Klub futboli o‘z jozibasi bilan alohida o‘rin tutadi, baribir. Ayniqsa, APL. Oddiy misol, Yevro-2020 boshlanganiga qaramay, sport matbuotida Angliya chempionati yakuniga bag‘ishlangan tahliliy va taqqosiy maqolalar juda ko‘p. Xullas, biz ham bugun APLning ortda qolgan g‘aroyib mavsumida qayd etilgan ba’zi qiziqarli rekord|an-tirekord va takrorlangan eng yuqori|past ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqamiz.
Bitta klub safida eng ko‘p gol
Serxio Aguero APL va «Manchester Siti» bilan munosib, tantanavor sur’atda xayrlashdi. Argentinalik hujumchi «shaharliklar» safida chempionat doirasidagi o‘yinlar hisobidan urgan gollari sonini 184taga yetkazib, bu borada Ueyn Runi o‘rnatgan rekordni yangiladi. Eslatma, «Shrek» APLda «Manchester Yunayted» uchun 183ta gol urgan. Qisqasi, endilikda APLda muayyan bitta jamoa libosida eng ko‘p gol urgan futbolchi - bu Aguero!
Eng «kech» urilgan g‘alaba goli
Brunu Fernandesh («MYU») «Brayton» bilan o‘yinning so‘nggi lahzasida penaltidan unumli foydalangan holda, g‘alabani «qizil iblislar» tomon «yumalatdi». O‘tgan yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi o‘sha gol rasman 99,45-daqiqaga qayd etildi. Bu APL tarixida eng «kech» urilgan goldir.
Zaxirachi rolida eng ko‘p o‘yin
Faxriy Jeyms Milner («Liverpul») aprel oyida «Nyukasl»ga qarshi kechgan o‘yinga zaxiradan qo‘shildi. Shu bilan angliyalik futbolchining zaxirachi rolida maydonga tushgan o‘yinlari soni 159taga yetdi. Oddiy aytganda, Jeyms APL tarixida zaxiradan ko‘p o‘yinga qo‘shilish bo‘yicha Piter Krauchga tegishli bo‘lgan rekordni yangiladi.
Startda eng ko‘p «quruq» o‘yin
«Chelsi» Tomas Tuxel boshqaruvida dastlabki 5ta uy uchrashuvida birorta gol qo‘yib yuborgani yo‘q. Germaniyalik mutaxassis shu natija o‘laroq, APL tarixiga kirdi. Ya’ni unga qadar biror bosh murabbiy ilk 5ta uy uchrashuvida jamoasi darvozasi daxlsizligini ta’minlay olmagandi.
Haftaning har kunida gol
Kelechi Ixeanacho («Lester») - APL tarixida muayyan mavsum davomida haftaning barcha kunlari gol urgan birinchi futbolchi. Nigeriyalik hujumchi yakunlangan mavsum dushanbadan tortib, yakshanbagacha - barcha kunlarda raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Bunaqasi oldin hech kimga nasib qilgan emasdi.
Qatorasiga gol urgan eng yaxshi yosh to‘purar
Jo Uillok «Nyukasl» uchun chempionatning ketma-ket 7ta o‘yinida gol urib, seriya bo‘yicha klub rekordchisi sanalgan afsonaviy Alan Shirer natijasini takrorladi (u bunday natijani 1996 yili qayd etgandi). Qolaversa, Uillok APL tarixida 21 yoshu 276 kunligiga qadar seriyali tarzda gol urgan 13 nafar futbolchi orasida eng kichigi bo‘ldi.
Ikki yo‘nalishda ham tengsiz
«Tottenxem» yetakchisi Garri Keyn yakunlangan mavsum ham gol urish, ham unga assistentlik qilish borasida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Xullas, u mavsum yakunida APL «Oltin butsa»siga ega chiqishdan tashqari, eng yaxshi assistent ham bo‘ldi. Keyn APL tarixida har ikki yo‘nalishda tengsizligini isbotlagan uchinchi futbolchidir. Bunga qadar Endryu Koul (1993|1994) va Jimmi Floyd Xasselbaynk (1998|1999) ham to‘purarlar, ham assistentlar poygasida g‘olib chiqishgandi.
Uzluksiz ishtirok
«Sautgempton» yetakchisi Jeyms Uord-Prouz ketma-ket ikki mavsum davomida barcha o‘yinlarni maydonda o‘tkazdi. Angliya chempionati tarixida hali hech kim bunday barqarorlik namoyish qilgan emasdi.
Bitta jamoada gol mualliflari soni
«Manchester Yunayted» fevral oyida «Sautgempton»ni 9:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘sha bahsda «qizil iblislar»dan 7 nafar futbolchi nomiga gol yozildi. Bunaqasi chempionatda ikkinchi marta kuzatildi. 2012 yilning dekabr oyida «Chelsi» bechora «Aston Villa» darvozasiga javobsiz 8ta gol urganida, tabloda 7 nafar «aristokrat» familiyasi porlagandi.
Uy uchrashuvlarida eng kam gol
Mavsum omadsizlaridan biri - «Fulxem» uy stadioni «Kreven Kottej» (Craven Cottage)da atigi 9ta gol urdi. Chempionat tarixida hech qaysi ishtirokchi o‘z maydonida bu qadar past samaradorlik ko‘rsatmagandi.
Mavsum davomida eng kam gol
«Sheffild Yunayted» APL doirasidagi 38ta o‘yinda 20ta gol urish bilan cheklandi. Bu mavsum-2007|2008da «Derbi Kaunti» tomonidan qayd etilgan eng past samaradorlikning takrorlanishidir.
O‘.UMAROV tayyorladi
"Kichik bolalarga imkon berishdan charchadim". Maxachev Topuriya bilan jang haqida gapirdi