SportUz.Net
photo photo

O'zbekiston terma jamoasi futzal bo'yicha Jahon chempionatiga saralashsiz yo'l oladi

05.04.2021 18:25    


Rasmni yuklab olish

Futzal bo'yicha navbatdagi Jahon chempionati 2021 yil 12 sentyabr - 3 oktyabr kunlari Litva mamlakatida bo'lib o'tadi.

"Championat.asia" olgan malumotlarga ko'ra, O'zbekiston futzal terma jamoasi ana shu mundialda saralashsiz ishtirok etadigan bo'ldi.

Jahon chempionatiga yo'llanma beruvchi Osiyo chempionati pandemiya sabab o'tkazilmaydigan bo'lgandi. Qita birinchiligi avvaliga 2020 yil Turkmanistonda o'tishi kerak edi. Keyinroq musobaqa Quvaytga ko'chirildi, 2020 yilning oktyabr oyida esa Quvayt mezbonlik qiladigan Osiyo chempionati 2020 yildan 2021 yilga ko'chirilgandi. Yakunda OFK murakkab vaziyat sabab musobaqani umuman bekor qildi.

Quvaytda bo'lib o'tishi kerak bo'lgan futzal bo'yicha Osiyo chempionati 2021 yilga qoldirildi

FIFA esa Litvada o'tishi kerak bo'lgan futzal bo'yicha Jahon chempionatini 2020 yildan 2021 yil (12 sentyabr - 3 oktyabr)ga ko'chirgandi. Hisob bo'yicha to'qqizinchi mundial ko'chirilgan sanalarda o'tadigan bo'ldi.

FIFA kelgusida bo'lib o'tadigan musobaqalar uchun tavsiya etilgan muddatlarni tasdiqladi

OFK Futzal va Sohil futboli qo'mitasi esa Jahon birinchiligiga Osiyodan terma jamoalarni saralagan holda yuborishga qaror qildi.

"Championat.asia" olgan malumotlarga ko'ra, OFK jamoalarni saralab olishda ikki xil variantni ko'rib chiqqan. Bular - 2018 yilgi Osiyo chempionati natijalariga qarab yoki oxirgi uchta Osiyo chempionati natijalariga qarab. Har ikki holatda ham O'zbekiston terma jamoasi besh jamoa orasida bo'ladi. 2018 yil Xitoy Taypeyida o'tgan qita birinchiligida terma jamoamiz bronza medallarini qo'lga kiritgan. So'nggi 3 musobaqa nazar tashlasak, vakillarimiz ularning barchasida sovrindor bo'lishgan. Hatto Yaponiya (2 bor sovrindor bo'lgan) va Tailand (1 marta) ham bu borada bizdan ortda qolmoqda. To'g'ri, yaponlar 2014 yil Vetnam mezbonlik qilgan musobaqada chempion bo'lishgan (finalda Eron penaltilar seriyasida mag'lub etilgan). Lekin, 2016 yil Toshkentda o'tgan bahslarda amaldagi chempionlar hatto yarim finalga ham chiqa olishmagan.

Yuqoridagi mantiqdan kelib chiqsak, OFK mundialda qatnashish uchun saralab oladigan besh jamoa Eron, O'zbekiston, Yaponiya, Tailand va Vetnam bo'ladi.

OFK bu borada hali rasmiy malumot bermadi. 7 aprel kuni OFK ijroiya qo'mitasi yig'ilishi bo'lib o'tadi. Aynan mana shu yig'ilishdan so'ng bu haqda rasmiy malumot berilishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston futzal terma jamoasi Jahon chempionatida 2016 yil Kolumbiya parketlarida debyut qilgan va guruhda qolib ketgan. Ushbu mundial vakillarimiz uchun ikkinchisi bo'lishi mumkin.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: