SportUz.Net
photo photo

Yarim asr kamera bilan birga

03.06.2021 13:50    


Rasmni yuklab olish

Butun umrini sportga bag'ishlagan inson tarixi.

O'tgan hafta Toshkentda og'ir atletika bo'yicha yoshlar o'rtasida jahon chempionati bo'lib o'tganidan xabaringiz bor. Tantanali ochilish marosimida ko'plab operator va fotosuratchilar faol ishlashdi. Eng maqbul rakursni tanlashga harakat qilayotgan tajribali operatorga qarab sportimiz faxriylari “Anvar aka yoshlardan ham chaqqon-a, qoyil!” deyishgani etiborni tortdi. O'ylab qarasam, Anvar aka Avazxo'jaev naq 75 yoshga kirib qo'yibdi.

Yarim asrdan oshiq davr mobaynida kino, tele, videokamera hamda fotoapparat bilan do'st tutingan, 400dan ziyod hujjatli, manzarali, ilmiy-ommabop filmlar va roliklar muallifi bo'lgan serqirra ijodkorni ko'plab soha vakillari juda yaxshi bilishadi. Ayrimlari haqida alohida eslab o'tishni joiz topdik.

To'rt yillikning eng nufuzli sport musobaqalari olimpiya o'yinlarini tasvirga tushirish hammagayam nasib etavermaydi. Anvar aka 1988 yildan boshlab naq ettita olimpiadada ishladi. Mamlakatimiz sportchilarining xalqaro arenalarda qo'lga kiritgan ko'plab ajoyib g'alabalarini tarix uchun muhrladi. 2000 yili O'zbekiston bayrog'i ostida yozgi olimpiadalarning dastlabki chempioni bo'lgan Muhammadqodir Abdullaev bilan ilk eksklyuziv intervyuni aynan Anvar aka tasvirga tushirgan. 2008 yili Pekinda dzyudo bo'yicha finalga etib borgan Abdulla Tangriev haqidagi “Tillakamarlik polvon” hujjatli lentamizni yaratish jarayonida operatorimiz mashhur sportchi tug'ilib voyaga etgan Surxondaryoga maxsus safarga borib film yanada tasirli chiqishi uchun zarur lavhalarni olib kelgan.



Professional boksda eng obro'li sanalmish o'ta og'ir vazn toifasida andijonlik Ruslan CHagaev engilmas chempion Nikolay Valuevga qarshi jang o'tkazish huquqini qo'lga kiritganida Anvar aka hujjatli film ishlashni taklif qildi. Tajribali operatorimizning bisotida Ruslan o'smirligida Moskvada o'tgan Butunjahon yoshlar o'yinlaridagi ishtiroki, Andijondagi maktabda mashg'ulotlarda shug'ullanayotgan kadrlar saqlanganiga qoyil qolgandik. Tasvirlash uchun videolavhalar etarli bo'lganida scenariy yozishim ham engil kechdi. Butun dunyo etiborini tortgan jang arafasida O'zbekiston televideniesida premerasi bo'lib o'tgan “Ringga chaqiriladilar: Ruslan CHagaev...” hujjatli filmi mutaxassis va muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Keyin esa Anvar aka bahaybat Valuevni ishonchli tarzda taslim qilgan CHagaev diyorimizga qaytganida hamrohlik qilib yana ko'plab lavhalarni suratga oldi.

1998 yili futbol bo'yicha jahon chempionatini Franciya qabul qilgan edi. Biz Anvar aka bilan mundial shukuhidan bahramand bo'lganmiz. Tasvir nuqtai nazaridan chempionat atrofidagi voqea-hodisalarni imkon qadar to'la yoritishga harakat qilgan operatorimiz Tuluza meriyasi oldidagi maydonda argentinalik va yaponiyalik ishqibozlarning o'zaro to'p tepib bahslashganidagi shijoat va do'stona tabassumni ko'rsatganini, tashkiliy qo'mita vakilining shaharlarni bezashga qanday etibor qaratilgani haqidagi hikoyasini lavhalar bilan tasdiqlab to'ldirganini, Fantomas va komissar Jyuv haqidagi mashhur komediyalar tasvirga olingan Karkasonda braziliyalik muxlislar nafaqat futbol, balki boshqa sohalarga qiziqishini ochib berganini, jahon chempionatiga borgan yurtdoshlarimizning mundial haqidagi fikr-mulohazalarini francuz shaharlari fonida o'ziga xos rakurs ostida suratga tushirganini O'zbekiston televideniesining turli kanallarida efirga berilgan lavhalarda tomosha qilganlar yuksak baholashgan.



Anvar aka mustaqillik yillarida yurtdoshlarimiz qatnashgan Osiyo o'yinlarining aksariyatida ishlagani etiborga loyiq. U fotosuratchi Anvar Ilyosov bilan birga bunday kompleks musobaqalarga ilk bora tashrif buyurgan yosh hamkasblariga tavsiya va maslahatlari bilan yordam berganini takidlash darkor. Bu kabi musobaqalarda sportning ko'plab turlari bo'yicha bahslar erta tongdan to kechga qadar birin-ketin va parallel ravishda o'tkaziladi. Operatorimiz o'zbek atletlarining yutuqlarini tarixda qoldirish uchun bir arenadan boshqasiga juda tez etib borishi hamda o'z ishini sifatli bajarish uchun qulay joy topishiga tan berganmiz. Osiyo o'yinlaridan qaytgach Anvar aka o'ziga xos hisobot tarzida hujjatli filmlarni yaratishi ananaga aylangan. Jumladan, “Dohaning oltin quyoshi” filmimiz bir qator tanlovlarda sovrindor bo'lgan.

Anvar Avazxo'jaevning bisotida sport kurashlari bilan bog'liq materiallar juda ko'p. Yurtimiz va xorijda o'tkazilgan nufuzli musobaqalarda o'zbek polvonlari qo'lga kiritgan g'alabalarning aksariyatini tasvirga tushirib, muxlislarga etkazgan. Umuman olganda, sport sohasiga oid 80dan ziyod filmni yaratishda tajribali operatorimiz fidoyilik ko'rsatgani tahsinga loyiq.



SHu o'rinda yana bir faktni takidlab o'tish zarur. 2000 yillar avvalida samolyotlarda videotasvir namoyish qiluvchi ekranlar urfga aylana boshladi. Anvar akaning say-harakatlari bilan havo kemalarimizda O'zbekistonning tarixiy shaharlari, diqqatga sazovor obidalari, hunarmandchilik namunalari haqidagi filmlar namoyish etila boshlandi. Layner xorijdagi aeroportdan samoga ko'tarilganda oldinda kutib turgan O'zbekistonning tarixi, buguni, tabiati, mevalari, gullari namoyish etilsa, aytaylik, Samarqandga qo'nish arafasida ushbu ko'hna va hamisha navqiron shahar haqida film yo'lovchilar etiboriga havola etilgan. Keyinchalik kemalarimiz parvoz qiladigan chet el shaharlariga qo'nishdan oldin bu diyorda nimalar kutayotgani hamda mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stona aloqalar xususida filmlar bevosita Anvar Avazxo'jaev ishtirokida tasvirga olinib, namoyish qilina boshlagan.

Tabiatni juda yaxshi ko'radigan operator ko'plab filmlarida yurtimizning jannatmonand o'lka ekanini, hayvonot va qushlar olamimizning o'ziga xosligini ko'rsatishga muvaffaq bo'lgan. Esimda, “O'zbekiston kabutarlari” filmi uchun material to'playotgan Anvar aka Tailand poytaxti Bangkokda kabutarlar ko'rgazmasini sinchkovlik bilan tasvirga tushirib, keyinchalik bizdagi kabutarlar bilan taqqoslagani lentani boyitishga xizmat qilgan.



Umuman olganda, tajribali tasvirchi har qanday vaziyatga o'ziga xos nazar bilan boqishi tahsinga sazovor. Etirofga loyiq kadrni suratga olish uchun kechayu-kunduz ishlashga tayyor Anvar akaning g'ayrati odatda biz kabi hamkorlari, hammualliflariga ko'chadi. Pattayyaga ketayotgan mashinani to'xtatib, plantaciyadagi baland daraxtdan aynan o'zimiz banan terayotganimiz, yoki dunyoga dong'i ketgan orxideyalar majmuasida bevosita biznikilar yurganini ko'rsatishga etibor qaratishi o'zbek tomoshabiniga alohida tasir qilishini takidlashdan charchamaydi.

Anvar aka barcha bilan o'ta samimiy, muloyim muloqot qilishi, odamiylikni birinchi o'ringa qo'yishi bois hurmat-etibor qozongan. Ko'p yillar mobaynidagi fidoyi mehnati davlatimiz tomonidan yuksak baholangan: “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga loyiq ko'rilgan.

Anvar aka Avazxo'jaev yana ko'p yillar mobaynida yangi va yangi asarlari bilan barchamizni xursand qilishlariga tilakdoshmiz.


Mirzahakim To'xtamirzaev



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: