SportUz.Net
photo photo

O'zbekiston JCH-2026'ga yo'llanma olishi uchun nechta bosqichdan o'tishi lozim?

01.08.2022 16:50    


Rasmni yuklab olish

Osiyo futbol konfederaciyasi JCH-2026 saralash bosqichi formatini taqdim qildi.

Final bosqichidagi kvotalar soni ko'payganiga (4 ta jamoa o'rniga 8 ta) qaramay, turnir formati soddalashtirilmagan.

Birinchi saralash bosqichida FIFA reytingining eng quyi qismida borayotgan 22 ta jamoa qura bo'yicha 11 juftlikka bo'lingan holda uy va safar tizimida o'zaro bellashadi. Mazkur juftliklar g'oliblari ikkinchi bosqichga yo'l oladi, mag'lubiyatga uchragan jamoalar esa keyingi saralash turnirini kutishga majbur.

Ikkinchi bosqichda 36 ta jamoa (FIFA reytingidagi eng yaxshi 25 jamoa + birinchi saralash bosqichining 11 g'olibi) 4 tadan 9 guruhga bo'linadi. Uchrashuvlar ikki davra davomida bo'lib o'tadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o'rinni egallagan termalar, jami 18 ta jamoa uchinchi bosqichga yo'l oladi.

Uchinchi bosqichda ushbu 18 jamoa har biri 6 tadan tashkil topgan uch guruhga bo'linadi. Uchrashuvlar ikki davra mobaynida o'tkaziladi. Har bir guruhdan eng yuqori o'rinlarni egallagan ikki terma, jami 6 jamoa to'g'ridan-to'g'ri JCH-2026 final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritadi.

Mundial chiptasini taqdim etuvchi qolgan 2 ta yo'llanma va qitalararo pley-off bosqichidagi 1 ta yo'llanma to'rtinchi bosqichda o'ynaladi. Uchinchi bosqichda guruhlarida uchinchi va to'rtinchi o'rinlarni egallagan termalar, jami 6 ta jamoa ushbu bosqichda ishtirok etadi. To'rtinchi bosqichda 6 jamoa uchtadan ikkita guruhga bo'lingan holda bir davra davomida o'zaro to'qnash keladi. Guruh g'oliblari to'g'ridan-to'g'ri final bosqichiga yo'l oladi. Ikkinchi o'rinni egallagan terma jamoalar esa qitalararo pley-off yo'llanmasi uchun kurashadi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: