SportUz.Net

Mutolaa uchun: Iqtisodiyot bo'yicha mutaxassis va tarjimon, uchta sport turi bo'yicha kamarlarga ega ikki mamlakat fuqarosi Dastin Stolcfus. Nursulton Ro'ziboevning bo'lajak raqibi qanchalik xavfli?

30.04.2025 19:54    


Rasmni yuklab olish

17 may kuni AQSHning Las-Vegas shahrida UFC Fight Night turniri bo'lib o'tadi.

Biz uchun ahamiyatlisi, musobaqa doirasida o'zbekistonlik aralash yakka kurash ustasi Nursulton Ro'ziboev oktagonga ko'tariladi. O'sha kuni andijonlik yurtdoshimizga AQSH vakili Dastin Stolcfus raqiblik qiladi. 

O'rta vazn toifasida tashkil etiladigan jang musobaqaning prelim kardida o'tkaziladi.

Bugun Nursultonning UFC'dagi beshinchi jangidagi raqibi haqida so'z yuritamiz.

Dastin Stolcfus 1991 yilning 15 noyabr sanasida AQSHning Pensilvaniya shtati, Lankaster shahrida tug'ilgan. Amerikalik aralash yakka kurash ustasi 2014 yilda professional sportchi sifatida faoliyatini boshlagan. U o'rta vazn toifasida faoliyat yuritadi.

Stolcfus Lankaster shahridan unchalik ham uzoq bo'lmagan, asosan gollandlar istiqomat qiluvchi Ronks shaharchasida o'sgan. Uning sobiq ota-onasi amish diniy harakati vakillari bo'lishgan. Dastin yoshligida amerika kurashi bilan shug'ullanib yurgan, keyinroq esa tansudo, kung-fu va boshqa jang sanatlari sirlarini o'rganishga ahd qilgan. Lampeter-Strasburg o'rta maktabini bitirganidan keyin u Tennessi O'rta universitetiga qabul qilingan. O'sha erda Dastin Braziliya jiu-jitsusi bilan tanishgan. Stolcfus universitetni xorijiy tillar va iqtisodiyot yo'nalishi bo'yicha tamomladi va bakalavr darajasini oldi. 2014 yilda bo'lajak sportchi Germaniyaga ko'chib o'tib, tahsilni davom ettirgan. U Maync shahridagi Iogann Gutenberg Universitetida tahsil olib, tarjimonlik bo'yicha magistr darajasiga ega chiqqan.

Aynan o'sha paytda, aniqrog'i, 2014 yilda Dastin sportchilik faoliyatini boshlaydi. Dastlab, We Love MMA Ligasida noyabr oyida jang qilib, g'alaba qozonadi. So'ngra, bu ishni dekabr oyida ham davom ettiradi. SHundan keyin 5 yil davomida Gurmaniyaning turli shaharlarida, turli Ligalarda janglar o'tkazib, 10 ta g'alaba va 1 ta mag'lubiyat qayd etdi. 2020 yilning avgust oyida Dastin MMA olamida mashhur shaxs — Dana Uaytning davogarlar seriyasida Jo Payfer bilan jang qilib, birinchi raundda TKO evaziga zafar quchdi. UFC'dagi debyuti esa o'sha yilning noyabr oyida UFC 255 turniri doirasida Kayl Dokasga qarshi o'tdi. Bellashuvda Stolcfus ochkolar hisobiga ko'ra imkoniyatni boy berib qo'ydi. Umuman olganda, u uchun UFC'dagi debyut juda omadsiz kechgan. Dokasga qarshi jangdagi mag'lubiyatdan keyin Dastin 2021 yil iyulida Rodolfu Vieyraga, dekabr oyida esa Jerald Myorshartga mag'lub bo'ladi. Har ikki jangda u bo'g'ish usuli orqali yutqazadi. 

SHundan keyin 2022 yil iyul oyida Dastinga Deyvi Grant raqib sifatida berildi va sportchi aynan shu jangda UFC'dagi ilk g'alabasini nishonladi. Lekin xursand bo'lishga erta edi. Matchmeykerlarning ishonchidanmi yoki raqib topilmagani tufaylimi UFC Paris turnirida Dastin Stolcfus Abusupyan Magomedovga beriladi. Germaniyaning ikki vakili (Stolcfusda AQSH bilan birgalikda Germaniya fuqaroligi ham mavjud) to'qnash kelgan bahs ancha erta yakunlanadi. Atigi 20 soniya davom etgan jangda Abusupyan TKO orqali zafar quchadi. Bu og'ir mag'lubiyatdan keyin jangchi deyarli 1 yildan ko'proq vaqt davomida dam oldi va 2023 yil dekabr oyida hamyurti Punael Sorianoga qarshi bahs orqali yana g'alabaga qaytib oldi. Lekin keyingi jang u uchun yana omadsizlik keltirdi. O'zaro qarama-qarshilikda birinchi raunddayoq nokaut bilan g'alaba qozongan Nursulton Ro'ziboevning raqibi Bruno Ferreyra bu safar Dastin Stolcfus bilan to'qnash keldi. Bahsda Ferreyra ilk raunddayoq g'olib bo'ldi. Bu endi Dastin uchun UFC'dagi beshinchi mag'lubiyat bo'lib ulgurgandi. 2024 yilning noyabr oyida o'tkazgan so'ngi jangida Dastin Mark-Andre Baroni birinchi raundda nokautga uchratdi.

SHu tariqa, 33 yashar Dastin to'rt yil davomida UFC'da 8 ta jang o'tkazib, ularning 3 tasida g'alaba qozonib, 8 tasida imkoniyatni boy berdi. Dastin g'alabalarining ikkitasini muddatidan oldin qo'lga kiritgan va har ikki chiqishi uchun 50 ming AQSH dollari miqdoridagi bonusga ega chiqqan. Mag'lubiyatlari ham asosan muddatidan avval sodir bo'lgan.

Hozirda Germaniyaning Germersxaym shahrida istiqomat qiluvchi sportchi butun faoliyati davomida 22 ta jang o'tkazib, 16 ta g'alaba va 6 ta mag'lubiyatni o'z hisobiga yozdirgan. 1 metr, 91 sm bo'yli sportchi Frankers Fight Team jamoasida mashg'ulot olib boradi. Qizig'i, u hozirgacha luta livre bo'yicha qora, Braziliya jiu-jitsusi bo'yicha pushti, tansudo bo'yicha qizil belbog'larga loyiq ko'rilgan.

 

Yuqoridagi malumotlardan ko'rinib turibdi-ki, Dastin Stolcfus Nursulton Ro'ziboev uchun deyarli qulay raqib. Har ikki sportchi jangni erta yakunlash tarafdori. Ro'ziboev UFC'dagi hozircha yagona bo'lib turgan mag'lubiyatini ham aynan to'liq davom etgan bahsda qabul qilib olgan. SHunday ekan, hamyurtimiz uchun bu toifadagi raqiblar mos va xos ekani aniq. Eng muhim masala — startni yaxshi boshlab olish. 

SHaxsiy fikrimcha, Dastin Nursulton uchun navbatdagi "sovg'a". Mana shunday pallada Nursulton UFC berayotgan bu turdagi sovg'alardan foydalanib, Kayo Borralo kabi janglar oldidan o'zini ehtiyot qilishi, Xoakin Bakli kabilar bilan jangga yaxshiroq tayyorlanishi talab etiladi. SHundagina matchmeykerlar hamyurtimizni Makkoniko, Stolcfus kabi raqiblar bilan sinashni to'xtatadi. SHundagina Nursulton ham Bogdan va Ramazon kabi reytingga kira oladi.

Muallif: Diyorbek Mavlonov/olamsport.com



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: