SportUz.Net
photo photo

«Oltin to‘p» uchun favoritlar: Ronaldudan Messigacha

10.10.2021 16:31    


Rasmni yuklab olish

Kuni kecha “Oltin to‘p”ga ega chiqishi mumkin bo‘lgan 30 futbolchidan iborat ro‘yxat e’lon qilindi. Biz esa sizlar bilan o‘sha short-listdan unvon uchun eng loyiq 10 futbolchining imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.

10.Nikolo Barella (“Inter”, 24 yosh)


Italiyalik yigitchaning bu o‘nlikdan joy olganligi ko‘pchilikni hayratga solgan bo‘lishi turgan gap. Lekin u bu ro‘yxatga loyiq bir nechta natija ko‘rsata oldi. Yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan sovrinda “tarozining pallasi”ni ko‘proq jamoaviy sovrinlar bosa olishi hech kimga sir emas. Barella “Inter” bilan o‘tgan yili A seriyani yuta oldi. Konte jamoasida Barellaning o‘rni katta edi. Markazda Nikolo yaxshi o‘yin ko‘rsata oldi. Uning ustiga Italiya terma jamoasi asosiy tarkibi a’zosi hisoblangan Barella Yevro-2020ni yutdi. Klub va terma miqyosida ham sovrin yuta olgan futbolchining markazda o‘yin qurish bilan shug‘ullanishini hisobga olsak, uning gol+assist tizimidagi statistikasi yaxshi emas. Menimcha, u uchun bu ro‘yxatdan joy olishning o‘zi ham baxt bo‘lsa kerak. Uning “Oltin to‘p”ni yutish imkoniyati deyarli yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham u yaxshi o‘yin namoyish qilib kelmoqda.

9. Janluidji Donnarumma (“PSJ”, 22 yosh)


Yana bir italiyalik da’vogar. Umuman olganda, Italiya Yevroni yutishi tufayli ro‘yxatni asosiy qismini ularning futbolchilari egallashgan. Jiji ham shular jumlasidan, ketma-ket ikki penaltilar seriyasini yutgan Donnarumma Yevroning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Umuman olganda, uning chempionlik yo‘lida qo‘shgan hissasi juda katta bo‘ldi. Agar Italiya millatlar ligasini ham yuta olganda Donniga yuqoriroqdan joy ajratar edim. Darvozabonlar deyarli “Oltin to‘p”ga ega chiqmasligini hisoblab qarasak, Donnarummaning ham imkoniyatlari yuqori emas.

8. Ruben Diash (“Manchester Siti”, 24 yosh)


Diash “Benfika”dan kelib Premyer-ligaga yaxshi kirishib keta oldi. Umumiy aytganda, Pepning eng ishongan futbolchilaridan biri bo‘la oldi. Agar “shaharliklar” Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lganida Diash so‘zsiz beshlikdan joy olar edi. Negaki, u Premyer-ligani yutdi va Angliya chempionatida eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Afsuski, Diashning terma jamoasidan ham omad yuz o‘girdi. Har holda hali yosh futbolchi hisoblanadigan portugaliyalik shu yo‘sinda davom etsa, bu unvonni yutib qolish ehtimoli yo‘q emas. Lekin bu mavsum bu unvon boshqa insonlarga atalgandek ko‘rinmoqda. Buni vaqt ko‘rsatadi. Rubenga esa bir nechta jamoaviy sovrinlar yetishmayapti.

7. Kilian Mbappe (“PSJ”, 22 yosh)


Kilian bu sovrin uchun asosiy da’vogarlar safiga kirishi kutilyotgan edi. Lekin unday bo‘lish ehtimoli juda kam. Sifatli o‘yin kamlik qiladi hozirgi paytda. Negaki ro‘yxatdagi 10 futbolchi ham Mbappedek bo‘lmasada o‘zining ajoyib o‘yinini namoyish qila oldi. Kilian Liga 1ni yuta olmadi. Yani parijliklar mavsum yakunida 2-o‘rin bilan kifoyalanishdi. Chempionlar ligasida yarim final parijliklarning oxirgi manzili bo‘ldi. Yevroda esa Shveysariya to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Mbappe uchun eng alam qilarlisi, bu Yevroda futbol “ruletkasi”da uning amalga oshira olmagan penaltisi yakunda fransuzlarga qimmatga tushdi. Bu yili Mbappening bu unvonni qo‘lga kiritish uchun imkoniyati bir muncha past.

6. Kevin De Bryuyne (“Manchester Siti”, 30 yosh)


30 yoshni qoralab qo‘ygan belgiyalikni bu ro‘yxatga qo‘shmasak adolatsizlik bo‘lar edi. Kevin har mavsum barqaror o‘yin ko‘rsatadi. Uning jamoasi premer-ligada tengsiz topilishda Kevinning xizmati beqiyos bo‘ldi. De Bryuyne Chempionlar ligasi va Yevro-2020ni yuta olganda “Oltin to‘p” so‘zsiz uniki bo‘lar edi. Afsuski unday bo‘lmadi. Kevinning sifatli o‘yini unga bugungi ro‘yxatda shunchaki 6-pog‘onani taqdim eta oldi, xolos. Belgiyalik o‘tgan mavsum premer-ligada 6 gol va 12 golli uzatma amalga oshirdi. "Maestro"ning yoshi o‘tib bormoqda va u bu sovrinni yuta olmayotganiga yagona sabab Messi va Ronaldu erasi tug‘ilganligida. Balki Kevin “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritar, lekin, nazarimda, bu safar emas.

5. Robert Levandovski (“Bavariya”, 33 yosh)


"Qariyalar" safidan joy olishiga yaqin qolayotgan polyak shu kungacha bu unvonni qo‘lga kiritmaganiga 2 sabab bor. Birinchisi: u ham xuddi belgiyalik singari Ronaldu va Messi erasida tug‘ilganligi bo‘lsa, ikkinchisi: o‘tgan yilgi “Oltin to‘p” topshirish marosimi bo‘lmaganligida. “Bavariya” bilan Bundesligani yutgan Robert 2020-2021 yilgi mavsumda 40 o‘yinda 48 gol kiritdi. Shu sababli ham u bu ro‘yxatda yuqori pog‘onadan joy olmoqda va uning “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Ammo ikki mavsumnikini alohida berishi e’lon qilingach, bu mavsumning “Oltin to‘p”i Robertga berilmasligi ko‘rinmoqda.

4. Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”, 36 yosh)

Hozirgi zamon futbolidagi ikki dahoning biri hisoblanadigan Krish bu safar uchlikdan joy olmasligi ehtimoli katta. Ronaldu terma jamoa safida gol kiritish bo‘yicha rekord muallifiga aylanganligi uning bu ro‘yxatdagi o‘rnini yaxshilab berdi. Ammo portugaliyalik o‘tgan mavsumda birorta sovrin yuta olmaganligi uning uchun katta minus bo‘ldi. Shuni ta’kidlash joizki, Ronaldu endi “Oltin to‘p” qo‘lga kiritadimi, yo‘qmi muxlislar uchun u barbir buyukligicha qoladi. Rekordchi Ronalduning “Oltin to‘plar”i 5 ta bo‘lgan va u bu ko‘rsatkichda faqat bir insondan ortda qolmoqda.

3. Ngolo Kante (“Chelsi”, 30 yosh)

Endi esa “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish uchun asosiy uch da’vogar haqida so‘z olib borsak. Uchlikni fransuz ochib bermoqda. Kante o‘tgan mavsum Chempionlar ligasini qo‘lga kiritdi. “Real Madrid”ga qarshi yarim final uchrashuvlarida eng katta ishni amalga oshirib, jamoasini finalga yetaklay olgan Kante mavsumning so‘zsiz eng yaxshilaridan biri. Lekin terma jamoalar o‘rtasidagi katta turnir o‘tkazilgan yili Chempionlar liasini yutish kamlik qilishi mumkin. Ngolo Fransiya bilan Yevroni erta tark etdi. Aynan shu uning oyog‘idan chalmoqda. Balki Fransiya Yevroni yutganda, Kante jamoadoshi bilan o‘rin almashgan bo‘lishi mumkin edi. Pastroqda gap kim haqida ketayotganligni bilib olasiz.

2. Leo Messi (“PSJ”, 34 yosh)

Shunchaki Messi katta sovrin yutmasdan ikkinchi o‘rinda ekanligi hammani hayratlantirishi turgan gap. Lekin Leo birinchi marta terma jamoa safida sovrin yutdi. Bu hammaning e’tiborini o‘ziga qaratishiga yetarli bo‘lshi mumkin. Negaki, Messi termada sovrin yutishi 16 yildan beri muxlislar uchun kutilayotgan narsa edi. U yutdi. Bunday voqea “Oltin to‘p”ni beruvchilarni ham chetlab o‘tmaydi. Hamma ko‘rsatkichlarni ikkinchi o‘ringa surib qo‘ysa-da Messiga yettinchisi berib yuborsa-ya? Yetti kimning raqami ekanligini bilasiz. Lekin Leo o‘zining yettinchi “Oltin to‘p”ini qo‘lga kiritishiga yaqin turipti. Bunday voqea yuz bersa bilingki, termadagi sovrin Leoga “Oltin to‘p” yutishga kifoya qilgan bo‘lib chiqadi. Ha aytgancha, ovoz berish jarayonida baribir nomlar ham katta ahamiyat kasb etadi. Messining nomi Kante va … ga qaraganda kattaroq.

1.  Jorjinyo (“Chelsi”, 29 yosh)

Aslida bu mavsumgi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish uchun asosiy nomzod italiyalik va “Chelsi” tarkibida mazmunli o‘yin ko‘rsatgan bo‘lishi kerak. Aynan shunday futbolchi bu Jorjinyo. U Italiyaning Yevrodagi asosiy futbolchisi edi. U “Chelsi”ning yuragi hisoblanadi. Uning o‘yin qurishi aynan ikki jamoaga ham yilning eng katta turnirlarida zafar quchishiga cheksiz hissa qo‘shdi. Keling, yetadi Messi va Ronalduga shuncha “Oltin to‘p”, endi navbat boshqalarga ham kelsin. Yevropaning bu yildagi eng yaxshi futbolchisiga bu mavsum “Oltin to‘p”ni berishmasa haqiqiy adolatsizlik bo‘ladi. Agar Ronaldu Chempionlar ligasini va Yevroni yutsa, “Oltin to‘p” unga beriladi. Yoki Messi Chempionlar ligasi va Kopa Amerikani yutsa “Oltin to‘p” uniki. xuddi shunday natija qilgan Jorjinyo nom tufayli bu unvonni yuta olmasa. Hammaning bu marosimdan ko‘ngli qolib ketadi.

Sizningcha, bu mavsumdagi “Oltin to‘p” kimga nasib etadi?

Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: