Ginnes rekordlar kitobiga kirish yoqimli, albatta. Biroq professional sportchilar, xususan, futbolchilar bunga alohida intilmaydilar. Aks holda, jamoaviy o‘yin o‘z mohiyatini butkul yo‘qotardi. Shunga qaramay, rekordlar kitobining futbol bo‘limi bo‘sh emas. Masalan, chexiyalik Petr Chex APLda eng ko‘p «quruq» o‘yin o‘tkazgan darvozabon sifatida qayd etilgan. Odatiy va statistika ixlosmandlariga ma’lum bu kabi ko‘rsatkichlardan tashqari, g‘alatiroq rekordlar ham nufuzli kitobga kiritilgan. Sport24.ru sayti futbolchilarga tegishli shunday noodatiy ko‘rsatkichlardan 5tasini ajratib ko‘rsatdiki, ko‘pchilik ular haqida hali eshitmagan bo‘lsa kerak.
Erling Xoland: sakrash effekti
Diqqat qiling, hozirgi yulduz hujumchi atigi 5 yoshida Ginnes rekordlar kitobiga kirgan. Aniqroq aytsak, Erling Xoland 2006 yilning yanvar oyida 5 yoshli bolakaylar orasida uzunlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. Norvegiyalik bolakay naq 1,63 metrga sakrab, ta’qibchilarini ancha ortda qoldirgandi. Mana, u endi Dortmund «Borussiya»si libosida raqib jamoalar himoyachilariga aytarli imkoniyat qoldirmayapti ko‘p holatlarda...
Dele Alli: fint ishlatish effekti
Joriy mavsum «Tottenxem»da ishlari uncha yurishmayotgan angliyalik yarim himoyachi 30 soniya ichida to‘pni raqibning oyoqlari orasidan ko‘p olib o‘tish bo‘yicha jahon miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkich muallifidir. 2017 yili Alli «shporlar» mashg‘ulotida yarim daqiqada bu tryukni naq 8 marta ko‘rsatgan. O‘shanda u Jorj-Kevin N~Kuduni chinakamiga «ahmoq» qilgan edi. «Bu «Tottenxem»ning oxirgi 50 yil ichidagi birinchi yutug‘i», - deya izohlashgan edi Dele Alli rekordini boshqa klublar muxlislari.
Yone Samuelsen: bosh bilan gol urish effekti
Bosh bilan zarba vositasida eng uzoq masofadan gol urish bo‘yicha qayd etilgan jahon rekordi ham norvegiyalik futbolchiga tegishli. Yone Samuelsen 2011 yilning sentyabr oyida naq 58,13 metr uzoqlik (maydonning ikkinchi yarmi!)dan bosh bilan zarba yo‘llab, «Tromse» darvozabonini dog‘da qoldirgandi.
Neytan Pond: 1ta jamoada turli ligalarga sakrash effekti
Angliyalik Neytan 1ta jamoa safida divizionlar bo‘ylab eng ko‘p yuqorilagan futbolchi sifatida Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi. Diqqat, u «Flitvud»da jami 10 mavsum harakatlangan va bu oraliqda naq 6ta marta bitta ligadan ikkinchisiga sakragan. Xullas, u shu asnoda 7ta divizion ko‘rdi. Neytan jamoa almashtirmagan holda o‘ynagan ligalar: Shimoliy-G‘arbiy Liganing birinchi divizioni, Shimoliy Premyer-Liganing birinchi divizioni, Shimoliy Premyer-Liganing Premyer-ligasi, Shimoliy Milliy liga, Milliy liga, Ikkinchi liga va Birinchi liga.
Aksel Tuanzebe: chaqqonlik effekti
«MYU» futbolchisi va begemot og‘zi. Hungry Hungry Hippos («Ochdan och begemotlar») - 2 va 4 nafar kishi musobaqalashadigan stol o‘yini. Uning mohiyati shuki, ishtirokchi og‘zi ochiq o‘z begemoti yordamida iloji boricha ko‘proq sharcha to‘plashi kerak. Qarang, Hungry Hungry Hippos doskasini eng qisqa fursatda tozalash bo‘yicha jahon rekordini «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Aksel Tuanzebe qayd etdi. U 2018 yili bu ishni atigi 17,36 soniyada qoyillatdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi
Ramazon Temirov UFC bonusini qo'lga kiritgan to'rtinchi o'zbekistonlik jangchi bo'ldi