SportUz.Net
photo photo

G'azalkentda tug'ilib, Rossiyada shug'ullanib, hozir AQSHda Egis Klimas mijozi bo'lgan bokschimizni bilasizmi?

29.04.2021 10:00    


Rasmni yuklab olish

Qadrli o'quvchi, quyidagi maqola orqali biz sizlarni O'zbekistonda tug'ilgan va ayni paytda AQSHda professional bokschilik faoliyatini davom ettirayotgan charm qo'lqop ustamiz bilan yaqindan tanishtiramiz.

Dmitriy Yun - 1993 yilning 16 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumani G'azalkent shahrida dunyoga kelgan. Millati koreys. Dimaning otasi ham o'z paytida boks bilan professional tarzda shug'ullangan, musobaqalarda ishtirok etgan. Tabiiyki, boksga qiziqish oilaviy muhit tasirida yuzaga keldi. Yosh Dmitriy boshqa bir sport turi yoki kasbni tanlay olmasdi.

Ammo, hayot hamisha biz o'ylaganchalik va bir tekis bo'lavermaydi. Hayot so'qmoqlari bizni qay manzillarga etaklashini oldindan bilmaymiz. Bugungi qahramonimizda ham shunday holat ro'y berdi. Yunlar oilasi Dima 4 yoshga kirganida Rossiyaning CHelyabinsk shahriga ko'chib o'tdi. U shahardagi 2-o'rta talim maktabida tahsil oldi. 

"To'g'ri, otam meni birdaniga boksga bermadi. Qaysi sport turida qobiliyati bo'lsa, o'shani tanlasin qabilida ish tutgan bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Va bu yo'l to'g'ri edi. Avvaliga futbol, keyin esa katta tennis va karate to'garaklariga bordim. Lekin bu sport turlarining hech birida uch oydan ortiq qolmasdim. Uchchala sport ham meni o'ziga rom eta olmadi. SHundan so'ng otam meni boks zaliga etaklab olib bordi. O'shanda (1999 yil) 6 yosh bo'lganim uchun meni to'garakka qabul qilishmadi va bir yildan keyin kelishimni aytishdi. Bir yil ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi. Kelasi yili 7 yoshga to'lishim bilan men o'sha zalga yana keldim va boks bilan shug'ullanishni boshladim. 2000 yildan to shu kungacha boksdaman va bu sport turini tanlaganimdan hecham afsuslanmayman. Ikki yil davomida boks sir-asrorlarini o'zlashtirganimdan so'ng, nihoyat 2002 yilda ilk bor rasmiy musobaqada ringga ko'tarildim. Avvaliga CHelyabinsk, keyin esa Rossiya Federaciyasi miqyosidagi musobaqalarda zafar quchdim. Buning natijasida terma jamoadan taklif oldim. 2007-2014 yillar oralig'ida Rossiyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalari tarkibida xalqaro musobaqalarda ishtirok etdim hamda g'olib va sovrindorlar safidan joy oldim", - deydi maqolamiz qahramoni bolalik yillarini eslab.  

Yutuqlari. Ikki bor Rossiyaning eng yaxshi bokschisi

Dmitriy Yun havaskor boksdagi salkam 15 yillik faoliyati davomida Rossiya, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ruminiya, AQSH, Bolgariya kabi o'ndan ziyod davlatlarda o'tkazilgan turli darajadagi musobaqalarda shohsupaga ko'tarildi. Ozarbayjonning Baku shahrida o'tkazilgan Butunjahon talabalari o'rtasidagi 5th World University Championships musobaqasida kumush medal sohibiga aylandi. 2007 yil Anapada o'tgan Rossiya chempionati (1993-1994 yillarda tug'ilganlar o'rtasidagi)da oltin medalni qo'lga kiritish barobarida musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb ham topildi. O'sha yidi Angliyada o'tgan maktab o'quvchilari o'rtasidagi Evropa chempionatida bronza medaliga sazovor bo'ldi. 2009 yili Oktyabrsk shahri mezbonlik qilgan Rossiya birinchiligida yana bir shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarildi. 2010 yilgi Rossiya chempionatiga yana Anapa shahri mezbonlik qildi. Bu safar ham Rossiya chempionligi hamda musobaqaning eng yaxshi bokschisi deya etirof etildi.

Qahramonimiz sport bilan birgalikda tahsilni ham unutib qo'ygani yo'q. 2010 yilda Janubiy Uralsk davlat universitetining iqtisodiyot fakultetiga davlat grandi asosida o'qishga qabul qilindi. 2012 yilda parallel ravishda murabbiylik faoliyatini ham boshladi. U CHelyabinsk viloyatining Olimpiada tayyorgarik markaziga murabbiy sifatida qabul qilindi.  

2016 yilda harbiy xizmatga chaqirildi. Dmitriy Ryazan shahridagi armiya generali V.F. Margelov nomidagi oliy havo-desant gvardiya bilim yurtida xizmatni o'tadi. Batalon tarkibida ko'plab armiya musobaqalarida ishtirok etib, g'oliblik shohsupasiga ko'tarildi. Harbiy xizmatdan qaytgach, sportchi va murabbiylik faoliyatini yana birdek davom ettirdi. SHu bilan bir qatorda jamoat ishlarida ham faol qatnashdi. Hatto, buning uchun bir necha bor oliy mukofot va unvonlar bilan taqdirlandi.

"Bolalikdan televizorda professional boks janglarini katta ishtiyoq bilan tomosha qilardim. Balki, shundandir, menda hamisha professional ringda o'zimni sinab ko'rish istagi bo'lgan. Nihoyat, 2019 yilda bu niyat amalga oshdi va men professional boksdagi faoliyatimni boshladim. Dunyo boks markazi hisoblangan Amerikaga viza olib, okean ortiga jo'nab ketdim. To'g'ri AQSHning Kaliforniya shtati Oksnard shahridagi Boxing Laboratory boks zaliga yo'l oldim. Bu boks zalida Rossiya terma jamoasida birga musobaqalarda qatnashib yurgan do'stim mashg'ulot o'tkazardi. Aynan shu zalda jahon chempioni Sergey Kovalyov ham shug'ullanardi. Kunlarning birida men Kovalyovning mashg'ulotiga keldim. O'sha paytda uning menejeri, mashhur mutaxassis, qatorasiga uch yil davomida dunyoning eng yaxshi menejeri deb topilgan Egis Klimas ham mashg'ulotga kelgandi. Mashg'ulotdan so'ng biz tanishib oldik. Egis bilan shaxsan suhbatlashdim va ertasi kunidan hamkorlikdagi faoliyatimiz boshlandi. Klimas Amerikada Top Rank Promotion promouterlik kompaniyasi bayrog'i ostida ikkita jang tashkil qilib berdi", - deydi Dmitriy Yun.

Malumot uchun, Dmitriy Yun professional boksda 6 ta jang o'tkazgan. Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan potenciali yuqori bokschi sifatida etirof etilmoqda.

Ayni paytda u navbatdagi jangiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Uning maqsadi jahon chempioni bo'lish. Pandemik vaziyat sabab uning ishtirokidagi jang sanasi va manzili bir necha bor o'zgardi. Tez orada Egis Klimas jangning yangi sanasi va raqibini elon qiladi. SHunday ekan, G'azalkentda tug'ilgan va hozirda AQSHda faoliyatini davom ettirayotgan charm qo'lqop ustasini kuzatib boramiz.      



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: