SportUz.Net
photo photo

"Bektemir Meliqo'zievning diskvalifikaciyasiga sabab - doping emas". Terma jamoamiz murabbiyi To'lqin Qilichev vaziyat bo'yicha fikr bildirdi

04.05.2021 17:40    


Rasmni yuklab olish

Biroz avval O'zbekiston milliy antidoping agentligi bokschimiz Bektemir Meliqo'ziev 4 yilga diskvalifikaciya qilingani haqida xabar tarqatdi.

Biz bu borada izoh olish maqsadida O'zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi To'lqin Qilichevga murojaat qildik. 

"Bektemirning ushbu chetlatilishi doping sabab emas. CHetlatish uchun turli sabablar bo'lishi mumkin. U erda bazi majburiyatlar bor va bularning bajarilmasligi diskvalifikaciyaga olib keladi. Hozirda diskvalifikaciya sabab ko'pchilikning hayoliga "u doping istemol qilgan ekan" degan fikr kelmoqda. Ammo aslida unday emas. 

Bektemir bu vaziyatda WADA majburiyatini bajarmagan. Yani, doping oficerlar uni tekshirish uchun borgan vaqtda Bektemir AQSHda istiqomat qiladigan manzil eshigi qulf bo'lgan va ular qaytib ketishgan. Ikkinchi marotaba esa u mashg'ulotlarda bo'lgan. Uchinchi vaziyatda Bektemir aeroportda bo'lgan. CHunki u o'shanda Iordaniyadagi Osiyo/Okeaniya licenzion turnirida qatnashish uchun yo'l olayotgandi.

Biz endi-endi WADAning ADAMS tizimini tushunib bormoqdamiz. Bu borada ishlab chiqilgan qoidalar ko'p. Bu bo'yicha Milliy olimpiya qo'mitasi, boks federaciyasi tomonidan sportchilarimizga bu borada tegishli tushuntirishlar olib borilmoqda. 

Mana shu uchta holat diskvalifikaciyani keltirib chiqardi. Ammo bu uning qonida doping bor yoki mana shunday taqiqlangan moddalarni istemol qildi degani emas. Bizning yigitlarimiz o'zimizning palov va qazilarimizni istemol qilib ham raqiblarini mag'lub etaverishadi. SHu taomlarimizning o'zi ham bokschilarimizga yaxshigina kuch bo'ladi. SHu sababli ham o'zbek bokschilari dopingga muhtoj bo'lib qolmagan va bundan keyin ham muhtoj bo'lmaydi. CHunki, doping noqonuniy ekanligini va foydasidan ko'ra ziyoni kattaligini juda yaxshi bilamiz. 

Buning professional boksga tasiri bormi?

AIBAning antidoping qoidalari va professional boksniki alohida tizim hisoblanadi. Prof boksda ularni har bir jang oldidan tekshirishadi. U professional boksda toza chiqmoqda va faoliyatini davom ettiraveradi. CHunki, aytib o'tilganidek, professional boksdan farqli ravishda havaskor boksda majburiyatlar ko'p. 

Hozirda ushbu yo'nalishda O'zbekiston boks federaciyasi tomonidan seminarlar ham tashkil etib berilmoqda. Bu borada tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bokschilarimizning har biriga ingliz tilidan xabardor bo'lgan xodim biriktirib qo'yilgan. Bu federaciyamiz rahbariyati, shu jumladan shaxsan Saken Jetibaevich tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Milliy olimpiya qo'mitasi qoshida ham bu borada ishchi guruh tuzilgan. Nazorat shu darajadaki, ularning qaerda bo'lishi soat-soatigacha nazoratda", - dedi To'lqin Qilichev ushbu holatga izoh berar ekan.  



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: