SportUz.Net
photo photo

Murodjon Ahmadaliev - Ryosuke Ivasa. CHempionlik jangi uchun PREVYU

30.03.2021 18:00    


Rasmni yuklab olish

Barchamiz intizorlik bilan kutayotgan Toshkentdagi professional boks oqshomiga ham oz fursat qolmoqda.

3 aprel kuni “Humo Arena” muz saroyida bo'lib o'tadigan kechaning markaziy jangida Murodjon Ahmadaliev muxlislari ko'z oldida ringga ko'tarilib, yaponiyalik majburiy davogar Ryosuke Ivasaga qarshi WBA va IBF kamarlarini himoya qiladi.

O'zbekiston tarixida ilk marotaba o'tkazilayotgan bunday professional boks oqshomida yana 7 nafar taniqli bokschimiz prof boksdagi navbatdagi va debyut janglarini o'tkazishadi. Biz esa hozir Ahmadaliev va Ivasa haqida so'z yuritamiz. Boshladik!

Murodjon Ahmadaliev

2018 yilning mart oyida dunyoga mashhur "Mir boksa" promoutrlik kompaniyasi Rio Olimpiadasi bronza medal sohibi Murodjon Ahmadaliev bilan shartnoma imzoladi. Ahmadaliev prof boksdagi debyut jangini 2018 yilning 10 mart sanasida Bruklindagi "Kings Theatre" saroyida argentinalik Devid Pazga qarshi o'tkazib, birinchi raunddayoq raqibining jigar qismiga bergan kuchli zarbasi evaziga nokautga uchratdi. SHu yilning o'zida Murodjon 5 ta jang o'tkazib, barchasida g'alaba qozondi. 2019 yilda 2 bor ringga ko'tarildi. 2020 yilning boshida esa chempionlik kamari uchun jang qildi. Bokschimiz o'tkazgan 8 jangining 6 tasida nokaut evaziga g'alaba qozongan. 


Tarixiy g'alaba ostonasida

Murodjon Ahmadaliev 2020 yilning 30 yanvar kuni amerikalik Daniel Romanga qarshi birinchi engil vaznda ikki yo'nalish WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun ringga ko'tarildi. Ahmadaliev 8-jangidayoq ikkita chempionlik kamari uchun jang qilgan kam sonli bokschilardan biri hisoblanadi. Eng qizig'i, 2019 yil aprel oyida Daniel Roman aynan man shu chempionlik kamarlarini himoya qilgan jang oqshomida "KAKA" ham Karlos Karlosonga qarshi o'zining 6-jangida ringga ko'tarilib, nokaut bilan g'alaba qozongandi. Oradan 1 yildan kam vaqt o'tganidan so'ng bu bokschilar aynan mana shu kamarlar uchun jang o'tkazdi. Bungacha Ahmadaliev kolumbiyalik Vilner Sotoga qarshi jangda ham g'alaba qozondi va kamar uchun majburiy davogarga aylangan edi. 



Kamar uchun jang haqida

Jangdan avval Daniel Roman: "Ha, men Murodjonni kamchiliklarini o'rganib chiqdim. Uning kuchli zarbasi borligini ham bilaman, lekin men uni mag'lubiyatga uchratishga astoydil harakat qilaman" - deya takidlab o'tgan edi. Murodjon esa bunga kamtarona : "Gaplashamiz"-deb javob qaytargandi.

O'sha oqshom 12 raundlik jang to'liq davom etdi va ringda murosasiz kurash kechdi. So'nggi raundda ham bokschilar bor kuchini yig'ib, ketma-ket zarbalar berishdi va yakun - hakamlar qarori edi. Barchani hayajonda qoldirgan bir necha soniyadan so'ng hakamlarning qarori elon qilindi. Ahmadaliev  chempiondan kamarlarni tortib oldi va 2 yo'nalish chempioniga aylandi. 

Ringdagi Ahmadalievning his-hayajoni, quvonch ko'z yoshlari butun O'zbekiston ahlini hayajonga soldi. Kamarlar taqilganidan keyingi intervyuda Murodjon barchaga minnatdorlik bildirdi. Ana shunday hayayonli lahzalarni, yana bir tarixiy g'alabani bokschimiz muxlislari ko'z oldida yana bir bor takrorlashiga umid qilamiz. 

Ahmadaliev (8-0, 6 KO) 2020 yilning yanvar oyida Daniel Romanga qarshi jangdan so'ng birlashgan chempionlik kamarlariga sazovor bo'lgan ilk o'zbekistonlik chempionga aylangan edi. Mayamida 12 raund davom etgan oqshomda u afsonaviy Leon Spinksning rekordini takrorladi. Murodjonning professional boksdagi ushbu g'alabasi boks hamjamiyati uchun syurpriz emas. 2016 Rio Olimpiadasidagi bronza, 2015 yil jahon chempionatidagi kumush, 2017 yil Osiyo chempionatidagi oltin medali o'zbek havaskor boksi oltin avlodi vakilining porlashi uchun xizmat qilgan. 


Raqib haqida - Ryosuke Ivasa

Ryosuke Ivasa prof boksdagi debyut jangini 2008 yil 2 avgustda hamyurti SHinya Takaxashiga qarshi o'tkazib, raqibini nokautga uchratgan. Faoliyati davomida 30 ta jang o'tkazgan bokschi ulardan 27 tasida g'alaba qozongan bo'lsa, yana 3 jangda mag'lubiyat alamini totib ko'rishga majbur bo'lgan. Ivasa raqiblarini 17 bor nokaut bilan yutgan bo'lsa, o'zi 2 marta nokautga uchragan. Kunchiqar yurt vakili chapaqay bokschi hisoblanadi.

Ivasa (27-3, 17 KOs) Marlon Tapalesni 2019 yil Bruklinda o'tgan jangning 11-raundida mag'lub etib, ushbu vaznda IBF yo'nalishining vaqtinchalik kamariga ega chiqdi. 31 yoshli kashivalik bokschi ilgari, 2017 yil centyabrda Oguni Yukinorini mag'lubiyatga uchratib, IBF kamariga sazovor bo'lgan. Ushbu chapaqay bokschi 2018 yilning mart oyida Ernesto Saulongaga qarshi bahsda chempionlik kamarini himoya qilgan va 5 oy o'tib, o'z yurtida irlandiyalik T.J.Doeniga qarshi bahsda imkoniyatni boy bergan edi. Bu Ivasaning faoliyatidagi uchinchi mag'lubiyat bo'lishiga qaramasdan, 2019 yil ikki muhim jangda g'alaba qozondi va birlashgan chempionlik kamarining davogariga aylandi. 

Reyting

Ayni vaqtda Murodjon Ahmadaliev Xalqaro boks federaciyasi (IBF) professional bokschilar reytingida ikkinchi engil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Ahmadaliev shuningdek WBA yo'nalishi chempioni hamdir. Ivasa esa IBFning vaqtinchalik chempionlik kamari egasi, shu bilan birga asosiy kamar uchun birinchi raqamli davogar hisoblanadi. 


Tahririyat fikri

Ushbu boks oqshomi poytaxtimiz Toshkentda tashkil etilayotgani Murodjon Ahmadaliev uchun ham qo'shimcha kuch, ham masuliyat yuklaydi. Aytishadiku: "O'z uyingda devorlar ham yordam beradi" deb. Biz ham shunga umid qilamiz. Eng muhimi esa bu bokschimizga ortiqcha bosim yuklamasa bo'lgani. Ishonamizki, MJ KAKA o'z yurtida o'tkazilayotgan oqshomda chempionlik kamarlarini munosib himoya qila oladi va yana bir tarixiy g'alabaga erishadi. Anchadan buyon jang o'tkazmayotgan Ahmadalievning janglarini muxlislar sog'inib qolishgan.



Bo'lajak jang haqida bokschilar nima deydi?

"Ivasa  juda yaxshi bokschi. Raqiblarimning barchasini hurmat qilaman. Endi barchasi ringda hal bo'ladi. Xudo xohlasa, qo'limdan kelgancha g'alaba qozonishga harakat qilaman”, - dedi Murodjon Ahmadaliev bo'lajak jang haqida.

"Bu jang oqshomiga uzoq tayyorlandik. Murodjon Ahmadalievni yaxshi bilaman. U Olimpiya o'yinlariga sovrindori. Men bu erga mag'lub bo'lish uchun kelmadim Hammaga omad",-deya fikr bildirdi Ryosuke Ivasa.

Bu ikki bokschidan shiddatli, unitilmas jang kutib qolamiz. Ishonamizki, Murodjon Ahmadaliev barchamizni g'alaba bilan xursand qiladi.


Xurshida Abdikulova tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: