SportUz.Net
photo photo

Butsa bo‘yicha eng qimmatbaho kelishuvlar (top-10)

14.07.2022 23:31    


Rasmni yuklab olish

Adidas, Nike va Puma - bu kompaniyalar jahon sportida katta mavqega ega. Xususan, 3ta  guruh ham futbolga taraqqiyotning bosh maydoni sifatida qaraydi. Rivojlanish va daromad salmog‘ida esa yulduz futbolchilar bilan tuzilajak tijorat bitimlari muhim. Zero, bugungi hayotda har qanday mahsulot kuchli reklamaga muhtoj. Ayniqsa, sport atributlari, jumladan, butsa modellari. Tabiiyki, yulduzlar tekinga reklama qilishmaydi. Demak, bugungi fotojamlanmada  butsa reklamasi ortidan katta pul olayotgan futbolchilarga e’tibor qaratamiz, aniqrog‘i, bu boradagi eng yirik 10ta kelishuvga.

10-o‘rin: Muhammad Saloh - Adidas 
Shartnoma qiymati: yiliga 2,5 million funt
Misrlik goleador ayniqsa, oxirgi 3-4 mavsum «Liverpul» o‘yinida katta rol bajarmoqda. Saloh o‘z yurtida Pepsi va Vodafone kompaniya­lari mahsulotlarini targ‘ib etadi. Futbol maydonida Adidas tomonidan ishlab chiqarilgan «X18» modeliga mansub butsadan foydalanish asnosida yiliga naq 2,5 million funtni qurtdek sanab oladi.


9-o‘rin: Marko Verratti - Nike
Shartnoma qiymati: yiliga 2,5 million funt
Italiyalik ko‘plab futbolchilar Puma tarafidalar aslida. «PSJ» futbolchisi esa 2017 yili bu kompaniya bilan aloqani uzib, Nike tomon og‘di. Verratti shundan buyon AQSH kompaniyasiga tegishli Hypervenom Phantom III butsasini kiyib, yiliga qo‘shimcha 2,5 million funt topyapti. 


8-o‘rin: Pol Pogba - Adidas
Shartnoma qiymati: yiliga 3 million funt
Fransiyalik futbolchi sport olamida ulkan marketing ob’ektiga aylanib ulgurdi. Chunonchi, Pogba ijtimoiy tarmoqlarda faol, obunachilari ham ko‘p. Pol jumladan, Adidas bilan butsa masalasida umumiy qiymati 30 million funt sterlingga teng 10 yillik bitimga ega. Bu shartnoma 2024 yilgacha amalda bo‘ladi. 


7-o‘rin: Antuan Grizmann - Puma 
Shartnoma qiymati: yiliga 3,5 million funt
Grizmann - Yevropada Puma bilan faol hamkorlik qilayotgan futbolchi. U Germaniya kompaniyasi bilan 2015 yili shartnoma tuzgandi. Shundan buyon g‘aznasiga har yili 3,5 million funt tushmoqda. Puma hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish uchun 2019 yili hattoki, Future 4.1 NETFIT Grizi nomi ostida cheklangan miqdorda butsa ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.


6-o‘rin: Garet Beyl - Adidas
Shartnoma qiymati: yiliga 4 million funt
Uelslik yulduz «Real» muxlislarini hafsalasizlikka tushirgan bo‘lsada, Adidas brendi uchun benazir marketing maqomida qolmoqda. U Germaniya kompaniyasi butsalarini reklama qilish asnosida yiliga «atigi» 4 «limon» topyapti. Aytish o‘rinli, Garet faoliyatining cho‘qqisiga chiqqan payt EA Sports va Lucodze bilan ham faol ishlagandi.


5-o‘rin: Mario Balotelli - Puma 
Shartnoma qiymati: yiliga 5 million funt
31 yoshli faxriy oxirgi mavsumda «Demirspor» (Turkiya) sharafini himoya qildi. Lekin italiyalik «bebosh» vaqtida Yevropaning eng salohiyatli futbolchilari qatoriga kirgan va avvaliga Nike, keyin Puma bilan 10 yillik mo‘may shartnoma tuzgandi.


4-o‘rin: Kilian Mbappe - Nike
Shartnoma qiymati: yiliga 14 million funt
«PSJ»da qolib, «Real»ni ko‘p ranjitgan fransiyalik goleador futbol marketingida Krishtianu Ronaldu va Lio­nel Messining eng asosiy raqotchisi sanaladi. Nike Kilian bilan kelishuvga erishish yo‘lida katta xarajatdan qochmadi: 2019 yili rasmiylashtirilgan shartnoma (10 yillik)ning umumiy summasi - 140 million funt.


3-o‘rin: Krishtianu Ronaldu - Nike
Shartnoma qiymati: yiliga 15 million funt
Portugaliyalik yulduz Nike bilan muddati cheksiz (umrbod) shartnoma tuzgan 3 nafar sportchidan biridir (basketbolchilar - Maykl Jordan va Lebron Jeyms kabi). Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, kelishuv qiymati 780 million funtga teng. Xususan, butsa targ‘iboti uchun belgilangan yillik summa - 15 million funt. 


2-o‘rin: Lionel Messi - Adidas
Shartnoma qiymati: yiliga 18 million funt
Argentinalik yulduz esa Adidas bilan bir umrga bog‘langan. 34 yoshli futbolchida Adidas Messi nomi ostidagi shaxsiy butsa brendi ham bor. Fakt shuki, Leo bu atribut ortidan Ronalduga nisbatan ko‘proq topyapti.


1-o‘rin: Neymar - Puma
Shartnoma qiymati: yiliga 23 million funt
Braziliyalik yulduz 2020 yili faqat futbol emas, butun sport tarixidagi eng qimmatbaho shartnomani rasmiylashtirdi. Eng qizig‘i, Puma Neymarni qachongacha yiliga 23 «limon» bilan siylashi sir tutilmoqda. Muhimi, u hozirda shunchaki, butsa ki­yib, maydon va suratga tushgani uchun yiliga 23 million funt olmoqda.


Jahongir MIRZO tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: