SportUz.Net
photo photo

Kuchli 5ta liganing eng yaxshi driblingchilari

21.01.2024 00:00    


Rasmni yuklab olish

Futbolda dribling hamisha alohida qadrlangan va keyinchalik ham shunday bo‘lib qoladi, albatta. Axir bu o‘yin chiroyi-ku. Qaysidir futbolchi raqibini aldamchi harakatlar vositasida «jinni» qilganida, tribunalar beixtiyor hayqirib yuborishi bejiz emas. Xo‘sh, joriy mavsum yevrofutbol markazida bu «hunar»ni kimlar hammadan yaxshiroq uddalashyapti? Qaysi klublar to‘p yo‘qotilishi ehtimoli kattaligidan ko‘z yumgan holda, o‘z futbolchilarining dribling salohiyatini namoyish etishlariga to‘sqinlik qilmayapti? Keling, buni mavsumning birinchi yarmi bo‘yicha ko‘rib chiqamiz.

SAMARALI ALDAB O‘TISH

*** Samarali driblinglar soni bo‘yicha kamtarin «Frozinone» klubi vakili Matias Soule oldinda. Uni «Bavariya»dagi superdriblingchi Leroy Sane izma-iz ta’qib qilmoqda. «Jirona»ning braziliyalik yetakchisi Savio ham chakki emas. Mashhur superdriblingchi Jeremi Doku («Manchester Siti») esa atigi 9-ko‘rsatkich egasidir. 

*** Eng kuchli 10 nafar driblingchi qatorida turnir jadvali quyi qismida ketayotgan 3ta klub vakili bor. Deylik, yetakchi Soulening klubi «A» seriya birinchi davrasini 14-o‘rinda yakunladi. Brayan Saragosa («Granada») va Romen Fevr («Loryan»)ning klublari esa tegishlicha Ispaniya va Fransiya chempionatlarida autsayder maqomida. Qolgan barcha driblingchilar o‘z ligalarida kuchli to‘rtlikda borayotgan jamoalardan.

*** Matias Soule nafaqat dribling bobida eng zo‘ri, u yana «Frozinone»ning eng yaxshi to‘purari ham. Umuman, argentinalik futbolchi «A» seriya goleadorlari poygasida 6-o‘rinni egallab turibdi. Joriy mavsum birinchi davra o‘yinlarida 8ta gol urgan Soule poygada faqat Lukaku, Gudmundsson, Berardi, Jiru va Lautaro Martinesdan ortda qolmoqda. 20 yoshli hujumchini allaqachon Pau­lo Dibala bilan qiyoslashayotganlarini ham aytish o‘rinli.

*** Ro‘yxatda APLdan atigi bir futbolchi bor - «Manchester Siti» «topilma»si Jeremi Doku. Uning dribling salohiyati allaqachon ovoza bo‘lib ulgurdi. Ehtimolki, belgiyalik ayni payt zamonamizning eng yaxshi driblingchilaridan biridir.

*** Reytingning 3-pog‘onasida yevromavsumning asosiy sensasiyachisi - «Jirona» yetakchisi! Savio braziliyaliklarga xos aldamchi harakatlar ustasi ekanligini ko‘rsatishga ulgurdi. Diqqat qiling, top-ligalarda birinchi mavsumini o‘tkazayotgan futbolchi Primeroning dastlabki yarmida 6ta gol va 5ta samarali uzatma to‘pladi. Savio Kataloniya klubida samaradorlik bo‘yicha (birinchi davra yakuni) birgina Artyom Dovbik (11ta gol va 7ta assist)dan orqada, xolos.

DRIBLING EFFEKTI QANDAY?

*** Avvalo, aytish kerak, dribling effektini baholash uchun kamida 15 marta aldamchi harakatni amalga oshirgan futbolchilar natijasiga qaralgan.

*** «Borussiya» M. vakili Rami Bensebayni eng muvaffaqiyatli driblingchi. To‘g‘ri, kuchli 10talikka kirganlarga qarasak, eng oz muvaffaqiyatli urinish aynan u va Nemanya Matich («Renn»)ga tegishli - 16tadan. Lekin Ramida effekt zo‘r - 94,1 foiz. Oddiy aytganda, «Borussiya» yetakchilaridan biri 17ta urinishdan atigi 1tasida to‘pni raqibiga oldirib qo‘ygan, xolos. 

*** Ro‘yxatga tushganlardan eng faoli - Loran Aberjel («Loryan»). Bu futbolchi tez-tez driblingga qo‘l uradi, lekin muvaffaqiyatsiz urinishlari ancha ko‘p - atigi 71,1 foizlik effekt. 

*** Hozirgi «Milan»ning eng «temir» futbolchisi bo‘lib turgan Teyani Reynders texnik salohiyati bilan ham ajralib turibdi - 28ta urinishidan 21tasi samarali chiqdi. Xullas, Reynders birdaniga har tomonlama porlay boshladi.

KLUBLAR REYTINGIDA NIMA GAP?

*** Klublar orasida driblinglar soni bo‘yi­cha «Vulverxempton» 1-o‘rinda! Keyingi pozisiyalar «Bavariya» va «Barselona»ga tegishli.

*** Ro‘yxatdagi jamoalardan yarmi APL ishtirokchilari - «Vulverxempton», «Tottenxem», «Bornmut», «Chelsi» va «Kristal Pelas». Ispaniyadan 2ta klub (albatta, «Barselona» va «Real») bor, Fransiyadan ham («PSJ» hamda «Nissa»). «Bavariya» esa Germaniya Bundesligasining yagona vakili.

*** «Vulverxempton»ning o‘z futbolchilariga hattoki, grandlarga nisbatan ham ko‘proq dribling ishlatish imkonini berayotgani biroz g‘alati. Shuning barobarida «bo‘rilar» a’zolari futbolchilar reytingida kam. Deylik, eng yuqori natija sohibi Mateus Kunya raqiblariga qarshi 91 marta dribling ishlatib, atigi 42ta holatda maqsadiga erishgan.

*** «Bornmut»ning eng ko‘p dribling ishlatgan jamoalar qatoriga kirib olgani ham e’tiborga molik. Andoni Iraola shogirdlari hisobida jami 203ta dribling bor. Bu murabbiy Ispaniyada ham yorqin texnik ijrochilarni to‘plagani bilan ko‘zga tashlangan edi. Demak, Iraola bu amaliyotni yangi chempionatga ham olib o‘tdi.

*** Yana bir «syurpriz» - «Kristal Pelas». APLda nimagadir da’vo qilolmayotgan London jamoasi birgina Jordan Ayyu tufayli top-10da. Uning bir o‘zi 86 marta dribling ishlatishga urindi (to‘g‘ri, atigi 36ta vaziyatda raqibidan o‘tib ketgan, xolos).

 A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: