SportUz.Net
photo photo

APL. Daromadga qarab buromad

15.03.2024 00:00    


Rasmni yuklab olish

APL futbolchilari sport olamidagi eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchilar qatoridan joy olishgan..

 Futbol yil sayin yanada serdaromad sohaga aylanib borayotgani sababli, klublar o‘zlarining eng yaxshi o‘yinchilari bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolash yo‘lida mablag‘larini ayamayaptilar. Biz bir nechta klublarni alohida o‘rganib chiqib, eng ko‘p ish haqi oladigan o‘yinchilarni e’lon qilishni lozim topdik.

«Arsenal» - Kay Xavers (haftasiga 280 000 funt)

Taajjubki, «to‘pchilar» yozda o‘z tarkiblariga qo‘shib olgan Xaversga jamoadagi eng ko‘p maoshni belgilashdi. Aslida, ular Germaniya terma jamoasining eng sara o‘yinchilarini o‘rganib chiqishmagan. Muxlislar esa 280 000 haftalik ish haqi oladigan futbolchi ko‘p narsalarga qodirligidan umidvorlar.

«Aston Villa» - Yuri Tilemans, Bubakar Kamara va Kleman Langle (150 000)

Ish haqi bo‘yicha o‘zaro durangga imzo chekkan jamoadoshlardan faqat Kamara ishiga yarasha haq olmoqda. Tilemans yozda tekinga kelgan, Langle «Barselona»da ijara asosida to‘p surmoqda. Bubakar esa YECHL yo‘llanmasidan umidini uzmagan Unai Emeri jamoasida hal qiluvchi rolni ijro etmoqda.

«Bornmut» - Jastin Klyuyvert (80 000)

O‘tgan yil yozida «Roma»dan «Bornmut»ga kelgan niderlandiyalik vinger birdaniga jamoaning eng ishbilarmon a’zosiga aylandi. Mavsumni o‘ta omadsiz boshlagan Andoni Iraola klubi endi vaziyatni o‘zgartirish uchun Jastinga o‘xshagan ijrochini topa olmay halak.

«Brentford» - Ben Mi (55 000)

Taajjubki, Ivan Tonidek Angliya terma jamoasining o‘yinchisi «Brentford»da eng zo‘r futbolchi emas. Chunki u tajribali Mi kabi ishonchli ko‘rsata olmayapti. «Byornli»ning sobiq himoyachisi esa yangi jamoasi bilan shartnoma imzolaganidan beri samarali to‘p surib, uyiga har haftada 55 000 funtdan olib ketmoqda.

«Brayton» - Ansu Fati (160 000)

Ehtimol, «Brayton» Ansuning haftalik ish haqini to‘liq qoplamayotgan bo‘lishi ham mumkin, lekin «Barselona»da ijarada o‘ynayotgan futbolchi baribir, «Amerikan Ekspress» stadionidagi eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchi.

«Byornli» - Jek Kork va Josh Braunxill (45 000)

Kork va Braunxill juftligi «Byornli»da eng ko‘p ish stajiga ega o‘yinchilar hisoblanadi. Shu bois, maoshlari ham boshqa jamoadoshlarinikidan yuqori ekanligi tabiiy hol. Vinsent Kompani jamoasidagi hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olsak, bu yarim himoyachilar duetining tajribasi ayni muddao bo‘lishi mumkin.

«Chelsi» - Rahim Sterling (325 000)

Taniqli hujumchining atigi 6ta goli bilan yakunlangan anchayin omadsiz mavsumdan keyin, «Manchester Siti»ning sobiq goleadori hozir sezilarli darajada shiddatli o‘yin namoyish etmoqda. «Aristokratlar»ning o‘ta nav­qiron tarkibida 28 yoshli to‘purar tajribali yetakchilardan biri. Maurisio Pochettino Sterlingning jamoa­ga keltirayotgan manfaatini yaqqol ko‘rib turibdi, «uch sherlar» termasining a’zosi esa mavsumni muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkazish uchun bor kuch-mahoratini sarflashga qat’iy qaror qilgandek, go‘yo.

«Kristal Pelas» - Din Xenderson va Maykl Olise (100 000)

O‘tgan yil yozida jamoa Xendersonga Olisening maoshiga teng ish haqini va’da qilib, «MYU»dan o‘z tarkibiga og‘dirib olgandi. Biroq jarohat tufayli qimmatbaho juftlik dekabr oyigacha maydonga tusha olmadi.

«Everton» - Jordan Pikford (125 000)

Agar Pikfordning so‘nggi 2 mavsumdagi qahramonligi bo‘lmaganida, ehtimol, jamoa hozir Chempionshipda yurgan bo‘lardi. «Gunafsha ranglilar»ning 29 yoshli posboni uchun bundanda ko‘proq maosh ham kamlik qilishi mumkin.

«Fulxem» - Raul Ximenes (100 000)

«Vulvz»dagi 5 yillik sermahsul faoliyatidan keyin «Fulxem»ga o‘tgan Ximenes uchun Londonda Aleksandr Mitrovich o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmasligi aniq. Bu yog‘iga meksikalik hujumchidan yanada samaraliroq o‘yin kutishadi. Axir u jamoaning eng boyvachcha o‘yinchisi.

«Liverpul» - Muhammad Saloh (350 000)

Bu yerda hech qanday syurpriz yo‘q. Misrlik hujumchi 2022 yilda yangi shartnomaga imzo chekish bilan «qizillar»ning eng boyvachcha o‘yinchisiga aylandi. Uning «Liverpul»ga keltirgan manfaatlari va yuksak saviyadagi barqarorligi shubhaga o‘rin qoldirmaydi. 350 000 funtli haftalik tushumi esa Saudiya klublarining xarajatlari oldida hech narsa emas.

«Luton Taun» - Albert Sambi Lokonga (50 000)

«Arsenal» arendatori maosh bo‘yicha «Luton» yetakchisi. 2-o‘rindagi Rayan Jayls esa 35 000 funt oladi.

«Manchester Siti» - Kevin de Bryuyne (400 000)

Xolanddan sal ko‘proq ish haqi oladigan futbolchi haqli ravishda eng katta maoshga loyiq. Belgiyalik pleymeyker anchadan beri nafaqat «shaharliklar», balki APLning eng sara o‘yinchilari qatorida.

«MYU» - Kazemiro (350 000)

Kazemironi «Real»dan voz kechishga ko‘ndirish uchun «qizil iblislar» unga jamoadagi eng katta ish haqini taklif etishdi. Braziliyalik futbolchi debyut mavsumini yuksak saviyada o‘tkazib, bu pullarni halollab oldi. Lekin joriy mavsumda uning o‘yini ancha susayib ketdi.

«Nyukasl» - Bruno Gimarayesh (160 000)

O‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatli ishtirok ta’sirida jamoa oktyabr oyida Gimarayeshga yanada manfaatliroq kelishuvni taklif etgach, Bruno barcha jamoadoshlaridan ko‘proq maosh oladigan bo‘ldi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnomada uning tovon puli miqdori 100 mln. funtga ko‘tarilishi qayd etilgan. Agar mazkur band voqelikka aylansa, ajablanmaymiz.

«Nottingem Forest» - Divok Origi (120 000)

Origining «Milan»dagi faoliyati kutilgan natijani bermadi: o‘zining debyut mavsumida Divok 36ta o‘yinda atigi 2ta gol urdi. Yozda u ijara asosida «Nottingem»ga o‘tib, jamoaning eng ko‘p ish haqi oladigan o‘yinchisiga aylandi.

«Sheffild Yunayted» - Rayan Byuster (35 000)

2020 yil yozida jamoa bilan 23,5 mln.funtli shartnomaga imzo chekkan Bryusterning faoliyati oson kechmayapti. O‘zining debyut mavsumida u darvozani ishg‘ol eta olmadi. Shunday bo‘lsada, 23 yoshli futbolchining rostmana o‘yinlari hali oldinda, «Bremoll Leyn»da muvaffaqiyat qozonish uchun yetarli vaqtga ega.

«Tottenxem» - Son Xyun Min (190 000)

Xarri Keynsiz qolgan «taqachilar» tarkibida qit’adoshimiz asosiy o‘yinchi maqomida. Janubiy koreyalik hujumchi yanada ochilib, joriy mavsumda 12ta gol urishga ulgurdi. Bu hali hammasi emas, albatta.

«Vest Xem» - Lukas Paketa (150 000)

Yozda braziliyalik pleymeyker jiddiy qiziqishlar qurshovida qolgan bo‘lsada, «bolg‘achilar»dan voz kechishni istamadi. Paketa londonliklar jamoasida muhim o‘rin tutadi. Devid Moyes uning amaldagi shartnomasi muddatini 2027 yilgacha uzaytirish niyatida.

«Vulverxempton» - Pablo Sarabiya (90 000)

Sarabiya yanvar oyida «bo‘rilar» bilan 2,5 yillik kelishuvga erishib, «PSJ»ni tark etdi va yangi jamoaning birinchi raqamli boyvachchasi maqomiga ega bo‘ldi.

S.RAHMONOV tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: