SportUz.Net
photo photo

2020 yilning eng tezkor futbolchilari. Top-10

08.02.2021 12:30    


Rasmni yuklab olish

Tezlik bu — futboldagi eng muhim narsa, chunki hozirgi davr futboli faqatgina taktikadan iborat emas. Hozir sizga 2020-yilda maydonda eng tez yugurgan futbolchilar top-10 futbolchilarni taqdim etamiz.

10. Kingsli Koman — 34.83 km/soat.

24 yoshli fransuz futbolchisi ancha payt jarohatlar bilan bog‘liq muammo atrofida o‘ralashib qolgan edi. Lekin bu jarohatlar uning tezligiga ta’sir qilmadi. Chunki "Bavariya" chap qanot vingeri bu mavsumda soatiga 34.83 km/soat tezlikda harakat qilgan. "Bavariya"ning Bundesliga, Germaniya superkubogi, UEFA Chempionlar ligasi, UEFA superkubogi kabi musobaqalar oltin medallarini yutishda, albatta, Komanning tezligi ham ancha yordam bergan.

9. Muhammad Saloh — 35 km/soat.

2020-yilda "Liverpul" jamoasining APLda chempion bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shgan misrlik o‘yinchi reytingda 9-pog‘onani band etgan. "Liverpul" o‘ng qanot hujumchisi 2020-yilda o‘zining maksimal tezligini soatiga 35 km/soat tezlikda harakat qilgan. 2019/20 yildagi mavsumda 34 ta o‘yinda maydonga tushgan charm to‘p ustasi, 19 marta raqib darvozabonini ranjitgan. Joriy mavsumda esa, 17 marta maydonga tushib, 15 ta gol muallifiga aylandi. Bu yilda u ancha sermahsul o‘yin namoyish etmoqda va bu harakatlariga uning tezligi ham ancha yordam beradi.

8. Daniyel Jeyms — 35.04 km/soat.

Bu futbolchini Uels terma jamoasi kelajagi deya aytib o‘tishmoqda. Chunki 22 yoshida "Manchester Yunayted" libosida maydonga tushayotgan o‘yinchining tezligi ancha yuqori. O‘tgan mavsumda "Qizil iblislar" safida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urishga erishgan yarim himoyachining tezligi soatiga 35.04 km/soat ekanligi aytib o‘tilgan. Terma jamoa libosida ham 25 marta maydonga tushib, 3 marta raqib darvozasiga yo‘l topa olgan.

7. Adama Traore — 35.32 km/soat.

2020-yilda Ispaniya terma jamoasiga chaqiruv olgan Adama Traore reytingimizning 7-o‘rnidan joy oldi. O‘tgan mavsumda "Vulverxempton"ning 37-raqamli o‘yinchisi 37 marta maydonga tushgan. Mutaxassislar uning tezligini hisoblab chiqib, 35.32 km/soat ekanligini aytib o‘tishgan. Adama jismonan ancha baquvvat va gavdali futbolchi hisoblanadi, lekin bu holat uning tezligiga sira ta’sir ko‘rsatmaydi. "Barselona" tarbiyalanuvchisiga hozirgi kunda bir qancha grand jamoalardan taklif tushayotganiga qaramay, u Angliyada qolishni xohlamoqda. Balki keyinchalik uni yana "ko‘k-anorranglilar" libosida ko‘rarmiz?! Kuzatamiz.

6. Per-Emerik Obameyang — 35.50 km/soat.

Gabon terma jamoasi sardorining tezligi 2020 yilda soatiga 35.50 kmga yetdi. Obameyang hozirda 31 yoshda. Ko‘pchilik futbolchilarda bu yoshda tezligi pasayganiga guvoh bo‘lamiz, lekin Per-Emerikda bunday emas. 14-raqam egasi o‘tgan mavsumda 22 ta gol urdi va bunga 36 ta o‘yin o‘tkazish kifoya bo‘lgan.

5. Inyaki Uilyams — 35.70 km/soat.

Ispaniyaning "Atletik Bilbao" jamoasi hujumchisi kam gol ursa-da, ko‘p golda ishtirok etadi. Bunda uning tezligi juda ham asqotadi. Bask futbolchisining eng yuqori tezligi sifatida 35.70 km/soat qayd etilgan. Inyaki o‘tgan mavsum davomida deyarli barcha o‘yinda maydonga tushgan va o‘z hisobiga 6ta gol yozdirgan. Yaqinda Ispaniya superkubogi finalida ham super gol urdi. Ekstra taymlarning 93-daqiqasida urgan goli jamoasiga g‘alaba keltirdi. Ajoyib o‘yinchi. Shunday emasmi?

4. Kayl Uoker — 35.71 km/soat.

Odatda hujumchilarning tezligi yuqori bo‘lishiga o‘rganib qolganmiz, lekin "Manchester Siti" futbolchisi Kayl Uoker himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, reytingning 4-o‘rnida turibdi. 2020-yilning 28-may kunida 30 yoshini qarshilagan "shaharlik" tezlik borasida ko‘pgina hujumchilarga ham dars berib qo‘yadi. Negaki, mutaxassislar Kaylning eng yuqori tezligi soatiga 35.71 km ekanini hisoblab chiqishgan. Bu kabi tezlikda ba’zi-bir hujumchilar ham yugurolmasligi bor gap. Uning chap qanot bo‘ylab uyushtirgan reydlari, raqib jamoa himoyachilariga juda ko‘p boshog‘riq bo‘ladi. Ba’zida o‘zi uyushtirgan hujumlarni gol bilan yakunlab keladigan odati ham bor. Mavsum-2019/20da "Siti" jamoasi 102 ta gol urib, ligadagi eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lgan edi. Bu kabi sermahsullikda, albatta Uokerni ham ko‘p mehnati borligini aytib o‘tish kerak.

3. Kilian Mbappe — 36 km/soat.

Yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘pgina sovrinlarga ega chiqqan fransuzning tezligi havas qilsa arzigulik darajada. “PSJ” jamoasi hujumchisi Mbappe deyarli har yili chempionat to‘purarlari qatorida bo‘lib kelmoqda. Parijliklar jamoasi Neymarning ajoyib fintlari, Di Mariyaning super uzatmalari va Mbappening tezligi bilan ajoyib hujumlar uyushtirishadi. 22-yoshli markaziy hujumchining eng yuqori tezligi — 36 km/soat. Jahon chempioni “PSJ” jamoasiga tezkor oyoqlari, driblinglari va albatta tezligi orqali yordam berib kelmoqda. O‘tgan mavsumda Kilian "Liga 1"da 20 bor maydonga tushib, 18 marta raqib posponini ranjitgan. Joriy mavsumda ham 17ta o‘yin o‘tkazib, 14 marta gol urishga erishgan. Bu kabi hujumkorlikda, albatta, uning tezligi muhim rol rol o‘ynaydi.

2. Ashraf Hakimiy — 36.49 km/soat.

Madridning "Real" jamoasi tarbiyalanuchisi bo‘lgan futbolchining maksimal tezligi — 36.49 km/soat. Yoshligida o‘ng qanot vingeri pozisiyasida ham o‘ynagan himoyachining ham tezligi havas qilsa arzigulik. 1998-yilda tug‘ilgan marokashlik o‘yinchi o‘tgan mavsumda Germaniya chempionati doirasida 33 bahsda maydonga 5 ta gol urgan. Bu albatta himoyachi uchun yaxshi ko‘rsatkich. Yangi mavsumdan Italiyaga ko‘chib o‘tgan Ashraf, "Inter" jamoasida ham o‘z o‘rnini topgan. Hozirgacha "neradzurri" safida har bir o‘yinda asosiy tarkibda tushib kelmoqda va 6 ta gol ham urgan. 3 yil oldin "Real Madrid"ga keraksiz deya aytilgan o‘yinchi, hozirda gol urish bo‘yicha ham, tezlik borasida ham madridliklar himoyachilaridan qolishmasligini isbotlamoqda.

1. Alfonso Devis — 36.51 km/soat.

2020-yil "Bavariya" uchun haqiqatan omadli yil bo‘ldi. Va shunga mos ravishda ham reytingning birinchi pog‘onasida ham myunxenlilar o‘yinchisi joy olgan. Kanadalik 19 yoshli o‘yinchi o‘tgan mavsumda maydonda 36.51 km/soat tezlik namoyish etdi. Uning chap qanot bo‘ylab uyushtirgan reydlari ko‘p marta gol bilan yakunlangan. U himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p gollarga hammualliflik ham qilgan. O‘tgan mavsumda nemislar safida 3 bora gol urgan bo‘lsa, ikkitasini o‘z tezligi bilan raqiblarini ortda qoldirib hujumni yakunlashga erishgan. Ajoyib o‘yinchi, ajoyib muhit, to‘g‘ri jamoa.

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: