SportUz.Net
photo photo

Tavsiya qilamiz! Hamma qidirayotgan, ammo hech kim topa olmayotgan UFC kamari

06.02.2021 14:15    


Rasmni yuklab olish

UFC 257 turniri yakunlanganiga ham ikki hafta bo'ldi.

Odatda, bunday yirik masshtabdagi turnirlar katta savollarga javob topish uchun xizmat qiladi. Ammo, bu turnir natijalari bizga javoblardan ko'ra kattaroq bo'lgan savollarni tug'dirdi. Konor Makgregorning shov-shuvli mag'lubiyati ortidan Xabib Nurmagomedovning UFC 257 janglaridan keyin qaytishi uchun etarli sabab ko'rmagani, divizionda so'nggi yillardagi eng yirik, shu bilan birga, juda murakkab boshqotirmani yuzaga keltirdi. Butun UFC olamini o'xshash savollar qiynamoqda: UFC kamarining taqdiri nima bo'ladi? Kamar uchun kimlar jang qilishi kerak? Variantlar juda ko'p. Ularning har biri mantiqiydek ko'rinadi.

Hozirning o'zida titul uchun jang qilish imkoniyatiga ega bo'lgan yaqqol to'rt nomzod bor. UFC 257 doirasida Konor Makgregorni nokautga uchratgan - Dastin Pore, aynan shu turnirda o'zining yorqin debyutini o'tkazgan Bellator sobiq chempioni - Maykl CHendler, oxirgi uch yildan beri g'alaba qozonib kelayotgan - CHarlz Oliveyra va reytingda 2-o'rinni band qilib turgan - Jastin Getji. Bu ro'yhatga yana ikki jangchi kichik ehtimollar bilan qo'shilishi mumkin, ammo bu haqida keyinroq. Hozir esa har bir jangchi va uning oldida turgan variantlarga to'xtalib o'tamiz.


Maykl CHendler

"Bellator" qiroli Maykl CHendler 2020 yilning 17 sentyabr kuni rasman UFC jangchisiga aylangandi. Dana Uaytning rejalariga ko'ra, CHendler Xabib - Getji jangi uchun o'rinbosar sifatida UFCga taklif qilingandi. Uning debyut jangi esa 2020 yilning 24 yanvar kuniga to'g'ri keldi. UFC 257 doirasida Den Xukerni nokautga uchratgan CHendler tom manoda UFCga "bostirib" kirdi. Promoushenda bor yo'g'i bitta jang o'tkazgan jangchi, hozir engil vazn reytingida to'rtinchi o'rinni egallab turibdi. 

 

Amerikalik sportchi birdaniga titul uchun jang qilishga loyiqmi degan savol hozirda eng ko'p berilmoqda. Rostdan ham, CHendler "title shot"ga, yani kamar uchun jangga loyiqmi?

Bu haqida jangchining o'zi quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi:

"Menga "sen bunga loyiq emassan" deb ayta ko'rmang. Men kechagina kelib sizning top jangchingizni yanchib tashladim. Sen [Pore] 25 daqiqada uddalay olmagan ishni, men ikki yarim daqiqada hal qildim. Men allaqachon o'zimni kuchli jangchiligimni isbotlab bo'lganman".


SHu o'rinda, qarshi tomonning ham fikrini inobatga olish lozim. Dastin Pore UFC 257dan keyingi matbuot anjumanida CHendlerni nomzodlar ro'yxatiga qo'shmaslini takidlab o'tgan edi:

"CHendler UFCga endigina keldi. Unda bor-yo'g'i bir g'alaba bor. U ham bo'lsa men avvalgi jangimda mag'lub qilgan Den Xukerga qarshi. SHu yigit bilan titul uchun jang qilamanmi? Yo'q, bu umuman mantiqsiz ish"


Dastin o'zining keyingi intervyularida ham bu fikri o'zgarmaganligini aytib o'tdi.

CHendler uchun keyingi variant CHarlz Oliveyra bo'lishi mumkin edi, ammo bu variant ham barbod bo'ldi. UFC 258 oldidan asosiy karddagi janglar bekor bo'lganidan so'ng, UFC CHalrz Oliveyra - Maykl CHendler jangini tashkil qilishga urinib ko'rdi. Ammo, bu taklif titul jangi bo'lmaganligi uchun Oliveyra tomonidan rad etildi.

CHendlerning oldidagi uchta asosiy yo'ldan ikkitasi yopildi. So'nggi variant bu - Jastin Getji. Ushbu ehtimoliy jang borasida ham gap-so'zlar oralay boshladi. Getjining menejeri Ali Abdelaziz Jastin CHendlerga qarshi jang uchun tayyorligini bildirdi. Ammo, Jastinning o'zining rejalari qanday?


Jastin "The Highlight" Getji

Jastinning titul uchun imkoniyatlari CHendlerga qaraganda yaxshiroq. U hozirda UFC reytingida ikkinchi o'rinni egallab, Dastin Pore bilan jang qilish uchun asosiy nomzodlardan biridek qaralmoqda. Lekin, bir jihatni unutmaslik kerak - Getjining so'nggi jangi Xabib Nurmagomedovga uchralgan mag'lubiyat hisoblanadi. So'nggi jangi mag'lubiyat bo'lgan sportchining titul uchun oktagonga ko'tarilishi biroz mantiqsizdek ko'rinadi. Ammo, reyting nuqtai nazaridan qaralsa, Getjining bunga haqqi bor. CHarlz Oliveyraning o'rtada titul bo'lmasa jang qilmasligini hisobga olsak, braziliyalik Getji bilan jangga ham rozi bo'lmaydi.

Yuqorida aytilgan CHendlerga qarshi ehtimoliy jang ko'p masalalarga echim bo'lishi mumkin: Agarda, CHendler Getjini mag'lub qilsa, u titul uchun jangga to'la haqli ekanligini isbotlaydi. O'z navbatida, bu jangni Getji o'z foydasiga hal qilsa, Xabib Nurmagomedovga uchralgan mag'lubiyat o'rni to'la yopilib, titul uchun asosiy nomzodga aylanadi. Ammo, qolgan jangchilar kabi Getjining ham CHendlerga bo'lgan munosabati salbiy. Getji engil vazndagi ushbu tartibsizlikda aynan CHendler va Dana Uaytni aybladi:

"Bularning barchasiga Dana aybdor. U Xabib bilan jangimga CHendlerni o'rinbosar qilib qo'ydi. U qo'pol qilib aytganda, Toni Fergyuson va Dastin Porega o'rta barmog'ini ko'rsatdi. Bularni barchasi oktyabr oyida boshlangandi. Bu ushbu vazndagi har bir jangchining ustidan kulish edi. Aynan shu sababli ham Pore CHendler bilan jang qilishni xohlamayapti" 


Rostdan ham vaziyat juda chigal. Jastinning bu noroziligida ham asoslar bor. Bu erdagi har bir jangchi yillar davomida UFCda mehnat qilib kelishmoqda va UFC qandaydir "kelgindi"ga ularga qaraganda ko'proq etibor berayotgani yigitlarga yoqmayapti.


CHarlz Oliveyra

Sezganingizdek, jangchilar ketma-ketligi bilan birga ularning titul uchun jang qilish imkoniyatlari ham oshib bormoqda. Navbat CHarlz Oliveyraga.

CHarlz Oliveyrani Toni Fergyusonga qarshi jangidan oldin deyarli hech kim yuqori baholamayotgandi. Qaysidir manoda, bitta jang orqali Oliveyra "katta" jangchiga aylanib qoldi. Lekin, uning statistikasi shu paytgacha ham ajoyib bo'lgan. CHarlz 2017 yildan beri mag'lub bo'lmaydi, o'zining 14 jangini aynan "sabmishn" bilan muddatdan oldin tugatgan, ketma-ket sakkizta g'alabali seriya.

CHarlz Oliveyra haqli ravishda titul uchun davogarlik qilmoqda. Dana Uayt ham CHarlzning titul uchun jang qilishiga to'la haqli ekanligini takidlab o'tgan edi. Yuqorida qayd etganimizdek, Oliveyraning yagona maqsadi titul uchun jang qilish. SHu sababli u CHendler bilan jangga rad javobini berdi, Getjiga qarshi titulsiz jang berilsa, uni ham rad etishi muqarrar. Albatta, Oliveyra uchun bu variantlar mag'lub bo'lsa hammasidan ayriladigan, g'olib bo'lsa ham hech narsaga erishilmaydigan janglardir. Oliveyraning o'zi Xabib yoki Porega qarshi jang qilish istagida. Ammo, Xabib otasining ruhi bilan qasam ichganligini va u qaytmasligini bir necha bor takidlab o'tdi. Keyin esa u quyidagi fikrni bildirib o'tdi:

"Hozir o'tkazilishi shart bo'lgan birgina jang bor. Bu Pore va Oliveyra jangi!" 

Mantiqiy qaror. Har holda, qolgan variantlardan ko'ra mantiqiyroq. Bunga Dastin Pore qanday reakciya bildiradi? Uning rejalari qanday?


Dastin “The Diamond” Pore

UFC 257da Konor Makgregorni nokautga uchratgan Dastin hozirda faoliyatining eng yuqori bosqichida turibdi. SHu bilan birga, eng baland cho'qqiga chiqish uchun birgina qadam qo'yish kifoya. CHempionlik uchun imkoniyati eng katta jangchi ham aynan Dastin Pore. Uning oldida bir necha variantlar bor. Sezganingizdek, CHendler bu ro'yxatdan birinchi bo'lib tushib qoladi. Getjini esa Dastin mag'lub qilib bo'lgan, ammo bu jang o'tkazilish ehtimoli kichik bo'lsada bor. Sababi, reyting nuqtai nazaridan ular bir-biri bilan yonma-yon ketishmoqda. SHunda Dastinda birgina yo'l, yani Oliveyra qoladimi? Yo'q! Dastin oldida tanlash juda qiyin bo'lgan ikki yo'l bor. Biri titul uchun yuqoridagi yigitlar bilan jang qilish, ikkinchisi esa Konor Makgregor bilan trilogiya.


Dastin Pore tom manoda ikki o't orasida qolgan. Bir tomonda UFC engil vazn chempionlik toji, ikkinchi tomonda esa Dastinning avval tushiga ham kirmagan pul! Qiyin tanlov. “Olmos” shundoq ham Konorga qarshi ikkinchi jangdan faoliyatidagi eng katta gonorarni oldi. Ammo, bu jangga Dastin anderdog maqomida kelgan edi, dramaning uchinchi qismida esa Pore favorit sifatida oktagonga ko'tariladi va fantastik summani o'ziniki qilib olishi mumkin. Konor allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda uchinchi jang targ'ibotini boshlab yuborgan. Dastinning o'zi esa bu jang haqida quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi:

"Konor bilan trilogiya bo'lishi haqiqatga yaqin. U meni nokaut qildi, men uni nokautga uchratdim. Bu qarama-qarshilik yana cho'ziladi" 


SHu bilan birga, kuni kecha Dastin Pore tvitter orqali Konor bilan bo'ladigan jangiga yana bir bora ishora qildi.

"Biz albatta uchinchi marta uchrashamiz!", -deb yozadi Dastin Pore. Ammo, bu uning keyingi jangi bo'lish-bo'lmasligi nomalum. CHarlez Oliveyra bu ishoraga darxol javob qaytardi:

"Xo'sh... SHunda sen men bilan 155 funtda chempionlik uchun jang qilmaydigan bo'ldingmi? Men unda kim bilan kamar uchun jang qilaman?", - deb yozadi braziliyalik jangchi.


Ammo, bu jang o'tkazilishi sport tamoyillariga zid. Birinchidan, Dastin bilan chempionlik uchun jang qilishi kerak bo'lgan bir necha jangchilar eshik qoqib turishibdi. Ikkinchidan esa, agar bu jang chempionlik uchun o'tkazilsa (shunday mish-mishlar ham yuribdi), bu ham sportchilar, ham omma orasida kuchli norozilikni keltirib chiqaradi. UFC esa bu jangdan har doimgidek manfaatdor, axir bir tarafda pay-per-view lar qiroli Konor turibdi. Konor - Pore trilogiyasidan misli ko'rilmagan daromad tushishi tayin. Pay-per-view'lar savdosi ham bir qancha rekordlarni urib tashlashi turgan gap. Lekin, Dastin Pore va UFC hali biror rasmiy qarorga kelishgani yo'q.

SHunday qilib, eng haqiqatga yaqin jang Dastin Pore va CHarlz Oliveyra o'rtasidagi titul jangi bo'lmoqda, CHendler va Getji esa o'zaro orani ochiq qilib olishlari mumkin. SHu bilan birga, Pore va Konor jangining ham o'tkazilishi muqarrar.

Maqola avvalida yana ikki jangchi ushbu rejalarning bir qismi bo'lishi mumkin deyilganda aynan Konor Makgregor va hali rasman kamarini topshirib ulgurmagan Xabib Nurmagomedov nazarda tutilgandi. Xabib va Konor kun kelib, engil vazn toifasi rejalariga kirmaydi deyishganda, biror bir muxlis balki ishonmagan bo'lardi. Ammo bu tobora haqiqatga aylanib bormoqda. Xabibning UFC 257dan so'ng "men mazza qilmadim" degandek kayfiyati ortidan uning qaytmasligi oydinlashib bormoqda, shu bilan birga, biror bir rasmiy malumot ham yo'q.


Dana Uayt ham, UFC ham sukunatda. Savollar ko'p, javoblar yo'q. Ammo, ishontirib aytamizki, bu katta bir bo'ron oldidan bo'ladigan sukunat. Tez orada bulutlar tarqay boshlaydi va muxlislar yangi nomlarni, yangi chempionlarni kashf etishda davom etishadi. SHunisi aniqki, barchasi endi boshlanmoqda…

Sizningcha ushbu vazn toifasi kelajagi nima bo'ladi? Kimni yangi chempion sifatida ko'rmoqdasiz?


Jalolxon tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: