U katta uchlikdan biri - Entoni Joshua, Deontey Uaylder va Tayson Fyuri bilan jang qilishni intiqlik bilan kutmoqda.
Ngannu jangga dastlabki tayyorgarliklarni boshlab yuborganga o'xshaydi, sababi u Tayson Fyuriga: “Men doim shu erdaman, Tayson! Bu bokschilarning hech biri jang qilishni istamagani uchun kel, biz buni amalga oshiraylik", - deya yozgan.
Tayson esa unga shunday javob qaytardi: "Men seni dadangman va sayyoradagi eng xavfli odamman. Kamina senga hayotingdagi eng yaxshi shartlarni taklif qiladi. Katta serseri (bezori). SHunday ekan, shartnomani imzola, katta ahmoq", - deydi britaniyalik bokschi.
Xabaringiz bor, Ngannu yaqinda PFL bilan shartnoma imzoladi, unga ko'ra u yangi promoushenda keyingi yildan janglarni boshlaydi hamda 2023 yil yakuniga qadar boks qoidalari bo'yicha jang qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. Muammo shundaki, Frensis bir yarim yil davomida MMAda jang o'tkazmaydi, bu muddat davomida sportchi tabiiy ravishda o'z sport formasini yo'qotadi.
Albatta, Ngannu o'z kelajagini taminlash maqsadida MMAda ko'tarilish orqali tashkilotdan yangi shartnoma kutayotganini tushunsa bo'ladi va endi u “toza” vijdon bilan Fyurini taqib qilmoqda. Sababi, bu u uchun so'nggi imkoniyat bo'lishi mumkin. O'z navbatida Fyuri ham bo'sh kelmasligi bor gap. U mart oyida Usik bilan jang qilishi kerak edi, biroq o'shanda jang bekor bo'lgandi. Tayson ham “el qatori” ijtimoiy tarmoqlarda anchagina faollashib qoldi. “CHarm qo'lqop ustasi” oxirgi kunlarda Usik, Jons va UFC sharhlovchisi Jo Roganga ham “sakrab ko'rdi”.
Bu ikki sportchi o'rtasidagi jang birinchi navbatda Frensisga kerak. Boisi, u boksga pul ishlab olish uchun kirmoqda, bu hech kimga sir emas. Agar bunday bo'lmaganida, biz Ngannuni ancha oldin boks ringida ko'rgan bo'lar edik. Tayson uchun ham bu faoliyatidagi eng katta gonorarni olish imkoniyati. Britaniyalik bokschi ancha muddatdan beri jang qilmayotganini inobatga olsak, u bunday “komfort”dan maksimal foyda chiqarishga urinib ko'rsa ne ajab.
Yana bir jihat shundaki, Fyuri bilan duelda Frensis unchalik ko'p imkoniyatga ega emas. MMAda kamerunlik jangchi “qo'rqinchli” zarba sohibi sifatida tanilgan, ammo uning bu jihati ringda unutilib ketishi aniq. CHunki boksda tamoman boshqa qoidalar, mezon o'lchovi ham turlicha va tubdan yuqori qarama-qarshilik kabi omillar afrikalik jangchining imkoniyatini pasaytirib yuboradi. SHuningdek, Tayson juda katta tanaga ega. Bunda uni urishni Ngannu eplay olishiga kafolat yo'q. Takidlash joizki, britaniyalik jangchi sayyoradagi eng kuchli bokschilardan biri va hozirga qadar u mag'lubiyat alamini tatib ko'rmagan.
Biroq, yuqoridagi omillar Afrika “o'g'loni”ni tashvishga solmasa ham kerak. Tayson bilan potencial jang natijasida u juda katta summaga ega bo'ladi (maqsad ham shu) hamda o'z yo'liga qaytgach, Dana Uayt oldiga “burni ko'tarilgan” holda qaytishiga shubha yo'q. Ehtimol, Jons ham karerasi yakunida mo'maygina daromad topish uchun “Lo'lilar qiroli” bilan shov-shuvli jang qilishi mumkindir. Qolaversa, Tayson hamda Jons ijtimoiy tarmoqlarda “dahanaki jang”larni boshlab yuborishgan, axir...
Habib Jo'raboev tayyorladi