SportUz.Net
photo photo

Vunderkindlar: Qimmatbaho o‘smirlar

01.03.2024 00:00    


Rasmni yuklab olish

21 yanvar kuni «Barselona»ning «Betis»ga qarshi uchrashuvida ikki nafar 16 yoshli futbolchi - vinger Lamin Yamal va himoyachi Pau Kubarsi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishdi.

Kamyob voqea! Yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan yangi avlod vakillari bilan tanishishni lozim topdik. Darvoqe, g‘alabali kunning ertasiga 17ga chiqqan Kubarsi ro‘yxatdan tushib qoldi. Biroq 16dan oshmagan kelajagi porloq iqtidorlar yetarli. Jumladan, navbatdagi «yangi Messi».

Lamin Yamal, «Barselona»

Yamal hozirning o‘zida taniqli futbolchilar safida. O‘tgan yil aprelida Kataloniya grandining asosiy tarkibida debyutini nishonlagan (15 yosh, 290 kun) vinger La Liganing eng yosh ishtirokchisi bo‘lgandi. 60 million yevroga baholanayotgan futbolchi hozirgacha 30 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga 3ta gol va 5ta assistni rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, sentyabrda Ispaniya terma jamoasida 4ta o‘yin o‘tkazib, Gruziya va Kipr terma jamoalari darvozasiga bittadan gol urdi.

Messinyo, «Palmeyras»

Braziliyaliklarda mahalliy Messi paydo bo‘ldi - Estevao Villian. Messinyo taxallusini olgan yosh iqtidor 10 million yevroga baholanmoqda. Biroq «Palmeyras» 2-3 baravar ko‘proq daromad olishni mo‘ljallamoqda. Axir u «PSJ», Manchester grandlari, «Chelsi» va «Barselona»ning doimiy nazoratida. Estevao hozircha faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushdi, lekin yoshlar jamoasida samarali o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil noyabrida bo‘lib o‘tgan 17 yoshlilar o‘rtasidagi JCHda Villian Braziliya terma jamoasiga 5ta uchrashuvda 3ta gol va shuncha assistni hadya etdi.

Kendri Paes, «Chelsi»

Ekvadorlik 16 yoshli noyob iqtidor 10 milllion yevroga baholanmoqda. Hozircha u o‘z vatanida «Independyente del Valye» klubi a’zosi, balog‘atga yetgach, Yevropaga yo‘l oladi. Bo‘lajak jamoasi ham aniq - «Chelsi». «Aristokratlar» Paes uchun qancha sarflashgani ma’lum emas. Lekin ummon ortidagilar talabi qondirilgan. 2023 fevralidan asosiy jamoada to‘p surayotgan hujumkor yarim himoyachi 29ta o‘yinda 5ta gol va bitta assistni amalga oshirgan. Shuningdek, u sentyabrda milliy terma jamoadagi debyutini nishonladi, hozirga qadar JCH-2026 saralash bosqichida 5 marta asosiy tarkibda maydonga tushib, Boliviyaga qarshi bahsda gollar va assistlarga hisobni ochdi.

Luka Vushkovich, «Tottenxem»

7 milllion yevroga baholangan «Xayduk» himoyachisini «taqachilar» 13,8 milllionga xarid qilishdi. Lekin Vushkovich 2025 yilning yozida londonliklar safidan joy oladi. U o‘tgan yil fevralidan beri «Xayduk» sharafini himoya qilmoqda. Luka hozirgacha 11ta o‘yinda maydonga tushdi, mamlakat Kubogi turnirida gol urib, klub tarixidagi eng yosh to‘purar maqomini oldi.

Itan Nvaneri, «Arsenal»

Kelib chiqishi nigeriyalik bo‘lgan angliyalik hujumkor yarim himoyachi, taxminiy bahosi 6 mln. yevro. Nvaneri Angliyaning 17 yoshlilar terma jamoasida yuksak natijani qayd etdi: 21 o‘yinda 9ta gol va 2ta assist. Itan hozir «Arsenal»ning asosiy jamoasiga jalb etilmoqda. U 2022 yilning sentyabrida «Brentford»ga qarshi bellashuvning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushish bilan APLdagi debyutini nishonlagandi. Hozircha, bu «to‘pchilar» safidagi yagona ishtirok. To‘g‘ri, bir necha marta, jumladan, YECHL guruh bosqichi o‘yinlarida zayavkadan joy olgandi. Nvaneri  15 yosh, 181 kunlik paytida maydonga tushish evaziga «Arsenal» tarixidagi eng yosh futbolchi maqomini olgan.

Ayyub Buaddi, «Lill»

Qimmatbaho 16 yoshli iqtidorlar ro‘yxatini 5 million yevroga baholangan hujumkor yarim himoyachi yakunlaydi. Marokashliklar ajdodidan bo‘lmish fransiyalik futbolchi ham «Lill»ning asosiy tarkibida maydonga tushishga ulgurgan. Aniqrog‘i, 2023 yil oktyabridagi KL turniri bellashuvida zaxiradan maydonga tushish bilan «doglar»dagi debyutini nishonlagan. Ayyub hozirga qadar barcha musobaqalarda 10 marta (5tasi boshlan­g‘ich tarkibda) «Lill» sharafini himoya qilgan. To‘g‘ri, hozircha samarali harakatlarni amalga oshira olmadi. Lekin jamoa bosh murabbiyi Paulu Fonseka Fransiya Kubogi doirasidagi «Rasing»ga qarshi bahsdan ke­yin (1:0) o‘yinda to‘liq ishtirok etgan Buaddi haqida ijobiy fikrlar bildirdi: «Biz Ayyubni maydonga tushirishga qaror qilgandik. O‘ylaymanki, bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Chunki Buaddi ajoyib o‘yinni namoyish etdi. bugun u jamoamizning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi». Murabbiyning maqtovi har qanday futbolchiga qanot bag‘ishlaydi. Ayniqsa, u yosh futbolchi bo‘lsa.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: