SportUz.Net
photo photo

U-20 JCH: Mundial mezboni va dastlabki raqib Argentina bilan tanishamiz!

19.05.2023 18:34    


Rasmni yuklab olish

20 maydan boshlab Argentinada 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida jahon chempionati start oladi.

Etiborli jihati, musobaqaning ochilish o'yini Argentina hamda O'zbekiston terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadi. Turnir boshlanishiga qadar biz sizga “A” guruhidan o'rin olgan Argentina, Yangi Zellandiya va Gvatemala termalari haqida batafsil malumot berib o'tamiz. Demak, ilk raqib va mezbon jamoa Argentina bilan yaqindan tanishib chiqamiz.

Argentina U-20 termasi haqida 

Argentina terma jamoasi bu yosh toifasida eng muvaffaqiyatli mamlakat bo'lib, ular ushbu musobaqada 6 marotaba g'olib bo'lgan va bu natija turnir rekordi hisoblanadi. "Albiselestelar" 1979 yildan beri o'tkazilgan 23 ta JCHning 17 tasida ishtirok etgan. 

Argentinaning 20 yoshgacha bo'lgan terma jamoasi tarkibida Diego Maradona, Valter Samuel, Maksi Rodriges, Serxio Romero, Esteban Kambiasso, Xavier Teyoli, Roman Rikelme, Fernando Gago, Pablo Piatti, Luis Islas, Lusiano Galetti, Ramon Dias, Savi Lamela, Serxio Aguero, Anxel Di Mariya, Lionel Messi, Xaver Saviola, Pablo Aymar, Manuel Lanzini, Oskar Rugerri, Franko Kostanso kabi taniqli futbolchilar harakat qilgan. 

Argentinaning birinchi chempionlik davri 1979 yilga to'g'ri kelgan va o'sha yilgi chempionatning “Oltin to'pi” Maradonaga nasib etgandi. Qayd etish joizki, 2005 yilgi mundialda, Messi boshchiligidagi jamoa Kolumbiyada bo'lib o'tgan JCHda 3-o'rinni qo'lga kiritadi. SHuningdek, jahon birinchiligining eng yaxshi to'purari sovrini ham, “Oltin to'pi” ham Messiga nasib etgandi. 




Hozirgi tarkib va to'purarlar 

20 yoshgacha bo'lgan Argentina terma jamoasining bugungi kundagi transfer narxi 50.5 million evroga baholangan. Ayni dam ular FIFA reytingida peshqadam. Terma jamoa tarkibidagi eng qimmat futbolchi “Manchester Siti” azosi Maksimo Perrone bo'lib, uning qiymati 10 “limon”ni tashkil etadi. Keyingi o'rindan “Veles Sarsfild” himoyachisi Valentin Gomez o'rin olgan. Gomezning transfer summasi 4.5 million evroga teng. Keyingi o'rinlarda “Inter” futbolchisi – Valentin Karboni, “Rosario Sentral” hujumchisi – Alexo Veliz, “San Lorenco” azosi – Agustin Giay hamda “Yuventus” vingeri – Matias Soulelarni uchratish mumkin. To'rttala o'yinchilarning ham narxi 4 million evrodir. 

"Albiselestelar" tarkibida “Barselona”, ”Yuventus”, “Lacio”, “Sporting”, “Manchester Siti”, “Boka Xuniors”, “River Pleyt” kabi taniqli klub futbolchilari to'p suradi. Musobaqaning asosiy yuludzi bo'lishi kutilgan Garnacho mundialda qatnashmaydigan bo'ldi. 

Argentina U-20 termasi tarixidagi eng yaxshi to'purar Lionel Messidir. 7 karra “Oltin to'p” sohibi yoshlar terma jamosi safida 14 bor gol urishga muvaffaq bo'lgan. Undan keyingi o'rinlarni Fernando Kavenagi (12 ta) va Xaver Saviola (11 ta) band etib turibdi. Qolaversa, Diego Simeonening o'g'li Jovanni Simeone hisobida 10 ta, Diego Maradona hisobida 7 ta va uning kuyovi, Aguero hisobida esa 6 ta gol mavjud.




Bosh murabbiy haqida 

Bugungi kunda Argentina U-20 terma jamoasini jahon futbolining nomdor vakillaridan biri Xaver Maskerano boshqarmoqda. Maskerano jamoani 2022 yil 1 yanvarda qabul qilib olgan. O'shandan buyon yosh "albiselestelar" Xaver qo'l ostida 16 ta uchrashuv o'tkazib, 9 g'alaba, 1 durang va 6 mag'lubiyat qayd etdi. 38 yoshli murabbiyning futbolchilik davri haqida gapiradigan bo'lsak, u faoliyatini “River Pleyt”da boshlagan. Keyinchalik, “Koritians”, “Vest Xem”, “Liverpul”, “Barselona”, “Xebey CHayna” klublarida davom ettirib, 2021 yil “Estudiantes”da “butsalarini mixga ildi”. 

Klublar safidagi umumiy statistikasi 649 uchrashuvda 5 golni tashkil etadi. Argentina milliy terma jamoasidigi debyuti 2003 yil sodir bo'lgan. Eng oxirgi o'yini bo'lsa 2018 yilga to'g'ri keladi. Milliy jamoada o'tkazilgan 15 yil oralig'ida Maskerano 147 bahsda maydonga tushib, 3 bor raqib jamoa posbonlarini ranjitishga erishgan.




Habib Jo'raboev tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: