U nafaqat gol uradi, balki pressingda jamoaga yordam beradi
A Seriyaning so'nggi turida safarda Eldor SHomurodov “Kalyari” darvozasini ishg'ol qildi: hujumchi darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va to'pni mohirlik bilan posbon ustidan oshirib qo'ydi (Garchand ushbu gol evaziga qozonilgan g'alaba turning jadvalidagi o'rniga unchalik tasir qilmagan bo'lsa-da). Eldor so'nggi olti uchrashuvda beshta gol urdi, butun mavsumda esa sakkizta. To'purarlar bo'yicha o'z jamoasida Janluka Skamakka (12 ta gol) va Mattia Destrodan (11 ta gol) keyin uchinchi bo'ldi.
Eldor “Jenoa”ga “Rostov” safidan 2020 yil 1 oktyabr kuni kelib qo'shilgandi. A Seriyada tarixida Ilyos Zaytullaevdan (“Rejina”da tup surgan) keyin to'p surgan ikkinchi o'zbekistonlik futbolchi bo'ldi.
Uning Italiya sarguzashtlaridagi asosiy voqealar
Barchasi ko'ngilsiz tarzda boshlandi – SHomurodov dastlabki ikki oy gol urolmadi (uch uchrashuvda to'p kiritolmadi, yana shuncha o'yinni jarohati sabab o'tkazib yubordi). Agent Marko Trabukki o'sha vaqtlarda futbolchining Italiyadagi safari erta qariganini aytib o'tgandi. “SHomurodovdan yaxshi o'yin kutmang. “Jenoa”da 90 daqiqa davomida uchta yaxshi to'p uzatma amalga oshirdi, xolos. Bu transfer “Jenoa”ning xatosi va “Rostov”ning samarali bitimi.
Nima uchun “Jenoa” bu futbolchini sotib oldi? Klub shunchaki katta xatoga yo'l qo'ydi. SHomurodovga hujumkor o'yin namoyish etadigan jamoa kerak. “Rostov”da ajoyib uzatmalarni amalga oshiradigan Roman Eremenko bor edi. Qolaversa, uning Rossiyadagi so'nggi yili omadsiz keldi.
SHomurodovga hamdardligimni bildirgan holda, bu muvaffaqiyatsiz transfer ekanligidan qo'rqyapman. Tez orada uni Rossiyaga yarim narxiga qaytarib yuborish mumkin bo'ladi”, – deb mulohaza qildi Trabukki.
Eldor barcha tanqidlarga 30 noyabr kuni “Parma” darvozasini ishg'ol qilib, javob qaytardi. Gol mashaqqatli tarzda kiritildi. Lekin bu gol “Jenoa”ga yordam bermadi – ular “Parma” klubiga 1:2 hisobida mag'buliyatga uchrashdi.
SHomurodov navbatdagi to'pini 2021 yil yanvarida Sassuolo darvozasiga joylab qo'ydi – 64-daqiqada yuqoridan uzatilgan to'pni boshi bilan uzoq burchakka yo'naltirib, hisobni tenglashtirdi. Ammo “Jenoa” 83-daqiqada gol o'tkazib yubordi va yana 1:2 hisobida engildi.
O'zbek o'g'loni 20 fevral kuni “Verona”ni xafa qildi – zaxiradan maydonga tushganiga atigi uch daqiqa o'tmasdan gol urdi. Raqib himoyachisini aldab o'tgan holda darvozaning pastki burchagini nishonga oldi. Uchrashuvda jamoalar murosa yo'lini tanlashdi.
Keyinchalik yana SHomurodovning to'qqiz uchrashuvdan iborat sukunatli seriyasi boshlandi. Nihoyat, to'rtinchi golini 24 aprel sanasida “Speciya”ga qarshi uchrashuvda nishonladi. 63-daqiqada zahiradan maydonga tushgan SHomurodov jarima maydoniga oshirib berilgan to'pga himoyachilardan ildamroq etib bordi va to'pni darvozaning yuqori burchagiga “mixladi”. Uchrashuvda geniyaliklar 2:0 hisobida zafar quchdi.
“Lacio”ga qarshi navbatdagi bahsda SHomurodov etakchilikni o'z qo'liga oldi hamda unga bildirilgan ishonchni oqladi. 56-daqiqaga kelib, rimliklar 4:1 hisobida oldinga chiqib olishgandi, ammo Skamakka 80-daqiqada penaltidan oradagi farqni qisqartirdi. Oradan bir daqiqa o'tar-o'tmas Eldor Reynaning yaqin burchagini nishonga olib, farqni bittaga kamaytirdi. Ammo uning goli bu safar ham jamoasiga yordam bera olmadi – 3:4.
SHomurodovning navbatdagi yorqin parvozi 37-turning “Atalanta”ga qarshi to'g'ri keldi. Birinchi bo'limdan so'ng Gasperini shogirdlari “Jenoa”ni yanchib tashladi – 0:3, ammo 48-daqiqada Eldor bergamoliklar himoyasidagi chalkashliklardan foydalanib, to'pni olib qo'ydi va jarima maydoni tashqarisidan o'tkir burchakka aniq zarba berdi. Bunga javoban tezda Atalanta yana gol urdi, ammo dastlab Pandev, 84-daqiqada esa SHomurodov to'pni kiritib, intrigani tikladi. Ammo natija yana 3:4.
Ko'rib turganingizdek, SHomurodov bahorda yaxshi harakat qilgan, ammo uning gollari jamoasiga ko'p ham yordam berolmagan.
Eldor har bir o'yinda o'rtacha 21 ta harakatni amalga oshiradi.
“Jenoa” sport direktori Franchesko Marokko ham o'zbekistonlik hujumchining o'yinlaridan mamnun. “Biz ajoyib transferni amalga oshirdik, ulkan istiqbolga ega bo'lgan futbolchini olib keldik. Biz uning Italiyaga moslashib ketishidan mamnunmiz. U hali to'laqonli shakllangani yo'q, ammo kelgusini mavsum bundan-da serg'ayrat bo'lishiga ishonamiz”, – deydi Marokko.
SHuningdek, Eldorning o'zi ham faoliyatidan mamnun.
“Italiya futboli men o'ylagandan qiyinroq, ammo tanlovdan mamnunman, negaki yuqori ligalarda o'ynash orqali o'sishga erishish mumkin. Genuyada o'zimni qulay his qilyapman. Davide Bellardini («Jenoa» bosh murabbiyi) menga ko'p narsani o'rgatdi, ayniqsa, taktik jihatlarni. Men uzoq vaqt davomida RPLda o'ynagan Krishito bilan ham yaxshi aloqada bo'laman, ammo Daniel Dumbravanu (moldovalik futbolchi, «Jenoa» yoshlar jamoasida o'ynaydi) menga moslashishda eng katta yordamni berdi. Jamoaga endi kelib qo'shilganimda, u menga tez-tez tarjimon sifatida yordam berardi”.
Keyingi mavsum SHomurodovning Evropa faoliyatidagi hal qiluvchi davr hisoblanadi.
Oqil Abdubarnoev tarjimasi