois, xorijlik kasbdoshlarimiz noyabr-dekabr oylarida Qatar zaminida bo‘lib o‘tadigan nufuzli musobaqada yangilanish ehtimoli yuqori bo‘lgan rekordlar o‘nligini eslatib o‘tishni lozim topishdi.

123 - Jahon chempionatlarida hali biror terma jamoa Argentinachalik ko‘p (123) sariq kartochka yoki Braziliya kabi (11) qizil kartochkalar bilan jazolanmagan. 9ta «qizil» bilan 3-o‘rinni egallab turgan Urugvay Qatarda maydondan chetlatilgan o‘yinchilar soni «2» ko‘rinishiga kelmasligi uchun tegishli ehtiyot choralarini ko‘rishiga shubha yo‘q.

109 - Braziliya va Germaniya termalari o‘yinlar soni bo‘yicha JCH rekordchilari hisoblanishadi. Ularning biri shu yil ana shu qo‘shhokimlikka barham berishi mumkin.

70 - Eron termasiga qarshi bellashuv bilan Angliya o‘zining mundiallar doirasidagi 70-o‘yinini nishonlaydi. Niderlandiya milliy jamoasi esa Ekvador bilan kuch sinashish asnosida uchrashuvlar soni bo‘yicha Shvesiyani quvib o‘tadi va yetakchi o‘nlikdan joy oladi.

27 - JCH final bosqichlarida imkoniyatni boy berish borasida Meksika o‘ziga xos rekord va antirekord sohibi hisoblanadi. Bu terma chempionlik unvoniga erisholmagan jamoalar o‘rtasida eng ko‘p - 57 uchrashuvda maydonga tushgan, ularning 27tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Shuningdek, Meksika o‘z darvozasidan o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha «faxrli» 3-pog‘onani (98) band etgan. Bu borada Germaniya (125) va Braziliya (105) termalari yetakchilik qilishmoqda.

20 - Faoliyati nihoyasiga yetmagan futbolchilardan atigi 11 nafari mundiallarda 20 va undan ortiq uchrashuvlarda maydonga tushishgan. Lionel Messi bu marradan atigi 1 qadam ortda turibdi, Krishtianu Ronaldu esa buning uchun Qatar mundialida 3ta uchrashuvda qatnashishi talab etiladi.

19 - Navbatdagi ikki uchrashuv Messiga Argentina rekordchisi bo‘lmish Diyego Maradona bilan tenglashib olish imkonini beradi. Agar daho «albiseleste» bilan finalgacha yetib borsa va barcha uchrashuvlarda maydonga tushsa, afsonaviy Lotar Matteusga (26) tenglashib oladi.

10 - Didye Desham Fransiya termasini 12 marta final bosqich uchrashuvlariga olib tushgan. Bu borada fransiyalik mutaxassis Qatar mundia­li yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 29 nafar kasbdoshlari orasida mutlaq rekordchidir. Yana bitta uchrashuv unga jahon chempionatlari tarixida shunday ko‘rsatkichga erishgan afsonaviy murabbiylar - Xelmut Shon, Luis Felipe Skolari, Mario Zagallo, Xoaxim Lou, Karlos Alberto Parreyra va Oskar Tabareslar qatoridan joy olish imkoniyatini beradi.

8 - Qatar-22 saralashidan o‘tgan 29 termaning bosh murabbiylari o‘sha mamlakat fuqarolari emaslar. Ortda qolgan 21ta mundialda faqat mahalliy murabbiylar boshqaruvidagi termalar chempionlik unvoniga sazovor bo‘lishgan.

4 - Krishtianu Ronaldu 4ta JCHda gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Qirol Pele, Uve Zeeler va Miroslav Kloze ham ayni ko‘rsatkichga erisha olganlar. Agar portugaliyalik yulduz Qatar mundialida gol ursa, mutlaq rekordchiga aylanadi.

3 - So‘nggi 3ta JCHda amaldagi chempionlar guruh bos­qichidan keyin musobaqani tark etishgan: Italiya - JAR-2010da, Ispaniya - Braziliya-2014da, Germaniya - Rossiya-2018da.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: