Bazilari alo bahoga o'qigan, bazilari esa arang maktabni tamomlagan...
1 sentyabr O'zbekistonda Mustaqillik kuni bo'lsa, Rossiyada bilimlar kuni hisoblanadi. Maktab o'quvchilari o'qishini davom ettirish yoki o'qishni boshlash uchun darslarga shoshilishadi. Hozirda professional darajada shug'ullanayotgan aralash yakkakurash ustalari ham buni boshlaridan o'tkazishgan. Takidlash joiz, ularning maktab sohasidagi muvaffaqiyatlari butunlay boshqacha bo'lgan. Bazilari alo bahoga o'qigan, bazilari esa arang maktabni tamomlagan.
Afsonaviy Fyodor Emelyanenko dastlab o'qishda qiynalgan, keyinchalik sport sinfiga o'tgach, barchasi iziga tushib ketgan. U erda unga intizom va mehnatsevarlik o'rgatilgan.
“Men o'qishni boshladim, keyinroq sport sinfiga olib borishdi. U erda o'qishimni yaxshilash imkoni paydo bo'ldi va tayyorlandim. Keyin liceyga o'qishga bordim hamda alo baholarga bitirdim. Sportchi o'rganishi kerak bo'lgan asosiy narsa shuki: u doim etibor markazida bo'ladi, shuning uchun yaxshi bilimga ega bo'lishi lozim”, deydi afsonaviy jangchi.
UFC’ning eng taniqli jangchilaridan biri sanalmish Xabib Nurmagomedov doimo qunt bilan o'rgangan, biroq unga qiyinchilik tug'dirgan narsalar ham bo'lgan. Bu haqida uning otasi Abdulmanap Nurmagomedov shunda eslaydi: “Xabib maktabda juda yaxshi o'qigan. Ikki chet tilini o'rgangan, diniy ilmi ham yaxshi, biroq sport bilan shug'ullanish va shu bilan bir vaqtda o'qishga doim ham etarlicha vaqt topa olmasdi. Men uning bolaligini o'g'irlagan bo'lsam kerak. Bunday natijalarga erishish uchun u bolaligida ham, yoshligida ham va hozir ham mehnat qilib kelmoqda. Barcha yigitlarga maslahat bergan bo'lardimki, o'qing hamda sport bilan shug'ullaning”.
Xabib uchun asosiy muammo ingliz tili bo'lganini tasavvur qilish qiyin emas. Oradan yillar o'tgach, “burgut” ko'plab xorijiy mamlakatlarga bordi. Aynan o'sha tashriflar sababli ham u ingliz tilini o'rgandi, hozir ushbu tilda mukammal gaplash oladi. Biroq, maktabda hammasi boshqacha edi, Nurmagomedov bitirgan moliya kolleji direktori Beksultan Beksultanov jamoatchilikka bir voqeani aytib berdi: “Xabib uchun fizika va ingliz tili eng murakkab fanlardan edi. Keyin qarasam, u ingliz tilida intervyu beribdi. Ko'zlarimga ishongim kelmasdi. SHu Xabibmi?”.
Pyotr Yan maktab davrlarini sog'inch bilan eslaydi. U darslarni emas, asosan maktabdagi yodda qolarli voqealarni nazarda tutib gapirgan. U maktabda jang sanatining dastlbaki asoslarini o'rgandi. “Biz maktabda 6 ta dars o'tardik va har tanaffusda jang qilardim. Aslida mojaroni men qo'zg'atmasdim. Kimdir zaiflarni ranjitsa, “asabim buzilardi”. Meni “B” sinfidan “A” sinfiga o'tkazishdi. U erda o'g'il bolalar ko'proq edi. Parallel sinf vakillari mening sinfimni mazah qilishardi va bu menga yoqmasdi. Ikki oy ichida barchasini joyiga tushirib qo'dim”, deb yodga oladi Yan.
Aleksandr Volkov har doim namunali o'qishga harakat qilgan. U fizika-matematika liceyiga o'qishga kirib, o'zini alo darajada ko'rsatgan. Drago olimpiadalarida ishtirok etib, medallarni qo'lga kiritgan. Jiddiy muvaffaqiyatlar aynan asosiy fanlardan kuzatilagan. Diplomdagi baholari asosan “4”. Rus jangchilaridan biroz uzoqlashgan holda boshqa jangchilar haqida gapiradigan bo'lsak, Dastin Porening taqdiri oson bo'lmagan. U maktabni umuman yoqtirmasdi. Bu shu darajaga etib kelgan ediki, Pore maktabni qamoqxonaga tenglashtirgan. Dastin sinfda tez zerikib qolar hamda sinfdoshlari bilan ko'p urishardi. Yakunda, amerikalik jangchi 15 yoshida maktbani tashlab, Fast Food’ga ishga kirgan.
olamsport.com.com saytidan Xabib Jo'raboev tarjimasi