Alvares 37 yoshga to'lishi bilan faoliyatini yakunlamoqchi. U faoliyatining qolgan ikki yilini Saudiya Arabistoni ko'ngilochar Bosh boshqarmasi rahbari, Riyadh Season hamda The Ring egasi Turki Al ash-SHeyx bilan hamkorlikda o'tkazadi.
"Turki Al ash-SHeyx — men aynan shu inson bilan hamkorlikda ishlab, faoliyatimni yakunlayman. Hozir mening organizmim joyida va men yana bir necha yil jang qila olaman. 37 yosh — aynan men boksdan ketishni maqsad qilgan yosh. Boks meni ketishga majbur qilmasidan bu ishni o'zim amalga oshirganim yaxshi. Faoliyatimni pul uchun majburan davom ettirmayman. Vada beraman, 37 yoshdan keyin jang qilmayman", — deya No Golf No Life golf turniriga bag'ishlangan matbuot anjumanida gapirgan Alvares.
Malumot uchun, 2027 yilning iyulida Saul Alvares 37 yoshga to'ladi. U prof boksda 67 ta jang o'tkazib ulgurdi. Kanelo 4 ta vazn toifasida jahon chempioni hisoblanadi. O'zining birinchi chempionlik kamarini 2011 yilda qo'lga kiritgan. Bugungacha birinchi o'rta, o'rta, ikkinchi o'rta hamda yarimog'ir vazn toifalarida 26 ta chempionlik janglarida ringga ko'tarildi.