SportUz.Net
photo photo

2023 yildan ijarada to'p tepayotgan futbolchilar uchun yangi o'zgarish kuchga kiradi

21.09.2022 16:50    


Rasmni yuklab olish

Bu haqda O'zPFL 19 sentyabr kuni Coca Cola Superligasi va Pro liga klublari bosh murabbiylari hamda liga ijroqo'mi azolari ishtirokidagi yig'ilishda malum qildi.

Ikki yil avval O'zPFL Reglamentga 10.11-bandi orqali ijaraga beriladigan futbolchilar masalasini kiritgandi. Unga ko'ra, bir klub boshqa klubga futbolchini ijaraga berish yo'lida tuziladigan shartnomaga mazkur futbolchining shu klubga qarshi o'ynashini taqiqlash bo'yicha band kiritishga haqli emasligi ko'rsatilgan, bunday shartnomalar O'zPFL ro'yxatidan o'tmasligi belgilangandi. Sababi so'nggi yillarda bu odat urfga kirib, futbolchilar ijara orqali sharafini himoya qilayotgan klub safida o'zining asl jamoasiga qarshi to'p surish imkoniyatidan mosuvo qilinayotgandi.

Bunda O'zPFL ikki klub tomonidan tuziladigan shartnomadan faqatgina taqiqni olib tashlagandi. Klublar o'zaro shart evaziga yuqoridagi holatni tartibga solishi mumkin edi. So'nggi ikki mavsum davomida klublar bunga rioya qildi. Bazi hollarda biror klub futbolchi zaxirada qolib, o'yin amaliyotiga ega bo'lmayotganidan kelib chiqib, o'z futbolchisini bepul ijaraga beradi. Bunday holatda tabiiyki, ikkinchi klub mazkur futbolchining xizmatidan o'zaro o'yinlarda foydalanishni istasa, malum miqdorda pul to'lashi lozimgi ko'rsatiladi.

FIFA so'nggi vaqtlarda bu masalaga etibor qaratdi. Uchinchi tomonlarning aralashuvi masalasi ancha dolzarb bo'lib, bunda futbol jamoatchiligi ikkiga bo'linib ulgurgan. Bazilar o'zaro o'yindagi harakat uchun alohida shart qo'yilishi kerak deb hisoblaydi. Qolganlar esa bunga qarshi chiqadi. FIFA tomonidan ilgari surilayotgan so'nggi o'zgarishlardan kelib chiqib, O'zPFL mazkur holatni 2023 yilgi mavsumdan boshlab o'zgartirishga qaror qildi. Endilikda ijaraga berilgan futbolchi hech bir qarshiliksiz asl jamoasiga qarshi maydonga tushish imkoniyatiga ega bo'ladi.

O'zPFL mazkur holatga futbol jozibadorligini oshirish rakursi bilan qaraydi. Birinchi galda murabbiylar va klublar ijaraga berilayotgan futbolchi masalasida masuliyatni yanada aniqroq his qiladi. Ikkinchi tomondan o'zi asl klubiga qarshi alohida tayyorgarlik ko'rayotgan futbolchilarga o'zini namoyon qilish uchun to'liq imkoniyat beriladi.

FIFA iyul oyidan boshlab ijaraga berilayotgan futbolchilar soni hamda bir klubga ijaraga beriladigan futbolchilar sonini tartibga solish masalasiga etibor qaratgan. Qayd etish kerak, O'zPFL 2020 yildan boshlab bu kabi bandlarni Reglamentga kiritgandi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: