Oqshomning asosiy jangida ikkinchi o'ta engil vazn toifasida mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue amerikalik Ramon Kardenasga qarshi ringga ko'tarildi. O'n ikki raundga mo'ljallangan jang sakkizinchi raundda referi tomonidan to'xtatildi. Yaponiyalik bokschi raqibini texnik nokautga uchratib, o'z chempionlik kamarlarini yana bir bor muvaffaqiyatli himoya qildi.
Etiborga molik jihati shundaki, Inouening o'zi ham ikkinchi raundda o'tkazib yuborgan zarbasi sabab nokdaun holatiga tushib qoldi. Ammo o'rnidan turib, jangni davom ettira oldi. Ramon esa o'sha vaziyatda muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi. Naoyaning g'alabalari roppa-rosa 30 taga etdi. Uning hisobida durang ham, mag'lubiyat ham yo'q. U endi sentyabr oyida hamyurtimiz Murodjon Ahmadalievga qarshi jang o'tkazadi. Kardenas esa bugun faoliyatidagi ikkinchi mag'lubiyatini qabul qilib oldi. G'alabalari 26 taligicha qoldi.