2004 yilda AQSHning Virjiniya shtatida tug'ilgan, shu davlat fuqarosi bo'lmish 18 yoshli Ilya Malinin kuni kecha ota kasbi — figurali uchish bo'yicha AQSH birinchiligida chempionlikni qo'lga kiritdi!
Siz O'zbekistonga bog'liq bo'lgan bu sportchi haqida ko'p malumotga ega bo'lmasangiz kerak. U AQSH terma jamoasi safida kattalar o'rtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi, kattalar o'rtasida bir nechta Gran-prilar g'olibi. SHuningdek, Malinin rasmiy to'rtlik akseldan (4A) foydalangan tarixdagi birinchi figurali uchuvchidir. Uning eng katta yutuqlaridan biri — Ilya endilikda kattalar o'rtasida AQSH chempioni hisoblanadi (yutuqlari haqida batafsil gaplashamiz).
Biz uchun qiziq tomoni, Malininning ota-onasi O'zbekiston nomidan bir nechtanufuzli musobaqalarda ishtirok etib, sovrindor bo'lishgan.
Otasi Roman Skornyakov:
1997-2003 yillarda O'zbekiston chempioni;
1998-2022 yillarda O'zbekiston nomidan qishki Olimpiadada ishtirok etib, har ikkisida 19-o'rinni egallagan;
1999 yilgi qishki Osiyo o'yinlarida O'zbekiston nomidan ishtirok etib, kumush medalga ega chiqqan (!)
SHuningdek, 1997-1998-yilgi Osiyo kubogida ham Roman ikkinchi o'rinni rasmiylashtirgan.
Suratda: Roman Skornyakov
Onasi Tatyana Malinina esa:
1993-2002 yillarda O'zbekiston chempioni;
1999 yilda "To'rt qita" musobaqasining tarixdagi ilk g'olibasi (!)
1999 yilda qishki Osiyo o'yinlari oltin medali sohibasi;
2002 yilgi qishki Olimpiada ishtirokchisi hisoblanadi.
Suratda: Tatyana Malinina va uning o'g'li Ilya Malinin
Roman Skornyakov haqida
Roman Skornyakov 1976 yilda Rossiyaning Ekaterinburg shahrida tavallud topgan. 1995-1996 yillarda Rossiya chempionatida ishtirok etgan va shundan so'ng O'zbekistonga kelib, bayrog'imiz ostida musobaqalarda qatnashishni boshlagan. Besh yil ketma-ket O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgan. Qizig'i, mashg'ulot uchun deyarli sharoit yo'q bo'lgan uchun Roman Ekaterinburgda shug'ullangan, ammo har yili mamlakat chempionati o'tkazilgan yurtimizda g'oliblikka erishgan. Qiziq, Skornyakovga bizda raqobatchilar bo'lganmi? Ammo Romanning iqtidoriga zig'ircha shubha bilan qarashga haqqimiz yo'q, deya olaman. To'g'ri, u jahon birinchiligi yoki qishki Olimpiadalarda sovrinli o'rinlarni egallamagan, biroq Janubiy Koreya kabi qishki sport turlari rivojlangan mamlakat sportchilariga Osiyo kubogi, qishki Osiyo o'yinlarida munosib raqobat tug'dira olgan.
1998 yilda Roman AQSHning Deyl-Siti shahriga ko'chib o'tadi va o'sha erda sevimli sport turi bilan shug'ullana boshlaydi. U hozir ham Deyl-Sitida istiqomat qiladi. Farzandlari Ilya va Elizavetaga figurali uchish sportining sir-asrorlarini o'rgatib keladi. Unga bu ishda suyukli rafiqasi Tatyana Malinina yordam beradi.
Oilaviy surat
Tatyana Malinina haqida
Tatyana Malinina 1973 yilda Rossiyaning Novosibirskida tug'ilgan. U dastlab o'zi tug'ilgan Novosibirsk shahrida otasi qo'lida ushbu sportni o'rganadi. SSSR va Rossiya birinchiliklarida ishtirok etadi. 1993 yilda esa O'zbekiston terma jamoasi vakilasiga aylanadi. SHu yildan to 2002 yilgacha mamlakat chempionligini hech kimga bermaydi (!). U 1998 yil boshigacha O'zbekistonda mashg'ulot o'tkazish uchun sharoit yo'qligi tufayli Pervouralskda shug'ullanadi. 1998 yilda esa bir guruh o'zbekistonlik figurali uchuvchilar (ular orasida Roman Skornyakov ham bor edi) murabbiy Igor Ksenofontov boshchiligida Deyl-Sitiga boradi (Virjiniya, AQSH). Tatyana o'sha yillarda o'zi ishtirok etgan NHK Trophy (1998, Sapporo), so'ngra Sankt-Peterburg Gran-prisida muvaffaqiyat qozonadi.
SHuningdek, o'sha yili u "To'rt qita" musobaqasining tarixdagi ilk g'olibasiga aylanadi, qishki Osiyo o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritadi.
Igor Ksenofontov 1999 yilda vafot etganidan so'ng, Tatyana bo'lajak turmush o'rtog'i Romanning qo'lida shug'ullana boshlaydi. Yana ikki mavsum yuqori formada musobaqalarda ishtirok etgan Tatyana 2002 yilda havaskor sportdagi faoliyatini yakunlaydi.
Roman va Tatyana 2000 yilda turmush qurishgan. Hozirda ularning o'g'li Ilya (2004) va qizi Ekaterina (2015) bor. Sportchilik faoliyatini yakunlaganidan so'ng Tatyana turmash o'rtog'i Roman bilan birgalikda o'zlari istiqomat qiladigan Deyl-Sitida murabbiy qila boshlashgan. Hozirda ular Virjiniya shtatining boshqa bir shahri — Restonda ishlashadi.
Buni o'qish shart!
Ularning faxrlansa arziydigan o'g'li Ilya o'smirlar o'rtasida uch karra, kattalar o'rtasida bir bor AQSH chempioni, bir qancha Gran-prilar g'olibi, kattalar o'rtasida jahon chempionatining eng yaxshi o'n nafar sportchilaridan biri (9) hisoblanadi.
Ularning faxrlanishiga sabab, o'g'lining raqobat juda kuchli joyda bunday natijalarga erishayotgani bo'lsa, bizning faxrlanishimizga sabab, bayrog'imiz ostida ishtirok etgan sportchilarimizning murabbiyligi ostida bunday natijalarga erishilayotganidir!
Ha, ko'p, juda ko'p narsalar murabbiylarga bog'liq. Qaniydi, o'sha Amerikadagi sharoitlar o'zimizda yaratilganida, hozir yana bir Misha Ge kashf etilar, balki, undan-da yaxshiroq sportchiga, ikki nafar murabbiyga ega bo'larmidik!? Balki, Roman va Tatyanani murabbiy sifatida olib kelganimizda, qishki sport turlarida faqatgina Komiljon To'xtaevgagina emas, boshqa sportchilarga ham muxlislik qilarmidik!?
Murabbiy deganimga yana bir malumot yodga keldi, barchamiz muxlislik qilgan afsonaviy (har holda O'zbekiston uchun) Misha Ge ham ayni damda Yaponiyada murabbiylik bilan shug'ullanyapti. 2018 yilda faoliyatini yakunlagan sobiq sportchimiz ham tobora pastlayotgan o'zbek figurali uchish sportiga najot bo'lishi mumkin edi.
Umuman olganda, siz yaqin besh-o'n yilda yana Misha Ge singari tajribali sportchilarimizning xalqaro musobaqalardagi chiqishlarini kuzatamiz deb o'ylaysizmi? SHaxsan menda shubha bor. Ammo bu noto'g'ri bo'lib chiqishini juda-juda istayman, oddiy O'zbekiston muxlisi sifatida.
Alisher Nikimbaevning malumotidan ilhomlangan holda Diyor Mavlonov tayyorladi