SportUz.Net
photo photo

58 yoshli Taysonda ayrim jihatlar joyida ammo…

18.11.2024 18:28    


Rasmni yuklab olish

Xabaringiz bor, ikki kun avval AQSHda uzoq kutilgan professional boks oqshomi bo'lib o'tdi.

Oqshomning markaziy jangida afsonaviy Mayk Tayson hamda mashhur bloger-bokschi Jeyk Pol o'zaro ringda to'qnash keldi. Jang ikki daqiqadan sakkiz raund to'liq davom etdi va unda hakamlarning yakdil qaror bilan Pol g'alaba qozondi.

58 yoshli Mayk Tayson o'zining professional boks faoliyatini 2005 yilda yakunlagan edi. Bir yil o'tib, u ko'rgazmali janglar seriyasini boshlashga harakat qildi va ilk raqib sifatida Kori Sandersni tanladi. Lekin keyinroq bu rejadan voz kechdi. 2020 yilda Tayson ringga qaytib, boshqa bir nafaqadagi afsonaviy bokschi Roy Jonsga qarshi ko'rgazmali jang o'tkazdi. O'sha jangdan keyin Temir Mayk ringda ko'rinish bermay kelayotgandi. Uning deyarli 60 yosh ostonasida bloger bilan jang qilishga rozi bo'lgani ko'pchilik uchun kutilmagan yangilik edi. 

Bundan tashqari, Taysonning o'zi to'qnashuvni professional maqom sifatida o'tkazishni talab qildi va bu jangni ikkala bokschining ham rekordlarida hisoblashni xohladi. Bunday janglarni Mayk deyarli 20 yil davomida o'tkazmagandi, shu bois ko'pchilik Tayson qanday holda ringga qaytishiga qiziqishi baland edi. Mashg'ulot lagerida Mayk o'z tayyorgarligini videoga olishni boshladi, unda u o'z uslubida agressiv tarzda "lapalar" bilan ishlayotganini ko'rish mumkin edi. Biror tasvirda Temir Mayk kuchli sparring hamkori bilan himoya vositalarida ishlashlayotgani aks etgan videolar ko'rinmadi. 

Umuman olganda, Tayson yoshiga nisbatan juda yaxshi jismoniy holatda jangga chiqdi, ammo bu holat uning ringda muvaffaqiyatga erishishiga yordam berishi hali nomalum edi. Tayson dastlabki ikki raundda hayratlanarli darajada qarshilik ko'rsatdi.

Buni hatto Polning o'zi ham kutmagan bo'lsa kerak. Jangning birinchi raundida Tayson bong yangrashi bilan blogerga tashlandi. Tezkorlik bilan korpusni harakatlantirdi va qo'llarini o'zining "peek-a-boo" uslubida ishlatdi. Jeyk birinchi raundda bir nechta og'ir jeblar va xuklarni qabul qildi. Buning natijasida u jangning boshidayoq hazillashmaslik kerakligini anglab etdi. SHundan so'ng, Pol masofadan jeblar bilan ishlashni boshladi.

Albatta, tezlik va reflekslar o'rtasidagi farq ko'zga tashlandi. 31 yosh farqi - bu kichik son emas. Mayk o'zining oltin davridan namuna ko'rsatishga harakat qilar, lekin aniq ediki, oyoq ishlashi va tezkor hujumlarda etishmovchilik baribir sezilar edi. "Peek-a-boo" uslubi va masofani qisqartirish bazan ishlagan bo'lsa-da, ammo charchoq alomatlari hujumni davom ettirishni qiyinlashtirdi.

Mayk korpusining ishlashi hamda harakatlari juda ham ko'rimli edi. U doimiy ravishda joyini o'zgartirib, Polni bazan havoga zarba berishga majbur qildi. Umuman olganda, Tayson ikki raund yaxshi urishdi, o'z uslubini Polga o'tkizishga harakat qildi. Lekin to'rt daqiqa o'tgach, Temir Mayk charchadi. Haqiqatni aytish kerak, Maykning funkcional tayyorgarligi yoshroq paytida ham hayratlanarli darajada bo'lmagan.

SHuningdek, noto'g'ri turmush tarzi va yoshi sustlashuvga sabab bo'ldi — ikkinchi raunddan keyin Tayson sezilarli darajada charchab qoldi. Boshqaruv Polning qo'liga o'tdi, u endi jangni to'laligicha o'z tomoniga og'dirib oldi. Raunddan raundga Maykni yanada qiyinroq holatga keltirdi. Mayk bazi epizodlarda hanuz zarba qabul qilishni bilishini ko'rsatdi. Ammo bu erda Polni ham etirof etish kerak, chunki u xodisalarni tezlashtirmadi. Hatto nokaut qilishga ham harakat qilmadi, garchi bunga imkoniyatlar bo'lsa-da.

Agar bu jang tengdoshlar bilan yoki boshqa afsonaviy bokschilar bilan bo'lib o'tganida edi, ko'proq raqobatbardosh va yorqin bo'lishi mumkin edi. Texnika hali ham saqlanib qolgan, tana va qo'llar hali ham nima qilish kerakligini eslab qolgan. Jangdan so'ng Mayk yana bir bor ringga chiqishga qarshi emasligini hamda kelgusi bahs Jeykning ukasi Logan Pol bilan bo'lishini aytdi. Har qanday holatda ham Maykning o'z o'rnidagi afsonaviy bokschi sifatidagi merosini hisobga olgan holda bu hozirgi kunda haqiqatan ham qiyin va ishonarsiz ko'rinadi.

Jeyk bilan bo'lgan jang shuni ko'rsatdiki, Mayk o'z yoshi uchun juda yaxshi holatda. Bazi vaziyatlarda Taysonning o'ziga xos uslubi boksning eski maktabini sevuvchilarni esdaliklar va yoqimli nostalgiya dunyosiga olib keldi. Yoshlarga qarshi jang qilish endi unga mos kelmaydi – tezlik, reflekslar, funkcional tayyorgarlik – barcha jihatlarda u sezilarli darajada ortda qolgan.

Maykni Jeykning ukasi bilan jangini ko'rish – bu albatta, yoqimli ko'rinish emas. Bir necha daqiqalik nostalgiya uchun Maykka katta rahmat, lekin u endi chegarani ham bilishi kerak.

Xorijiy sayt asosida Habib Jo'raboev tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: