Biz ushbu yig'in haqida terma jamoamiz azosi, jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilovning fikrlari va oldindagi rejalar bilan qiziqdik.
"5 fevraldan buyon Toshkent viloyatidagi "Yangiobod" o'quv bazasida yig'in olib bormoqdamiz. Bu safargi yig'inimiz 19 fevralga qadar davom etadi. Ayni paytda asosiy etiborni umumiy jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratganmiz.
Yig'indan so'ng Bolgariyada o'tkaziladigan ananaviy "Stranja" xalqaro musobaqasiga yo'l olamiz. Ushbu turnir Tokio Olimpiadasi uchun tayyorgarlikda muhim ahamiyatga ega. Bu karantindan keyingi ilk xalqaro musobaqa bo'ladi va men ushbu turnirdan oltin medal bilan qaytmoqchiman.
Nasib qilsa, Tokio Olimpiadasiga munosib tayyorgarlik ko'rib, Yaponiyadan O'zbekistonga yorug' yuz bilan qaytib kelamiz", - dedi Mirazizbek Mirzahalilov.
O'zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati