SportUz.Net
photo photo

Uzundan uzun sayohat yo‘li

21.08.2024 00:00    


Rasmni yuklab olish

Umumtushunchaga muvofiq, ko‘pincha futbolchilar faoliyati nisbatan qisqa ekanligi tilga olinadi.

Chunonchi, aksariyat futbolchilar chamasi 15-20 yil davomida to‘p surishadi. Lekin gohida ayrim «o‘lmas o‘yinchilar» uzundan-uzun futbol sayohati bilan ham e’tiborga tushadilar. «Telegram» tarmog‘idagi «Myach Production kanali muallifi turli manbalar ma’lumotlariga tayanib, futbol olamida aynan o‘yinchi sifatida eng uzoq faoliyat yuritganlarni alohida e’tirof etdi.

5-8.Dmitriy Loskov (Rossiya). «Lokomotiv» (Moskva) hayotida yorqin iz qoldirgan sobiq yarim himoyachi professional darajada naq 27 yil o‘ynagan. Aniqroq aytsak, 1990 yili Kurganning «Metallist» klubida debyut qilgan futbolchi butsalarini «Lokomotiv» afsonasi sifatida mavsum-2017 yakunida mixga ilgan. 

5-8. Xerman Denis (Argentina). 1997 yili «Talyeres»da o‘ynay boshlagan hujumchi faoliyatiga yaqindagina yakun yasadi. Aniqroq aytsak, Xerman o‘tgan yili «Real Kalepin» jamoasida faoliyatidagi 27-mavsumni o‘tkazib, professional futbol bilan xayrlashdi.

5-8. Roke Santa Krus (Paragvay). Naffaqat Paragvay, balki butun Janubiy Amerika futbolining afsonaviy hujumchitlaridan biri. Ilk o‘yinini 1998 yili mahalliy «Olimpiya» jamoasi safida o‘tkazgan Roke hozir «Libertad»da to‘p surmoqda. U oradagi 27 yil ichida yevrofutbolda ham o‘z so‘zini ayta oldi.

5-8. Rivaldo (Braziliya). «Oltin to‘p» sohibi 27 yilga cho‘zilgan futbol sayohatida butun dunyoni aylanib chiqdi. Jumladan, Angola, Gresiya va O‘zbekistonda ham o‘ynadi. Rivaldo hammasini 1998 yili «Paulista» (Braziliya)da boshlagandi. Oxirgi nuqtani esa 2015 yili o‘ziga tegishli  , «Moji-Mirim» klubida qo‘ydi.

4. Sebastyan Abreu (Urugvay). Yana bir jahongashta sobiq hujumchi. Urugvay terma jamoasi sobiq vakili professional darajaga 1996 yili «Defensor Sporting» orqali bosh suqib, mavsum-2021 yakunida chetga chiqdi. Oxirida «Olimpiya» sharafini himoya qilgan Abreu shu orada 28 yil to‘p surdi.

3. Marselinyo Paraiba (Braziliya). Katta klublarni ko‘rmagan sobiq yarim himoyachi. 1991 yili «Kampinense» formasini kiygan Marselinyo mavsum-2020gacha professional darajada qoldi. Oxirgi klubi - «Trezi». Qisqasi, 30 yilni o‘z ichiga olgan uzun sayohat.

2. Kazuyoshi Miura (Yaponiya). Oddiy aytganda, «Qirol Kazu» 38,5 yildan buyon katta futbolda. Uzoq 1986 yili Braziliyaning «Santos» klubi safiga qo‘shilgan yaponiyalik tolmas hujumchi hamon futbol ichida. Hozirgi klubi - «Atletiko Suzuka».

1. Salvador Reyes (Meksika). 55 yilga teng futbol sayohati - bunga ishonish ham qiyin. Debyutini 1953 yili «Gvadalaxara»da nishonlagan meksikalik hujumchi faoliyatini yangi asrga ham ko‘chirgan. Aniqroq aytsak, u 2008 yili aynan «Gvadalaxara»da butsalarini mixga ilgan.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: