SportUz.Net
photo photo

Olimpiada chempioni Akbar Jo'raev haqida nimalar bilamiz?

03.08.2021 19:00    


Rasmni yuklab olish

Bugun og'ir atletikachimiz Akbar Jo'raev Olimpiada rekordini o'rnatib, oltin medalni qo'lga kiritdi.

SHu munosabat bilan, O'zbekistonning yangi Olimpiya chempioni haqidagi malumotlarni etiboringizga havola qilamiz. 

Akbar Jo'raev 1999 yil 8 oktyabr kuni Toshkent viloyatining G'azalkent tumanidagi Soyliq qishlog'ida tug'ilgan. Qayd etish joiz, ushbu qishloq terma jamoamiz uchun bir qator mahoratli atletlarni etkazib bergan. Jumladan, Akbarning o'zi og'ir atletika bo'yicha o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempioni bo'lgan akasi Aziz Jo'raevga qiziqib ushbu sportga kirib kelgan. Birinchi murabbiyi Farhod Mirzajanov. Tokio-2020 Olimpiadasiga Bahrom Mendiboev qo'l ostida tayyorlandi.

Sportchimiz xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2018 yil erishgandi. Jo'raev yoshlar o'rtasida o'tgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo'lgan edi. SHu yilning o'zida Toshkentda o'tgan U20 jahon chempionatida esa kumush medalga ega chiqdi. Yil yakunida kattalar o'rtasidagi dunyo birinchiligida to'rtinchi pog'onadan o'rin oldi.

2019 yil Toshkentdagi olgan yoshlar o'rtasidagi JCH kumush medalini Fijida oltinga aylantirdi. SHu yil Pattayya (Tailand) mezbonlik qilgan kattalar o'rtasidagi dunyo birinchiligida siltab ko'tarish mashqida ikkinchi, ikki kurash bo'yicha esa to'rtinchi natijani qayd etdi.

Joriy yilning aprel oyida poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida tajribali Ruslan Nurudinov bilan raqobat olib borgan Jo'raev Olimpiada chempioniga 1 kg farqi bilan imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.

SHu oy Xalqaro og'ir atletika federaciyasi tomonidan elon qilingan reyting yakuni bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

MOQ malumotlari asosida tayyorlandi.

Ushbu muvaffaqiyat bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etamiz!



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: