SportUz.Net
photo photo

So‘nggi “qaldirg‘och”dan Cheran gegemoniyasigacha. O‘zbekiston chempionatining so‘nggi 10 mavsumdagi eng yaxshi to‘purarlari

12.04.2023 21:00    


Rasmni yuklab olish

O‘zbekiston Superligasi asta-sekin o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Chempionlik poygasida yaqqol favoritlar yo‘q, 5-turga keliboq barcha jamoa ochko yo‘qotishga ulgurdi. Musobaqa jadvalini “Neftchi” va “Bunyodkor” boshqarmoqda, o‘tgan mavsum sovrindorlari hozircha top-3 likda yo‘q.

Shuningdek, to‘purarlar poygasini kuzatish ham qiziq bo‘lyapti. Dragan Cheranning to‘rt yillik gegemoniyasiga chek qo‘ya oladigan futbolchi topiladimi? Bu ham joriy mavsumning asosiy intrigalaridan biri bo‘lib turibdi. Quyida O‘zbekiston chempionatining so‘nggi o‘n yillikdagi mavsum to‘purarlari haqida so‘z boradi.

2013 yilgi mavsum, Oleksandr Pishur (“Bunyodkor”)

“Qaldirg‘ochlar” hozircha so‘nggi bo‘lib turgan chempionligini qo‘lga kiritgan 2013 yilda jamoaning ukrainalik hujumchisi Oleksandr Pishur to‘purarga aylangan. U bir mavsumda 19 ta gol urgan. Oleksandr mavsum to‘purariga aylangan so‘nggi “qaldirg‘och” bo‘lib qolmoqda, undan keyin “Bunyodkor” vakillari bu cho‘qqini zabt etolmadi. Pishur 2018 yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan.

2014, Artur Gevorkyan (“Nasaf”)

O‘zbekistonning bir qator klublarida o‘ynagan Artur Gevorkyan yulduzlik onlarini “Nasaf”da o‘tkazgan deyish mumkin. U O‘zbekiston Oliy ligasining 2014 yilgi mavsumida 18 ta gol bilan to‘purarga aylangan. Ushbu mavsumda “Nasaf” 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

2015, Igor Sergeev (“Paxtakor”)

2015 yilda “Paxtakor” futbolchisi bo‘lgan Igor Sergeev 24 ta gol bilan O‘zbekiston Oliy ligasi to‘purariga aylangan. Toshkent klubi musobaqa g‘olibiga aylangan. Sergeev ayni paytda Qozog‘istonning “Tobol” klubi safida o‘ynayapti.

2016, Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Lokomotiv”)

O‘zbekistonning bir qator klublarida faoliyat yuritgan futbolchi 2016 yilda “Lokomotiv” safida 22 ta gol bilan Oliy liga to‘purari bo‘lgan. O‘sha mavsumda “temiryo‘lchilar” musobaqa chempioniga aylangan. Abduxoliqov ayni vaqtda “Navbahor” safida to‘p surmoqda.

2017, Marat Bikmayev (“Lokomotiv”)

2017 yilgi mavsumda ham “Lokomotiv” futbolchisi musobaqa to‘purari bo‘lgan. Marat Bikmayev 27 ta gol kiritgan. “Temiryo‘lchilar” bu mavsumda ham musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Ayni paytda esa Bikmayev “Lokomotiv” safida Pro-Ligada o‘ynamoqda. Bikmayevning 27 ta goli nafaqat so‘nggi dekada, balki 2005 yildan (Anvar Soliyev, 29 ta gol) keyingi eng sermahsul natija hisoblanadi.

2018, Tiago Bezerra (“Paxtakor”)

O‘zbekiston chempionatiga 2018 yildan boshlab Superliga nomi berilgan va yangi formatda o‘tkazilgan. Shota Arveladze qo‘l ostidagi “Paxtakor” musobaqani “Lokomotiv”ga boy bergan. Biroq “sherlar”ning braziliyalik legioneri 17 ta gol bilan chempionat to‘purari bo‘lgan. Shundan beri “Paxtakor”ning legionerlari to‘purarlik maqomini hech kimga bermay kelmoqda.

2019—2022, Dragan Cheran (“Paxtakor”)

2019 yildan boshlab O‘zbekiston Superligasida Dragan Cheran erasi boshlandi deyish mumkin. “Paxtakor” futbolchisi ushbu mavsumda 23 ta gol urdi va katta farq bilan to‘purarga aylandi. “Paxtakor” ham katta farq bilan musobaqa chempioni bo‘ldi. Cheran 2020 yilda 20 ta gol bilan musobaqa to‘purari bo‘ldi. Shuningdek, “Paxtakor” futbolchisi 8 ta assist qayd etib “sherlar”ning navbatdagi chempionligiga katta hissa qo‘shgandi.

Serbiyalik futbolchi Superliganing 2021 yilgi mavsumida 16 ta gol bilan to‘purarlar reytigini birinchi o‘rinda yakunlagan. U o‘z gollari bilan “Paxtakor”ning O‘zbekiston chempionatlaridagi 14-chempionligini qo‘lga kiritishiga yordam bergan. “Paxtakor” uchun qiyin o‘tgan, ammo muvaffaqiyatli yakunlangan Superliganing 2022 yilgi mavsumida ham Cheran to‘purarlik maqomini muvaffaqiyatli himoya qildi. Serbiyalik futbolchi musobaqa davomida 20 ta gol urdi.

O‘zbekiston Superligasi 2023 yilgi mavsumining 5 ta turi ortda qoldi va hozircha Dragan Cheran 5 ta gol bilan musobaqa to‘purari bo‘lib turibdi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: