SportUz.Net
photo photo

Arzonlashgan «yulduz»lar reytingi

06.03.2023 09:31    


Rasmni yuklab olish

So‘nggi 3 yil ichida eng qimmatbaho futbolchilar o‘ntaligi reytingi juda tez o‘zgarib ketdi.

Ulg‘ayib kelayotgan navqiron yulduzlar bahosi haddan tashqari pasayib ketgan tajribali kasbdoshlaridan o‘zib ketishdi.

10. Kevin De Bryuyne,  31 yoshda, yarim himoyachi, «Manchester Siti». 150 mln. yevrodan 80 mln. yevroga

Yozda belgiyalik futbolchi 32ga chiqadi. Tabiiyki, uning faoliyati yakunlanib bormoqda. Kevin terma jamoa bilan hech narsaga erisha olmadi, «Manchester Siti»da esa YECHL hamon orzuligicha qolmoqda. Biroq o‘yini avvalgidek - gollari va samarali uzatmalar soni talab darajasida. Yarim himoyachi so‘nggi 3 yil ichida 41ta gol va 59ta assistni o‘z hisobiga rasmiylashtirdi.

9. Muhammad Saloh,  30 yoshda, hujumchi,  «Liverpul». 150 - 80

Misrlik futbolchi uchun oxirgi 3 yil muvaffaqiyatli o‘tdi. U APL mavsumini o‘rtacha 20ta gol bilan o‘tkazmoqda, avvalgi mavsumda assistlar (14) bo‘yicha shaxsiy rekordini o‘rnatdi, sovrinlar kolleksiyasini Angliya Kubogi va Superkubogi, Liga Kubogi bilan boyitdi. Transfer bahosi pasayishining asosiy sababi - uning yoshi. Bundan tashqari, Saloh hozir avvalgi Saloh emas, APLdagi 23ta o‘yinda 8ta gol urdi, mavsum oxirigacha bu ko‘rsatkichni 15taga yetkazishi ham shubha ostida. Salohning oxirgi 5 yildagi natijalari quyidagicha: 32, 22, 19, 22, 23.

8. Saul Niges,  28 yoshda, yarim himoyachi, «Atletiko». 90 - 15

Aftidan, ispaniyalik futbolchining eng yorqin davri ortda qolgandek. 2021 yilning yozida «Atletiko» uni 5 mln. yevro evaziga «Chelsi»ga ijaraga bergandi. Londonda Saul har o‘yinda o‘rtacha 53 daqiqa to‘p surdi, 23 uchrashuvning 12tasini boshlang‘ich tarkibda boshladi. Madridga qaytganidan keyin ko‘proq (22ta o‘yinning 12tasida) zaxiradan o‘yinga qo‘shilmoqda. 28 yoshli yarim himoyachi 2019 yil noyabridan beri terma jamoaga jalb etilmayapti. Lekin 2020|2021 yillar mavsumida «matraschilar» bilan chempionlikka erishdi va YECHL, KJCH g‘olibligidan boshqa barcha sovrinlar sohibiga aylandi.

7. Dele Alli,  26 yoshda, yarim himoyachi, «Beshiktosh» 90 - 14

2018|2019 yillar mavsumini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan angliyalik futbolchi ke­yinchalik Turkiya chempionatiga yo‘l olishga majbur bo‘ldi. Buning asosiy sababi, o‘sha mavsumda Dele 6 marta jarohat olgandi. Shundan keyin avvalgi saviyasini tiklay olmagach, 2022 yilning birinchi yarmida «Everton»dagi faoliyatini izga tushira olmadi. Joriy mavsumda u «Beshiktosh»ning 15ta o‘yinidan 9tasida boshlag‘ich tarkibda maydonga tushdi va jamoasiga 2ta gol tuhfa etdi. Angliya terma jamoasi libosini esa 3,5 yildan beri kiygani yo‘q.

6. Neymar, 30 yoshda,  hujumchi, «PSJ» 160 - 75

Neymar 5 fevralda 31ga chiqdi. Shu paytgacha Braziliya terma jamoasi tarkibida Kopa Amerikada ham, JCHlarida ham g‘olib chiqa olmadi. «PSJ» bilan esa YECHLda. Vaholanki, uning to‘purarlik layoqatiga putur yetmagan. Hamma gap uning salomatligida: 2020 yil yanvaridan beri u 11 marta jarohat olib, 42 uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Joriy mavsumni a’lo darajada o‘tkazmoqda , 20ta o‘yinda 24 ball (13}11). Avvalgi 3 mavsumdagi natijalari: 15ta o‘yinda 13}6, 18ta o‘yinda 9}6, 22ta o‘yinda 13}6.

5. Lionel Messi, 35 yoshda, hujumchi, «PSJ». 140 - 50

Yozda argentinalik daho 36ga to‘ladi. Yoshi ulg‘aygach, qiymati pasayishi tabiiy. Leo Parijdagi dastlabki mavsumini nisbatan sust o‘tkazdi (Liga1ning 26 o‘yinida 6}15, YECHLning 7 o‘yinida 5ta gol). Lekin ikkinchi mavsumida «Barselona»dagidek sermahsul o‘yin ko‘rsatdi va JCHga ajoyib sport formasida yo‘l oldi va Argentina bilan shohsupaga ko‘tarildi, turnirning eng yaxshi o‘yinchisi (7}3) bo‘ldi. «PSJ» tarkibida ham Messi sermahsullikni davom ettirmoqda: barcha musobaqalardagi 28ta o‘yinda 31 (17}14) 2018 yilda daho 180 mln. yevroga baholangandi. Taqqoslash uchun - 35 yoshida Krishtianu Ronalduning qiymati 60 mln. edi.

4. Sadio Mane, 30 yoshda, hujumchi, «Bavariya»  150 - 60

Senegallik hujumchining yorqin davri ham ortda qoldi. 2020 yildan keyin Sadio «Liverpul» bilan APL, Angliya va Liga Kuboklari g‘olibi bo‘ldi, «Bavariya» bilan Germaniya Superkubogi sohibi bo‘ldi. Shu davr ichida APLning 86 uchrashuvida 35ta gol va 13ta assistni amalga oshirdi. Anchadan beri klubni tark etish niyatida yurgan Mane «Liverpul» bilan shartnoma muddatini uzaytirishni istamadi. 2022 yilning yozida  «Bavariya» uni 32 mln. yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi va u bilan 3 yillik shartnomani imzoladi. Nemis grandi tarkibida Sadio 24 marta maydonga tushib, 11ta gol va 4ta samarali uzatmani rasmiylashtirdi. Noyabr oyidan beri jarohatin davolash bilan mashg‘ul.

3. Rahim Sterling, 28 yoshda, hujumchi, «Chelsi» 160 - 70

So‘nggi mavsumlarda sermahsulligi pasaya boshlagan angliyalik hujumchini (18}15, 17}11, 20}4, 10}8, 13}6) «Manchester Siti» 56,2 mln. yevroga «Chelsi»ga sotib yubordi. U «ko‘klar» bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi. Joriy mavsumning 22ta o‘yinida Rahim yangi jamoasiga 9 (6}3) ball hadya etdi. 5 yanvardan bu yog‘iga tizzasidan olgan jarohatni davolash bilan band.

2. Antuan Grizmann, 31 yoshda, hujumchi, «Atletiko» 120 - 25

3 yilda fransiyalik to‘purar «Barselona»ga o‘tib, «Atletiko»ga qaytishga ulgurdi. Kataloniya grandida Antuan Madridga nisbatan sustroq o‘yin ko‘rsatdi, faqat Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritdi. 2 mavsumda u 71 marta maydonga tushib, 34 (22]12) ball jamg‘ardi. Bundan avval esa «Atletiko» safidagi 69ta o‘yinda 51 (34}17) ballga erishgandi. Hozir Grizmann boshlang‘ich tarkibning doimiy a’zosi bo‘lmasada, risoladagidek ko‘rsatkichni qayd etmoqda - Primeradagi 23ta o‘yinda 14 (7}7) ball. O‘tgan yili 26 uchrashuvda atigi 3ta gol urgandi.

1. Eden Azar, 32 yoshda, hujumchi, «Real», 120 - 7,5

Belgiyalik hujumchining bahosi 3 yilda 93,8 foizga arzonlashdi. Bu mutlaq rekord. «Qirollik klubi»dagi 3,5 yil davomida Eden 73 marta maydonga tushib, 7ta gol urdi, milliy terma jamoaning 20ta uchrashuvida 1ta gol va 3ta assistni amalga oshirdi. Lekin shu davr ichida Azar 70ta o‘yinda maydonga tusha olmagani ham haqiqat. Jarohatga moyilligiga qaramasdan, hujumchi ikki marta La Liga va Ispaniya Superkubogida zafar quchdi, YECHL va UYEFA Superkubogida g‘olib chiqdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, belgiyalik hujumchi «Al-Nasr» klubiga o‘tishi mumkin

MUHAMMADSODIQ tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: