
Kechagi kun doirasida o'zbekistonlik sportchilar boks, muay-tay, aralash jang sanati turlari, taekvondo WT, engil atletika, voleybol, futzal, gandbol, velosport va ot sporti turlarida bahs olib borishdi.
Osiyo yoshlar o'yinlarining kechagi bellashuvlarida delegaciyamiz hisobiga yagona medalni Nasima Mamirova taqdim etdi. Engil atletikaning 2000 metrga stipl-chez yugurish dasturida ishtirok etgan hamyurtimiz marra chizig'ini ikkinchi bo'lib kesib o'tdi va kumush medalga sazovor bo'ldi.

Musobaqaning boks bellashuvlari ham qiziqarli janglarga boy bo'lmoqda. O'zbekiston terma jamoasining 4 azosi saralash jangini o'tkazgan bo'lsa, ulardan 3 nafari ishonchli g'alabalar bilan keyingi bosqichga yo'l oldi.

III Osiyo yoshlar o'yinlari doirasida velosport bahslariga ham start berildi. Hamyurtlarimiz aralash jamoaviy vaqt poygasi dasturida qatnashishdi. 40 km masofaga kechgan musobaqada yurtdoshlarimiz 47:31.18 daqiqa bilan to'rtinchi bo'lishdi.

Voleybolchilarimiz saralash bellashuvlaridan muvaffaqiyatli o'ta olishdi. Mo'g'uliston bilan bahs olib borgan yigitlarimiz 3:1 hisobida g'alaba qozonib, 1/8 final yo'llanmasiga ega bo'ldilar. Ushbu bosqichda hamyurtlarimizga Indoneziya raqiblik qiladi.
Osiyo o'yinlari doirasida gandbol va futzal bo'yicha jamoalarimizning bellashuvlari omadsiz yakunlandi. Gandbolchi qizlarimiz Xitoyga 29:37, futzalchi yigitlarimiz esa Afg'onistonga 2:10 hisobida mag'lub bo'lishdi.

III Osiyo yoshlar o'yinlarida muay-tay bo'yicha bellashuvlar qizg'in davom etmoqda. Ushbu sport turida 8 hamyurtimiz bahs olib borgan bo'lsa, ulardan 5 nafari g'alaba qozondi.