SportUz.Net sayti muhbiri boks bo'yicha terma jamoa murabbiyi, taniqli charm qo'lqop ustalarimiz hamyurtlarimizning jangi haqida qanday fikrda ekanligiga qiziqdik.
Farruh Qilichev - boks bo'yicha terma jamoa murabbiyi: “Bektemir haqida gapiradigan bo'lsak - u hozir juda yaxshi sport formasida, buni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirayotgan mashg'ulot jarayonlaridan ham bilsak bo'ladi. Murabbiy sifatida Meliqo'ziev eng yuqori sport formasiga chiqqan desam ham adashmagan bo'laman. Jangda yaqqol ustunlik qiladi, 2-raund, uzog'i bilan 4-raundda raqibini nokautga uchratadi.
Elnur haqida ham yuqoridagi fikrlarni bildirishim mumkin. Uni ham mashg'ulotlarini internet orqali kuzatib boryapmiz. U ham 4-raundda jangni o'z foydasiga hal qiladi. In SHaa Alloh, har ikki bokschimiz nokaut bilan g'alaba qozonadi”.
Odiljon Aslanov - terma jamoa azosi: “Biz O'zbekiston bokschilariga raqib kimligining ahamiyati yo'q. CHunki bizni doimo duo qilib, qo'llab-quvvatlaydigan xalqimiz bor. Biz vakillarimizga ishonamiz, duo qilamiz, ularga muxlislik qilamiz. Nasib qilsa, ular albatta g'alaba bilan bizni xursand qiladilar”.
Qudratillo Abduqahhorov - professional bokschi: “Elnur ham Bektemir ham nokaut bilan g'alaba qozonadi. Men bunga ishonaman. CHunki ular chapaqay. CHapaqaylarda raqibning jigar qismiga urish juda qulay. Bu bokschilarimizning eng katta ustun jihati hisoblanadi”.
Iqboljon Xoldorov - terma jamoa azosi: “To'g'risini aytsam, Bektemir va Elnur akani raqiblarini u qadar yaxshi bilmayman. SHuning uchun aniq biror gap aytolmayman. Ular jangga yaxshi tayyorgarlik ko'rishdi. Har ikki bokschimiz o'z foydalariga jangni muddatidan oldin yakunlashadi”.
Bobousmon Baturov - terma jamoa azosi: "Katta ehtimol bilan hamyurtlarimiz jangni oxiriga etkazmay g'alabaga erishadilar. Yana ham bu - boks. Bitta zarba hammasini hal qilib qo'yishi mumkin. Jangni Bektemir 1 yoki 2-raund, Elnur esa 3-4-raundgacha olib borishadi deb o'ylayman”.
Rustam To'laganov - professional bokschi: "Har ikki bokschimizning shu paytgacha bo'lgan faoliyatiga qaraydigan bo'lsak, janglar 5-raundgacha ham bormasa kerak deb o'ylayman. CHunki bizning bokschilar yosh va juda kuchli. Raqiblarining imkoniyatlariga katta baho bermagan bo'lardim".
Sarvinoz Raxmonqulova tayyorladi