SportUz.Net
iks
ads

O'zbekistonlik o'smirlar mundialga qanday tayyorgarlik ko'rdi?

03.11.2025 16:54    


Rasmni yuklab olish

Islom Ismoilov shogirdlari turli yig'inlar doirasida 15 ta nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.

3-27 noyabr kunlari Qatarda 17 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi jahon chempionati o'tkaziladi. Unda dunyo bo'ylab o'z mintaqasida saralangan 48 jamoa, shu jumladan, O'zbekiston ishtirok etadi. Kichik mundial oldidan O'zbekiston terma jamoasining turnirga tayyorgarligi hamda musobaqadagi raqiblari to'g'risida mulohaza yuritamiz.

GURUH BOSQICHI

Guruh bosqichida 48 jamoa 12 guruhga bo'lingan holda bellashadi. Dastlabki ikki o'rinni egallagan, shuningdek, uchinchi o'rinni egallagan eng yaxshi 8 jamoa keyingi bosqichga yo'l oladi.

Osiyo chempioni sifatida mundialga tashrif buyurgan Islom Ismoilov murabbiyligidagi O'zbekiston "J" guruhida Paragvay, Panama va Irlandiya Respublikasi bilan kuch sinashadi.

Hamyurtlarimiz musobaqani 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi, 8 noyabr sanasida Irlandiyaga raqib bo'ladi, 11 noyabr kuni esa Panamani imtihondan o'tkazadi.

MUNDIALGA TAYYORGARLIK

O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko'rdi va ko'plab nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi.

Jumladan, iyun oyida CHilida mezbon davlat bilan ikki o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi va unda o'zbekistonliklar 1:0 va 2:1 hisoblarida zafar quchdi.

So'ngra ushbu mamlakatda Boliviyaga uchrashuvlar o'tkazildi. Dastlabki o'yinda 0:2 hisobida yutqazgan "oq bo'rilar" keyingi bahsda 1:0 hisobida g'alaba qozondi.

Iyul oyida Rossiyaning Moskva shahrida CSKA o'smirlar jamoasiga qarshi maydonga tushgan O'zbekiston 1:0 hisobida ustun keldi. SHuningdek, "CHertanovo" jamoasi bilan o'yinda kuchlar teng keldi – 1:1.

Avgust oyida Birinchi liga ishtirokchisi "Cementchi" bilan nazorat uchrashuvi tashkillashtirildi. Unda jangovar – 3:3 hisobi qayd etildi.

Sentyabrda Islom Ismoilov shogirdlari Ispaniyaning Xeres shahrida yig'in o'tkazdi va uchta nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Avvaliga Angliyaga 1:3 hisobida imkoniyat boy berildi, so'ngra Kanada bilan to'qnashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Marokashga qarshi bahsda esa 3:4 hisobi qayd etildi.

Oktyabr o'rtalarida Toshkentda Turkiya o'smirlari bilan ikki o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Murosasiz bellashuvlar murosa bilan yakunlandi. Dastlab 2:2, so'ngra 0:0 hisoblari qayd etildi.

Oktyabr oyining ikkinchi qismida Birlashgan Arab Amirliklarining SHarja shahrida o'quv-mashg'ulot yig'inlari o'tkazilib, uchta nazorat o'yini tashkillashtirildi.

Dastlab Venesuelaga qarshi bahsda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Keyinchalik Kot-d'Ivuar 2:0 hisobida taslim etildi, oxirgi uchrashuvda esa Burkina-Fasoga 0:4 hisobida imkoniyat boy berildi.

RAQIBLAR

Paragvay

Paragvay "J" guruhi favoritlaridan biri sifatida etirof etilayotgan bo'lsa-da, saralashdagi natijalari o'ta havas qilarli darajada emas. Yo'l-yo'l ranglilar Janubiy Amerika chempionatida 5-o'rinni qo'lga kiritgan holda jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi. Guruh bosqichida Kolumbiya, CHili, Argentina va Peru bilan bir guruhdan olgan Mariano Uglessich shogirdlari 4-o'rinni egalladi.

5–8-o'rinlar uchun bellashuvlarda esa dastlab Ekvador, so'ngra Argentina penaltilar seriyasida mag'lub etildi.

Paragvayning kichik mundialda ishtirok etadigan tarkibida deyarli mahalliy liga ishtirokchilaridan iborat. Faqatgina Leo Kristaldo Argentinaning "Veles" klubi sharafini himoya qiladi.

 

Panama

Panama SHimoliy va Markaziy Amerika mamlakatlaridan iborat CONCACAF mintaqasi saralash bosqichida Dominikan Respublikasi, Aruba va Grenada bilan bir guruhdan o'rin olib, peshqadam sifatida kichik mundial yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Panama tarkibi ham mahalliy liga futbolchilaridan iborat. Faqatgina Estevis Lopes Argentinaning "River Pleyt" klubi azosi hisoblanadi.


Irlandiya Respublikasi

Irlandiya Evropa mintaqasida Belgiya, Polsha va Islandiya bilan bir guruhdan o'rin olib, eng yaxshi 2-o'rinlar qatorida jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Irlandiya tarkibida boshqa mamlakat chempionatlarida to'p tepadigan futbolchilar bisyor. Jumladan, "Hoffenhaym", "Nyukasl", "Bryugge", "Byornli", "Benfika", "Loryan", "Sautgempton" jamoalaridan o'spirinlar jalb etilgan.

XULOSA

O'zbekiston terma jamoasi mundial oldidan turli qita jamoalariga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko'rdi. Menimcha, "oq bo'rilar" uchun guruhdan chiqish muammoga aylanmaydi. Pley-off bosqichida esa ko'p narsa qaysi raqib duch kelishiga bog'liq. O'ylashimizcha, jahon chempionatida "qosh qoqishlar"ga ko'p marotaba guvoh bo'lamiz.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: