Polshalik tennis malikasi 77 daqiqa davom etgan uchinchi davra bahsida WTA reytingida 54-o'rinni egallab turgan amerikalik Daniel Kollinzni 6/2, 6/3 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan 10-uchrashuvi bo'ldi. Hisob esa Iga foydasiga yiriklashdi - 8:2.
Ikkala tennischi ham 2 tadan eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar 3 ga 1 ko'rinishida Kollinz, breyklar esa 4 ga 0 holatida Svyontek foydasiga hal bo'ldi. Endi polshalik tennischi 1/8 finalda daniyalik Klara Tausonga qarshi kortga chiqadi.