Jadvaldagi holat
"SHerif" va "Real" birinchi turdan keyin "D" guruhi etakchilari hisoblanishadi. Qiziq tomoni, dastlabki turda "SHaxter" darvozasiga ikkita gol urgan Moldova klubi sensacion ravishda guruhning yakka peshqadami hisoblanadi. "Real" o'z o'yinida nisbatan kuchliroq raqib — Milanning "Inter" darvozasiga bittagina gol urish bilan cheklandi.
Real Madrid
1. O'yin qaydnomasida bor yo'g'i 5 nafar himoyachi
Uchrashuvda maydonga tushishi mumkin bo'lgan 23 futbolchining bor yo'g'i 5 nafari himoyachi hisoblanadi. Bu bo'lajak o'yinda raqib klassidan kelib chiqib, ko'proq hujum qilishga to'g'ri kelishini tushunib, qabul qilingan qarordan ko'ra, Madriddagi jarohatlarning yangi oqimi tufaylidir. Jarohatlar ayniqsa aynan qanot himoyachilarini ko'proq qiynadi — bugungi kunda Marselo, Ferlan Mendi va Dani Karvaxal mavsum startidayoq jarohatdan aziyat chekmoqda. Oqibatda, asli markaziy himoyachi bo'lgan universal Nacho Fernandes o'ngda, klubning 20 yoshli tarbiyalanuvchisi Migel Guterres chap qanotda harakat qilmoqda.
Bu mavsum o'ng qanot himoyasida biz vinger Lukas Vaskesni ham ko'rib ulgurdik, shanba kuni "Vilyareall"ga qarshi kechgan bahsda esa kutilmaganda Federiko Valverde himoyaning qanotini egalladi. Karlo Anchelotti esa bu majburiy harakatligini ochiqchasiga tan oldi: "Aniq ayta olamanki Fede qanot himoyachisi emas. SHunday bo'lsada, menga uning o'yini maqul keldi".
2. Toni Kroos to'liq mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda va o'yin qaydnomasiga kiritildi
"SHerif"ga qarshi bellashuv Toni Kroos uchun mavsumdagi birinchi o'yin bo'lishi mumkin. Futbolchi avgustda orttirib olgan mushak jarohatidan endi qutildi. Kroos "Vilyarreal" bilan o'yindayoq maydonga qaytish istagini bildirgandi, ammo Karlo Anchelotti oxirgi pallada yarim himoyachi salomatligini xavf ostida qoldirmaslikni lozim topdi. Oqibatda, germaniyalik jamoaviy ruhni his etib turish uchun o'yinoldi mashg'ulotda ishtirok etdi xolos. "SHerif" bilan bo'lajak bahsda ham Kroosni asosiy tarkibda ko'rmasak kerak, lekin uning zaxiradan maydonga tushib, malum vaqtga ega bo'lishi haqiqatga yaqin.
3. "Malorka" tor-mor etilishida ishtirok etgan yoshlardan kimga imkoniyat beriladi?
"SHerif" bilan o'yin "Real" uchun oxirgi 18 kundagi 6 bellashuv bo'ladi. SHu sabab rotaciyaga ehtiyoj bordek va shanba kuni emas, bir hafta avval "Malorka" (6:1) bilan o'yinda ishtirok etganlarga etibor qaratish zaruriyati tug'ilgandek.
O'sha bahsning asosiy tarkibida 21 yoshdan kichik bo'lgan 4 futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushirilgandi. Migel Guterres chap qanot himoyasida birinchi marta muammoni hal qilish uchun jalb etilmagan bo'lsa, 18 yoshli yarim himoyachi Eduardo Kamavinga va 20 yoshli braziliyalik Rodrigo mavsumda birinchi bor asosiy tarkibda o'yinga tushdi. O'sha kecha o'yin qaxramoni esa Marko Asensio bo'ldi. Futbolchi faoliyatidagi ikkinchi xet-trikni nishonladi (birinchisi to'rt yil avval Ispaniya yoshlar termasi tarkibida edi).
SHerif
1. Jamoa raqiblarning sekin-asta kuchayib borishiga yaxshi moslashmoqda
"SHerif"ning evrokuboklardagi yurishi aynan kompyuter o'yinlaridagi holatga o'xshaydi. Sababi u erda ham keyingi bosqichdagi raqib avvalgisidan biroz kuchliroq bo'lib boraveradi. "SHerif" bu yil xalqaro arenada to'qnash kelgan barcha jamoalar UEFA reytingida avvvalgi raqibdan teparoqda joylashgan edi.
"Teuta" (261): ikki g'alaba
"Alashkert" (205): ikki g'alaba
"Crvena Zvezda" (42): durang va g'alaba
"Dinamo Zagreb" (34): g'alaba va durang
"SHaxter Doneck" (18): g'alaba
"Real Madrid" (6): ?
"SHerif"ning o'zi bugungi kunda ushbu reytingning 62 pog'onasini band etib turibdi. Ushbu tendenciya jamoaning o'sishiga yaxshi tasir ko'rsatmoqda. Klub yangi vaziyat, talablarga yaxshi moslasha olyapti va granlarga qarshi o'yinlarda ham o'zini yo'qotib qo'ymayapti. Bo'lajak bahs bitta savolga javob bo'ladi: "Real Madrid" — bu yana bir pog'onami yoki yakuniy "boss"mi?
2. Madrid hujumi-mi yoki Tiraspol himoyasi?
CHempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqishida "SHerif" nafaqat "CHempionlar yo'li", balki himoyadagi ishonchli o'yinidan ham minnatdor bo'lishi zarur. Kvalifikaciyaning sakkiz o'yini va guruh bosqichining bir o'yinida tiraspolliklar bor yo'g'i ikkita to'p qo'yib yuborishdi. Bu o'rinda Zagrebning "Dinamo"siga qarshi javob o'yini (0:0)ning "Eng yaxshi futbolchisi" deb "SHerif" posboni Yorgos Atanasiadis topilgani etiborga loyiq.
Moldova chempionatidagi vaziyat ham o'xshash. "SHerif" sakkiz o'yinda 4ta gol qo'yib yubordi. Bu ayniqsa bazi o'yinlardagi jiddiy rotaciyani inobatga olsak, yaxshi ko'rsatkich. Jamoa muxlislarini mamnun etib, himoya chizig'i ham jiddiy jarohatlarsiz bu o'yinga etib kelmoqda. Evrokuboklar kuziga yo'llanmani qo'lga kiritgan yigitlar safda va bu mavsum La Liga o'yinlarida o'rtacha 3 tadan gol urayotgan Madrid hujumi kuchini o'zida his qilib ko'rishga tayyor.
Tarkiblar va taktika
Hattoki kadrlar muammosi ham Karlo Anchelottini sevimli 4-3-3 sxemasidan voz kechishga majbur qilolmaydi. Juda variant qolmagan taqdirda o'ng qanot himoyachisi rolini Federiko Valverde bajarishining ham guvohi bo'lib ulgurdik, lekin Nacho Fernandes bu vazifani yaxshiroq uddalaydi. SHu o'rinda, qator ispan nashrlari aynan "SHerif"ga qarshi bellashuv Zidan davridagi eng muhim futbolchiga aylangan, ammo Karlo Anchelotti qo'l ostida chetga chiqib qolgan Lukas Vaskes uchun oxirgi imkoniyat bo'lishini takidlashdi. Amalda qanday bo'lishini bugun tunda bilib olamiz. Raqib kuchiga past baho berish va tig'iz taqvim jiddiy rotaciyaga turtki bo'lishi mumkin. Axir qaydnomada hujum chizig'i vakillari himoyachilardan ko'proq. SHunday ekan har bir futbolchi o'z imkoniyatini kutishga haqli.
Yuriy Vernidub faoliyatidagi eng muhim o'yinlardan birida nisbatan himoyaviy 4-2-3-1 sxemasidan foydalansa ajabmas. Jamoaning oxirgi o'yinlaridan kelib chiqsak, forvard sifatida ukrainalik mutaxassis Belarus chempionati orqali yaxshi tanish bo'lgan hamyurtimiz Jasurbek Yaxshiboevga ishonch bildirmoqda. So'nggi vaqtlarda "Real" himoyasida yuzaga kelgan muammolar va jamoaning o'yinidan kelib chiqsak, Yaxshiboev barchamizni xursand qilib, "Santyago Bernabeu"da gol ura olishi hech gap emas.
Jamoalarning oxirgi 10 tadan o'yin statistikasi: